Butun dunyo bo`ylab 1 millionga yaqin o`simlik va hayvon turlari yo`q bo`lib ketish xavfi ostida turibdi. Bu haqda 22 may “Xalqaro biologik xilma-xillik kuni”da Birlashgan Millatlar Tashkiloti xabar berdi.
Ma`lumotlarga ko`ra, biologik xilma-xillik insoniyat uchun beqiyos qadriyat bo`lishiga tobora ko`proq e`tibor qaratilayotganiga qaramay, inson faoliyati oqibatida u jadal sur`atlarda kamayishda davom etmoqda. Xususan, butun dunyo bo`ylab 1 millionga yaqin o`simlik va hayvon turlari yo`q bo`lib ketish arafasida.
“Biologik xilma-xillik – bu hayot asosidir, barqaror rivojlanishning poydevoridir”, dedi BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish ushbu kun munosabati bilan qilgan murojaatida.
Ammo uning aytishicha, insoniyat biologik xilma-xillikni chaqmoqdek tezlikda yo`q qilmoqda. Buning sabablari: atrof-muhitning ifloslanishi, iqlim inqirozi, ekotizimlarning emirilishi va qisqa muddatli manfaatlar ta`qibi.
“Biologik xilma-xillikning yo`qolishi global muammodir va uni hech bir davlat qanchalik boy yoki qudratli bo`lmasin, yolg`iz o`zi hal qila olmaydi. Shu bilan birga, hech bir mamlakat boy biologik xilma-xilliksiz yashay olmaydi”, deydi Antoniu Guterrish.
U ishlab chiqarish va iste`molga bo`lgan yondashuvlarni tubdan o`zgartirishga, shuningdek, Kunming-Monreal global biologik xilma-xillik dasturini to`liq amalga oshirishga chaqirmoqda.
Ushbu dasturda 2050 yilgacha tabiiy resurslar yo`qolishini to`xtatish va bu jarayonni orqaga qaytarishga qaratilgan aniq maqsad va vazifalar belgilangan.