“Biznesni rivojlantirish banki” ATB qurilish sohasida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlardan iborat bank mijozlari uchun bir qator yangi loyiha va xizmatlarning taqdimotini o`tkazdi.
“Biznesni rivojlantirish banki” “Kichik biznesni uzluksiz qo`llab-quvvatlash” kompleks dasturining asosiy tayanch banki sifatida biznesni qo`llab-quvvatlashga, xususan, qurilish sohasida faoliyat ko`rsatayotgan tadbirkorlar uchun yanada qulay sharoitlar yaratishga intilmoqda.
Dastlab tadbirkorlar, keng jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari vakillari, faollar oldida qurilish sohasida faktoring xizmatlari afzalliklari va uni rivojlantirish istiqbollariga oid ma`lumotlar taqdim etildi.
Jumladan, tadbirkorlarning aylanma mablag`lar bilan ta`minlanishida Faktoring moliyaviy intrumentining ahamiyati haqida bankning Kichik biznes departamenti tomonidan taqdimot o`tkazildi.
Ta`kidlanganidek, O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 12 avgustda qabul qilingan PF-109 sonli “Faktoring xizmatlari bozorini rivojlantirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi Farmoni yurtimizda tadbirkorlikni rivojlantirish, aholining turmush tarzini yaxshilash, yangi ish o`rinlarini yaratishga xizmat qilmoqda. Farmon ijrosi doirasida tadbirkorlik faoliyatini moliyalashtirish, kichik va o`rta biznes sub`ektlari faoliyati uzluksizligini ta`minlash, imkoniyatlarini oshirish maqsadida “Biznesni rivojlantirish banki” ATB tomonidan faktoring xizmati yo`lga qo`yilgan.
Faktoring – xo`jalik yurutuvchi sub`ektlar (etkazib beruvchilar)ni moliyalashtirishga doir bank xizmatlaridan biri bo`lib, bunda ular bank (moliya agenti)ga etkazib berilgan tovarlar, bajarilgan ishlar yoki xizmatlar uchun to`lovchilar tomonidan akseptlangan, lekin to`lov talabnomalari bo`yicha to`lov qilinmagan to`lovni, regress huquqisiz olish huquqi”.
Ishtirokchilarga tadbirkorlar o`rtasidagi moliyaviy munosabatlarda faktoring xizmatidan foydalanish shartlari va ahamiyati xususida batafsil ma`lumot berildi. Jumladan, tovar yoki ko`rsatilgan xizmatlar uchun to`lovni an`anaviy hamda faktoring instrumenti orqali amalga oshirishning farqlari misollar asosida ko`rsatib berildi.
So`zga chiqqanlar faktoring biznesni moliyaviy qo`llab-quvvatlashning qulay vositasi ekanini bildirishdi. Masalan, etkazib beruvchi mijozga xizmat yoki tovar etkazdi, ammo hali to`lov qilinmagan. Bu vaziyatda bank yoki faktoring kompaniyalari yordamga keladi. Ular qarzning (kamida 80-90 foizini) to`lab beradilar, mijoz esa keyinchalik belgilangan muddatda qarzni bankka qaytaradi. Bunda 2.5 foizdan 10 foizgacha bo`lgan diskont, ya`ni bank tomonidan moliyalashtirilgan summa bilan shartnoma bo`yicha to`lov talabnomasi summasi o`rtasidagi farq bank hisobida bo`ladi.
Mazkur xizmatdan byudjet tashkilotlar va jismoniy shaxslar, zararga kirgan korxonalar foydalana olmaydilar.Ushbu xizmat bir kalendar yilida 1 milliard so`mdan 100 milliard va undan ko`p daromad qiluvchi tadbirkorlik sub`ektlariga qisqa muddat – 120 kundan 12 oyga qadar ko`rsatiladi. Faktoring mablag`i miqdori to`lovchi (debitor)ning jami 12 oydagi daromadining 15 foizdan ko`p bo`lmagan miqdorda beriladi. Bunda kichik sub`ektlar uchun 1 milliard so`mgacha, o`rta biznes sub`ektlari uchun 5 milliard so`mgacha, korporativ biznes sub`ektlari uchun 10 milliard so`mgacha etib belgilangan.
Spikerlar taqdimotlar orqali faktoring xizmatining qulayliklari, kredit xizmatidan farqlari haqida ham batafsil tushuntirish berishdi.
Shu bilan birga, Elektron platforma orqali faktoring xizmatlarini ko`rsatish shartlari ham tushuntirib o`tildi. O`z navbatida, Faktoring amaliyotlarini raqamlashtirishning afzalliklari haqida ham alohida ma`ruza qilindi.
Tadbir doirasida bank tomonidan ko`rsatilgan moliyaviy xizmatlar natijasida o`z faoliyatini kengaytirgan mijozlar bilan muloqot ham bo`lib o`tdi. Unda tadbirkorlar tomonidan o`tgan davr mobaynida bank moliyaviy ko`magida amalga oshirilgan loyihalar va ularning aholi bandligini ta`minlashdagi ahamiyati xususida atroflicha fikr almashildi.
Tadbirning yana bir ahamiyatli qismi bu bank tomonidan xizmat ko`rsatilishi yoki moliyalashtirilishi kutilayotgan tadbirkorlik sub`ektlari bilan ham davra suhbati o`tkazilgani bo`ldi.
Suhbat davomida mijozlarga loyihalarni moliyalashtirish bo`yicha mavjud xizmatlar taklif etildi. Taqdimot va xizmatlar yuzasidan tadbirkorlar, ommaviy axborot vositalari va jamoatchilik vakillari o`zlarini qiziqtirgan savollarga bank mas`ul xodimlaridan javob oldilar.
Reklama huquqi asosida