O`zbekistonda is gazi qurbonlari ortib bormoqda. Holatga echim sifatida jahon tajribasi qanday?

23.05.2025 09:56

Yurtimizda is gazi qurbonlari yildan-yilga oshib bormoqda. Nima uchun dunyoda hatto o`simlig-u, hayvonlar joni uchun kurashilayotgan bir davrda, bizda oliy tafakkur egalari bo`lgan odamzod birgina gaz tufayli o`lib ketaveradi? Eng achinarlisi, bunday qurbonlar odatda bittalab emas, butun oila bilan yoki oilaning bir necha a`zolariga baravar jabr etkazadi. Joriy yilning 9 may kuni Samarqandda gaz-havo aralashmasining chaqnashi oqibatida 7 nafar kishidan iborat butun boshli oila a`zolari halok bo`ldi. Qurbonlar orasida hali voyaga etmaganlar ham bo`lgan. 

“Hududgazta`minot” AJ axborot xizmatining ma`lum qilishicha, 2024 yil boshidan noyabr oyi oxiriga qadar respublika bo`yicha gaz bilan bog`liq jami 74 ta (2023 yil — 86 ta) holatlar sodir bo`lgan. Mazkur holatlar oqibatida 82 nafar (2023 yil — 88 ta) fuqarolar vafot etgan va 80 nafar (2023 yil — 119 ta) fuqarolar turli darajadagi tan jarohatlari olgan. Ayrim holatlarda esa, dudbo`ron nosozligi oqibatida oilaning barcha a`zolari is gazidan zaharlanib vafot etgan.

Hodisalar fuqarolar is gazining xavfli ekanligini to`la-to`kis his etmasliklari, targ`ibotga ishonmasligi, nostandart, qo`lbola, xavfsizlik talablariga javob bermaydigan nosoz jihozlardan hamda dudbo`ron, shamollatish tizimlarini tekshirmasdan ishlatishi yoki noto`g`ri o`rnatilgan dudbo`rondan foydalanganliklari oqibatida sodir bo`lgan deb topilgan.

Tashkilot turli viloyat va hududlarda is gazidan zaharlanishning oldini olish, tabiiy gazdan to`g`ri foydalanish bo`yicha olib borayotgan targ`ibotlari yuzasidan rasmiy sahifalariga xabarlar joylab boradi. Ushbu harakatlar kimlardir uchun manfaatli xizmat qilgan bo`lsa, bu sa`y-harakatlarni fuqarolar faqat quloqda eshitib, ko`zi bilan ko`rmagan holatlar ham kam emas.

2025 yilda ham is gazidan zaharlanish kabi ko`ngilsiz holatlar davom etmoqda. Sodir bo`lgan voqealarning o`xshash jihati, ko`p oilalar sovuq kunlarda tabiiy gazdan isitish vositasi sifatida foydalanganidan yuzaga kelgan. Sovuqdan azob chekmaslik, ya`ni yashash uchun fuqaro oxir borib is gazi qurboni bo`lmoqda. Bu holatlarning oldini olishda yurtimizda amaliy chora ko`rish bilan hech kim shug`ullanmaydimi? Faqatgina “Biz ogohlantirdik, ammo ular amal qilmadi” kabi tamoyil bilan ish bitmaydi.

Joriy yilning 31 mart kuni Andijon viloyati Izboskan tumanidagi masjid portlashi ham gaz sizib chiqishi oqibatida sodir bo`lgan edi. 

Ya`ni, "Ahmadali xoji" masjidining tahoratxona binosi erto`lasida isitish moslamalariga ulangan gaz quvurlaridan sizib chiqqan tabiiy gaz xona ichiga to`planib qolgan. Elektr energiyasi yoqilgan vaqtda chaqnash sodir bo`lib, bino qulab tushgan. Oqibatda 3 nafar fuqaro halok bo`lib, 10 kishi tan jarohati olgan. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo`zg`atilgan edi.

Ammo bu voqea muammolarga vaqtida e`tibor qaratilmagani, nazoratning susaygani va xavfsizlik choralari etarli darajada ko`rilmagani oqibatidir. 

Bunday fojialarning oldini olish uchun birinchi navbatda, jamoat joylaridagi isitish va gaz tizimlari doimiy va puxta texnik ko`rikdan o`tkazilishi zarur. Ayniqsa, erto`lalarda o`rnatilgan gaz uskunalari maxsus mutaxassislar tomonidan nazoratga olinishi, ularning yaroqlilik muddati, o`rnatilish sifati va xavfsizlik talablariga javob berishi qat`iy tekshirilishi lozim.

Jahon tajribasiga yuzlanadigan bo`lsak, 2022 yil 1 oktyabrdan boshlab, Angliyada barcha ijaraga beriladigan uy-joylarda quyidagi talablar joriy etilgan:

Har bir yashash uchun mo`ljallangan qavatda tutun signalizatori o`rnatilishi shart;

Yoqilg`i bilan ishlovchi (gaz, yog`, ko`mir va boshqalar) stasionar qurilma mavjud bo`lgan har bir xonada is gazini aniqlovchi detektor o`rnatilishi majburiy hisoblanadi. Agar detektorlar nosoz bo`lsa, xabardor qilinganidan so`ng ularni ta`mirlash yoki almashtirish talab etiladi. Ushbu talablarni bajarmagan ijarachilarga mahalliy hokimiyat tomonidan 5 000 funt sterlinggacha jarima solinishi mumkin.

Shuningdek, Angliyada barcha gaz bilan ishlovchi qurilmalar (masalan, gaz pechlari, suv isitgichlari) yilda kamida bir marta "Gas Safe" ro`yxatidan o`tgan muhandislar tomonidan tekshirilishi qonun bilan belgilangan. Uy egasi o`zi taqdim etgan gaz ta`minoti va jihozlarining xavfsiz holatda bo`lishi, faqat Gas Safe ro`yxatidan o`tgan muhandis tomonidan o`rnatilgan yoki ta`mirlangan bo`lishi hamda har 12 oyda ana shu muhandis tomonidan tekshirilib turilishiga ishonch hosil qilishi shart.

Ma`lumot uchun, O`zbekistonda iste`molchilar gaz bilan bog`liq buyurtmalar, avariyalar va murojaatlar bilan har bir tuman/shahar gaz ta`minoti bo`limlaridagi 104 avariya xizmatlari yoki 1104 “Call-markaz” qisqa raqamli telefonlari hamda “Xavfsiz gaz” telegram guruhlari orqali murojaat etishi mumkin.

Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining gazdan turmushda foydalanishda yuzaga kelishi mumkin bo`lgan baxtsiz hodisalarni tekshirish hamda hisobga olish tartibini belgilash bo`yicha qarori mavjud. Unga ko`ra:

Turarjoylarda, jumladan ko`p kvartirali uylarda maishiy ehtiyojlar uchun tabiiy va suyultirilgan uglevodorod gazi, qattiq yoqilg`i yoki neft mahsulotlaridan foydalanishda aholi bilan bog`liq baxtsiz hodisalarning oldini olish maqsadida:

—Favqulodda vaziyatlar vazirligi va uning hududiy yong`in nazorati organlari tomonidan har yilgi isitish mavsumi boshlanishidan oldin jismoniy shaxslarning turarjoylaridagi dudbo`ron va shamollatish kanallarining texnik holati tekshirilishi, aniqlangan nosozliklar bartaraf etilishi hamda profilaktik xizmatlar tizimli ravishda yo`lga qo`yilishi;

—Uy-joy kommunal xizmat ko`rsatish vazirligi, Energetika vazirligi va "Hududgazta`minot" AJ tomonidan turarjoylarda, jumladan ko`p kvartirali uylarda gazdan foydalanish bo`yicha belgilangan xavfsizlik qoidalariga rioya qilinishi holatlari doimiy o`rganilib, aniqlangan muammo va nosozliklar bartaraf etilishi kerak.

Shuningdek, xonadonlarning ichki gaz tarmoqlari hamda gazdan foydalanish uskunalari va jihozlari belgilangan muddatlarda texnik ko`rikdan o`tkazilib, ularga profilaktik xizmatlar ko`rsatilishi lozimligi belgilangan.

Ushbu qaror amalda qay darajada ekanini bilish maqsadida "Hududgazta`minot" AJ matbuot kotibidan ma`lumot olish maqsadida telegram sahifasiga savol yo`llaganimizda, o`qib javob qaytarmadi. Telefon raqamiga esa bog`lana olmadik.

Matbuot kotibi – axborot almashinuvi uchun mas`ul shaxs. U jurnalistlar bilan muloqotda bo`lishi, savollarga o`z vaqtida javob berishi kerak. Ammo agar jurnalistning savolini ko`rib turib be`etibor qoldirsa, oddiy fuqarolar undan qanday munosabat kutishi mumkin?

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
0
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар