Tadqiqot: O`zbekistonliklar yo`llarning umumiy holati va piyodalar xavfsizligidan jiddiy havotirda

08.06.2025 13:24


O`zbekistondagi avtomobil yo`llarining umumiy holati va piyodalar xavfsizligi borasida aholi o`rtasida jiddiy tashvish mavjud. Bu “Yuksalish” harakati tomonidan “Avtomobil yo`llarida transport vositalari va piyodalarning xavfsiz harakatini ta`minlash, avtomobil yo`llari va ichki yo`llar holati bo`yicha” aholi o`rtasida o`tkazilgan ijtimoiy so`rovda ma`lum bo`ldi

Aholida salbiy munosabat mavjud

So`rovda jami 2743 nafar respondent qatnashib, ularning 46,36 foizi qishloqda yashovchilar va 44,94 foizini shahar aholisini tashkil etdi.

Respondentlarning 35,55 foizi o`z yashayotgan hududidagi avtomobil yo`llarining umumiy holatini “yaxshi”, 27,95% - “qoniqarli”, 18,01% - “qoniqarsiz”, 10,38% - “a`lo”, 7,71% esa “juda yomon” baholadi. 

Bu aholi o`rtasida yo`llarning holati va ularda amalga oshirilayotgan ishlarga nisbatan salbiy munosabat borligini aks ettiradi. 

Ichki yo`llar bo`yicha vaziyat qanday?

Yashash hududlaridagi ichki yo`llarning umumiy holatini ishtirokchilarning 33,1% - “yaxshi”, 27,62% - “qoniqarli”, 19,69% - “qoniqarsiz”, 9,68% - “juda yomon”, 9,28% - “a`lo” baholagan. Bu ko`rsatkich aholining ichki yo`llar holatiga bo`lgan munosabati asosiy avtomobil yo`llariga nisbatan salbiy ekanligini anglatadi. 

So`rovnomadagi “Oxirgi yillarda yashash joyingizda avtomobil yo`llari ta`mirlanganmi?” degan savolga ishtirokchilarning aksariyati (47,23%) “ha” deb javob bergan bo`lsa, 26,17% respondent “yo`q” javobini belgilagan. Ushbu ta`mirlash ishlarining asosiy qismi yangi asfalt yotqizish (28,72%) va eski asfaltni yangilash (13,96%) ishlari tashkil qilishi bildirilgan. 

Piyodalar yo`lakchalari qanchalik xavfsiz?

Respondentlarning 39,24% o`zi yashaydigan hududdagi avtomobil yo`llari piyodalar uchun xavfsiz emasligini qayd etgan bo`lsa, 38,98% “o`rtacha” va 21% “xavfsiz” deb javob bergan. Shu bilan birga, so`rov ishtirokchilarining 40,99% aholi punktlaridan o`tgan avtomobil yo`llaridagi piyodalar kesib o`tish joylarida xavfsizlik ta`minlanganini qayd etgan bo`lsa, 30,87% xavfsizlik ta`minlanmagan, deb javob bergan, 27,07% esa xavfsizlik “etarlicha emas”ligini bildirgan. Ushbu raqamlar aholi punktidagi piyodalar xavfsizligi bilan bog`liq infratuzilmada kamchiliklar borligini ko`rsatdi. 

Shuningdek, 44,61% respondent o`z yashash hududida piyodalar yo`laklari (trotuarlar) borligini qayd etgan bo`lsa, 28,75% “yo`q” va 25,47% “to`liq emas” deb javob bergan.

Piyodalar yo`laklarining nogironligi bor (aravachadagi) insonlar uchun qulayligi bo`yicha 39,82% respondent “qisman qulaylik bor”, 38,98% - “qulay emas”, 20,64% - “qulay” deb javob bergan. 

Qanday takliflar bor?

Yo`llarni yaxshilash va xavfsizlikni ta`minlash uchun, asosan, yo`llarni kengaytirish, sifatli ta`mirlash ishlarini amalga oshirish hamda yo`l infratuzilmasini yaxshilash bo`yicha takliflar bildirilgan. 

So`rov natijalari O`zbekistondagi avtomobil yo`llarining umumiy holati va piyodalar xavfsizligi borasida aholi o`rtasida jiddiy tashvish mavjudligini tasdiqladi. Ayniqsa, yo`llar holatiga nisbatan bildirilgan salbiy fikrlar, piyodalar uchun xavfsizlik darajasining pastligi, piyodalar yo`laklari va nogironligi bo`lgan shaxslar uchun qulay infratuzilmaning etarli emasligi bu sohadagi tizimli muammolarni ochiq-oydin namoyon qilmoqda. Mavjud infratuzilmaviy kamchiliklar faqat transport harakatining samaradorligiga emas, balki aholi, xususan, bolalar hayoti va salomatligiga ham to`g`ridan-to`g`ri xavf tug`dirayotganini alohida ta`kidlash lozim.

Bugungi kunda odam o`limi bilan yakunlanayotgan yo`l-transport hodisalari sonining ortishi yo`llarda aholi xavfsizligini ta`minlashda ilg`or yondashuvlar va tizimli islohotlarni amalga oshirish zarurligini anglatadi. Shundan kelib chiqib, Harakat va ekspertlar tomonidan sohada amalga oshirilishi zarur bo`lgan quyidagi takliflar ishlab chiqildi: 

- etishmayotgan yo`l belgilarini o`rnatish, ortiqcha va noo`rinlarini olib tashlash bo`yicha davlat dasturini qabul qilish;

- yo`l chiziqlari sifati va standartlarga muvofiqligini qat`iy nazorat qilish;

- yo`l harakatini tashkil etishning barcha texnik standartlarini (belgilar, chiziqlar, yo`l qoplamasi sifati, masalan, "koleynost") zamonaviy xalqaro me`yorlar asosida yangilash; 

- yangi qurilayotgan va rekonstruksiya qilinayotgan barcha yo`l obektlarini nogironligi bo`lgan shaxslar va mustaqil harakatlana olmaydigan aholi uchun to`liq moslashtirishni majburiy standart qilib belgilash;

- har bir yo`l uchastkasining aniq egasini belgilab, javobgarlikni kuchaytirish; 

- jarimalar miqdorini ijtimoiy xavflilik darajasi va aholining to`lov qobiliyatidan kelib chiqib belgilash. Jarimadan tushgan mablag`larning maqsadli (yo`l infratuzilmasi va xavfsizlikka) yo`naltirilishi va shaffofligini ta`minlash; 

- barcha yo`l loyihalarini amalga oshirishdan avval mustaqil ekspertlar tomonidan majburiy xavfsizlik auditidan o`tkazish tizimini joriy etish; 

- yo`l belgilari va chiziqlarini o`rnatishga mas`ul SMEUni IIV tarkibidan chiqarib, mustaqil tashkilotga aylantirish yoki alohida nazorat organi tuzish; 

- mavjud shaharsozlik normalari va qoidalarini (ShNQ) piyodalar (shu jumladan, nogironligi bor shaxslar) va velosipedchilar uchun xavfsiz, uzluksiz va yoritilgan yo`laklar yaratish talablari bilan qayta ko`rib chiqish va ularning bajarilishini qat`iy nazoratga olish; 

- muhim va YTH xavfi yuqori bo`lgan hududlarda, ayniqsa, maktablar atrofida, ob-havo va kunning vaqtiga qarab o`zgaruvchan (dinamik) tezlik cheklovlarini ko`rsatuvchi elektron yo`l belgilarini sinov tariqasida joriy etish; 

- har bir tuman/shahar YHXB va yo`l xo`jaligi tashkilotlari rahbarlarining o`z hududidagi yo`llar holati, YTHlar soni va jamoatchilik shikoyatlari asosida ochiq reyting tizimini joriy etish va natijalarini e`lon qilib borish; 

- har bir maktab uchun o`quvchilarning uyidan maktabgacha bo`lgan eng xavfsiz piyoda yo`nalishlarini (yoritilgan, piyodalar o`tish joylari mavjud) aks ettiruvchi interaktiv xaritalar ishlab chiqish va ularni ota-onalar hamda o`quvchilarga taqdim etish; 

- jamiyatda yo`l harakati qoidalariga rioya qilish madaniyatini oshirish, piyodalarga hurmat va o`zaro yordam tamoyillarini targ`ib qiluvchi ijtimoiy roliklar, ta`lim dasturlari va jamoatchilik aksiyalarini o`z ichiga olgan uzoq muddatli milliy dastur ishlab chiqish va amalga oshirish; 

- aholiga nosoz svetoforlar, yaroqsiz yoki noto`g`ri o`rnatilgan yo`l belgilari haqida maxsus qisqa raqam yoki mobil ilova orqali tezkor xabar berish imkoniyatini yaratish va bunday murojaatlarga 24 soat ichida javob qaytarilishini ta`minlash; 

- barcha darajadagi (respublika, viloyat, tuman/shahar) yo`l qurilishi, ta`mirlash va harakat xavfsizligini tashkil etishga oid loyihalarni tasdiqlashdan oldin, ularning mustaqil transport ekspertlari, shaharsozlar, nogironligi bo`lgan shaxslar vakillari va faol fuqarolardan iborat ekspert-jamoatchilik kengashlari tomonidan majburiy ekspertizadan o`tkazilishi hamda ijobiy xulosasi olinishi tartibini kuchaytirish.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
0
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар