Toshkentda uy narxlari ham, ijaradan keladigan daromad ham pasaymoqda

23.05.2025 14:42

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) tahliliga ko`ra, Toshkent shahrida ko`p kvartirali uy-joylarga kiritilgan investisiyalar rentabelligining pasayishi davom etmoqda.

Tahlilchilarning ta`kidlashicha, ko`chmas mulk an`anaviy ravishda ijara va mulk qiymatining oshishi orqali barqaror daromad olish vositasi sifatida qaraladi. Biroq so`nggi bir yil ichida bunday investisiyalarning rentabelligi sezilarli darajada pasayib ketdi va allaqachon xorijiy valyutadagi depozitlar bo`yicha daromadlilik bilan tenglashdi.

Institut ma`lumotlariga ko`ra, aprel oyida Toshkent shahrida uy-joyga kiritilgan investisiyalar rentabelligi 6,2 foizgacha pasaygan, bu 2024 yilning apreliga (27,8 foiz) nisbatan 4,5 baravar kam. Ushbu davrda ijaradan olinadigan o`rtacha daromad 10,9 foizdan 8,5 foizgacha, uy-joyning o`rtacha narxi esa 2,4 foizga kamaydi.

Shu bilan birga, uy-joyga kiritilgan investisiyalarning daromadliligi kvartiraning maydoni va xonalar soniga qarab keskin farq qiladi. Eng yuqori daromadni Shayxontohur tumanida bir xonali kvartira sotib olish ko`rsatdi — 25,1% (2024 yil aprel oyida — 41,4%). Shu bilan birga, Mirobod tumanida bu ko`rsatkich atigi 0,4 foizni tashkil etgan (bir yil avval 24,7 foiz).

2 xonali: Yakkasaroy tumani — 16,2% (12,1%), Uchtepa tumani — 2% (27,1%);
3 xonali: Yakkasaroy — 16,8% (27%), Uchtepa — 1,6% (23,6%);
4 xonali: Yakkasaroy — 15,6% (25,2%), Olmazor — 2,5% (21,3%).

Institut hisob-kitoblariga ko`ra, o`tgan yilning bahorida uy-joy sotib olgan investorlar uni o`rtacha 2,4 foizga arzonroqqa sotishga majbur bo`lgan. Xonadonlar narxi Uchtepa (-7,4%), Yunusobod (-4,4%) va Olmazor (-4,2%) tumanlarida eng ko`p pasaygan. Shu bilan birga, Shayxontohur va Yakkasaroy tumanlarida o`sish kuzatildi — taxminan 6%.

Ijaradan olinadigan daromad ham kamaymoqda. Aprel oyida u bir yil avvalgi 10,9 foizga nisbatan o`rtacha 8,1 foizni tashkil etdi. Eng yuqori daromadlilik Mirobod tumanida — 9,2% va Shayxontohur tumanida — 8,9% qayd etildi.

Daromadlilik darajasi bo`yicha investision jozibadorligi yuqoriroq bo`lgan 1 va 2 xonali xonadonlar uchun daromadlilik darajasi mos ravishda 8,5% va 6,3% gacha tushdi. Yanvar oyida ushbu ko`rsatkichlar 14,3% va 7,5% ni tashkil etib, 2024 yilning aprel oyiga (mos ravishda 30,2% va 25,5%) nisbatan sezilarli darajada kamaygan edi.

Shuningdek, aprel oyida 3 va 4 xonali xonadonlar uchun daromadlilik ko`rsatkichi 6,7% va 3,3% gacha kamaydi (2024 yil aprelda — 24,9% va 30,6%).

Taqqoslash uchun: institut ma`lumotlariga ko`ra, aprel oyida milliy valyutadagi muddatli depozitlar bo`yicha o`rtacha stavka 22 foiz, xorijiy valyutadagi o`rtacha stavka esa 5,1 foiz atrofida bo`lgan. Shunday qilib, so`mdagi omonatlarning daromadliligi uy-joyga investisiyalar daromadliligidan ikki baravar yuqori bo`ldi, deya ta`kidladi institut.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
0
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар