"O`zbekiston xalq shoiri" unvonini olmagan xalq shoirlari haqida
Unvon iste`dodi, o`zbek adabiyotiga qo`shgan hissasiga, bo`y-bastiga yoki o`tirgan mansabi, tanish bilishchiligiga qarab beriladimi?
Yoki "buloq boshi"da o`tirgan mulozimlarning shaxsiy qarashlari muhim rol o`ynaydimi?..
Ijodkor Talant Bek (Primov) O`zbekistonda «Xalq shoiri» unvonini olish uchun shoirlar saroy shoiri bo`lishga majbur, degan fikrda. U hozirgacha unvonga ega bo`lgan shoirlarni, e`tibordan chetda qolgan qalam ahli bilan taqqoslagan.
Talant Bekning fikricha, Yozuvchilar uyushmasi haqiqiy iste`dodlar qolib, faqat o`z a`zolarining kitoblarini chop etmoqda.
“…O`sha eski gap. Adabiyot xalqning ruhini belgilaydi. Doim moziyni etaklab millatning millat ekanini namoyon etadi. Adabiyotda yangi gap bo`lmaydi, «rost» gap bo`ladi. Olamning ibtidosi ham so`z bilan boshlangan, intihosi ham so`z bilan tugaydi. So`zning marjondek tizilmasi nazm, «raiyat manzila»si nasr. Dardni ayta olish Parvardigor tomonidan insonga berilgan baxtdir, dardni go`zal qilib qog`ozga tushirish shoirga berilgan oliy tuhfa. Bu qismat shoirlar manglayiga bitilgan bo`ladi. Ular esa millatning «milliyligi» uchun dunyoga kelgan ulug` fidoyilardir. Shoirlar rost so`zni aytar ekan, ularni taqdirlashda ham xolislik va adolat tarozisi mezonlariga mos bo`lishi kerak emasmi?
Millatimiz tarixida turli mansab, unvonlardan yuksak turadigan qalam ahli ko`p bo`lgan. Ularning munosib taqdirlanishi e`tirof, e`tibor ramzi sifatida qaralgan. Ammo, shoirligi yo`q ijodkorni asarlarini o`qishga xalqni qiziqtirish millatga nisbatan xiyonatdir, xiyonat esa kechirilmaydi...
Bu xalq saviyasini tushirishga, tanazzulga olib keladi. Bugun internetda turli saytlarda, TVda, turli gazetalarda chiqayotgan aksariyat no`noq shoirlar bilmaydiki, ular millat ongi pasayishi uchun xizmat qilayotganini.
Bugungi jarayonga nazar tashlaydigan bo`lsak, unvon iste`dodi, o`zbek adabiyotiga qo`shgan hissasigami, bo`y-bastiga yoki o`tirgan mansabi, tanish bilishchiligiga qarab beriladimi?
Masalaga O`zbekiston Yozuvchilar uyushmasi yo buloq boshida o`tirgan mulozimlarning shaxsiy qarashlari muhim rol o`ynaydimi?
Agar «O`zbekiston xalq shoiri» unvoni iste`dodga qarab yoki adabiyotshunoslarning xolis munosabatiga qarab berilsa, «O`zbekiston xalq shoiri» unvoni Yo`ldosh Eshbek, Mirzo Kenjabek, Matnazar Abdulhakim, Shavkat Rahmon, Cho`lpon Ergash, Azim Suyun, Ma`ruf Jalil, Muxtor Komil kabi ijodkorlarga nega berilmagan? Bu shoirlarni bugun xalq allaqachonlar o`zining “xalq shoiri” qilib olganini o`zini ziyoli deb bilgan har bir shaxs juda yaxshi biladi-ku. Shunchaki kun ko`rmay o`tayotgan va o`tib ketgan bu adiblarni e`zozlash fursati hali kelmadimi yo...
«O`zbekiston xalq shoiri» unvoniga tavsiya ham shu darajada. Yo bular shu e`tirofga arzimaydimi? Kim inkor eta oladi?
Yoki Iqbol Mirzo, Mahmud Toir, To`lan Nizom, Enaxon Siddiqova kabi bugungi «fenomen»lar iste`dod borasida ulardan ko`ra arzirliroq, deya kim ilmiy isbotlab bera oladi?
Yo Xalq shoirligi ularning mashhurligi yo kunora TVda, bayram minbarlarida chiqishiga asoslanadimi? Adabiyotda ham adolat bo`lsa qaniydi.
Prezident Shavkat Mirziyoev aytganidek, «Adolat tamoyili ustuvor bo`lishi kerak emasmi?»
Balki o`ylab ko`radigan fursat kelgandir. Yozuvchi va shoirlarni unvonga tavsiya qiladigan, buloq boshida o`tirgan mulozimlarning shaxsiy simpatiyasi vijdon amriga bo`ysunib qolar... Tag`in kim bilsin.
Abdurahmon Jomiy oldiga bir no`noq shoir kelib, «She`rim mashhur bo`lishi uchun uni Samarqandga kirish darvozasiga osib qo`ydim», deganida, Abdurahmon Jomiy hazratlari she`r yoniga o`zingni ham osmabsan- da, hamma seni tanirdi», deb javob bergan ekan.
«O`zbekiston Xalq shoiri» unvonini olish uchun yo «saroy darvozalariga osilib yashash» kerakmi?”.