Prezident administrasiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligi (AOKA) tomonidan tayyorlangan «Onlayn platforma va saytlar foydalanuvchilarining huquqlarini himoya qilish to`g`risida»gi qonun loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo`yildi.
Hujjat davlat ro`yxatidan o`tkazilgan ommaviy axborot vositalarining saytlariga nisbatan tatbiq etilmaydi — ular «Ommaviy axborot vositalari to`g`risida»gi qonun bilan tartibga solinadi.
AOKA asoslantirishi
2017 yildan 2025 yilgacha O`zbekistonda internetdan foydalanuvchilar soni 14,7 milliondan 32,7 million kishiga oshgan. «Internet va ijtimoiy tarmoqlar fuqarolarning axborotga bo`lgan ehtiyojini tezkor qondirish, jamiyatdagi dolzarb muammolarni muhokama qilishda muhim vositaga aylangan, deyiladi AOKA izohida.
Mamlakatdagi eng ommabop platformalar bo`lgan Telegram’da 28 mln, Odnoklassniki’da 19,2 mln, Facebook’da 2,3 mln, VKontakte’da 1,5 mln, LinkedIn’da 850 ming, X’da (sobiq Twitter) 250 ming foydalanuvchi bor.
«Bugungi kunda onlayn platformalar foydalanuvchilari qanday huquqlarga egaligi borasida qonunchilikda aniq normalar mavjud emas, axborot tarqatishga oid talablar esa milliy qonunchilikda tizimli va etarli darajada tartibga solinmagan, tarqoq holda belgilangan», — deyiladi agentlik izohida.
AOKA internet foydalanuvchilarining huquqlarini himoya qilish borasida rivojlangan davlatlar amaliyotlaridan misollar keltiradi: Evropa Ittifoqi «Raqamli xizmatlar to`g`risida»gi qonuni orqali onlayn platformalar uchun yuqori standartlarni joriy etdi. Germaniyada 2 milliondan ortiq foydalanuvchiga ega platformalarga noqonuniy kontentni 24 soat ichida o`chirish majburiyati yuklangan. Fransiya internetda nafrat, terrorizm va bolalar pornografiyasiga qarshi qat`iy choralar ko`rishni, Turkiya xorijiy IT kompaniyalarga mahalliy vakil tayinlashni talab etgan. Qozog`iston blogerlar va platformalar faoliyatini tartibga solishga qaratilgan huquqiy asosni shakllantirdi.
Xabarda qayd etilishicha, qonun loyihasi internet foydalanuvchilarining huquqlarini himoya qilish zaruratidan kelib chiqib ishlab chiqilgan va sohadagi amaldagi qonunchilik sezilarli liberallashtirilib, tartibga solishdagi mavjud bo`shliqlarni bartaraf etishga qaratilgan.
Asosiy tushunchalar
Qonun loyihasida bir qator yangi tushunchalar, jumladan, «bloger» (axborot texnologiyalari to`g`risidagi amaldagi qonunda bloger deganda internetda ochiq ma`lumotni e`lon qiluvchi har qanday shaxs tushuniladi), «inflyuencer» (10 mingdan ortiq obunachiga ega bloger), «onlayn platforma», «onlayn platformadagi ommaviy hamjamiyat», «yolg`on axborot», «ommaviy hamjamiyatning moderatori», «spam resurs», «fishing resursi» kabi tushunchalar kiritilgan.
«Onlayn platforma»ning ta`rifi — foydalanuvchi o`zi yaratgan akkaunt yoki ommaviy hamjamiyat orqali kontentni qabul qilish, ishlab chiqarish va (yoki) ishlov berish va (yoki) joylashtirish va (yoki) tarqatish va (yoki) saqlash uchun mo`ljallangan, internet bo`ylab ishlaydigan, axborot resurslaridan tashkil topgan axborot tizimi yoki tezkor xabarlar almashish servisi, bundan moliyaviy xizmatlar, elektron tijorat, ichki korporativ xabar almashish servislari, elektron pochta, onlayn televidenie, kontentni faqat onlayn saqlash xizmatlarini ko`rsatish uchun mo`ljallangan internet bo`ylab ishlaydigan axborot tizimlari mustasno.
Oddiy qilib aytganda, onlayn platforma — bu internetdagi veb-sayt yoki ilovadir (jumladan messenjerlar ham). Ularda foydalanuvchilar akkaunt ochib, turli kontentlarni (masalan, matn, foto, video) joylashtirishi, saqlashi va boshqalar bilan bo`lishishi mumkin. Bunday platformalarga Facebook, Telegram, X (sobiq Twitter), Instagram kabi servislar kiradi. Faqat bu ta`rif moliyaviy operasiyalar uchun ishlatiladigan xizmatlarga, internet do`konlarga, korxona ichidagi xabar almashuvlarga, elektron pochta, onlayn televidenie yoki fayllarni saqlash uchun mo`ljallangan xizmatlarga taalluqli emas.
«Bloger» tushunchasini o`z akkauntida yoki ommaviy hamjamiyatda ijtimoiy-siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy va boshqa tusdagi kontentni, shu jumladan, onlayn-platforma foydalanuvchilari tomonidan ushbu axborotni muhokama qilish uchun joylashtiruvchi jismoniy shaxs (onlayn-platforma foydalanuvchisi) sifatida ko`rish taklif etilmoqda.
Onlayn platformadagi o`z akkauntida yoki ommaviy hamjamiyatda o`n mingdan ortiq obunachiga ega bo`lgan blogerni inflyuencer, deb hisoblash mumkin.
Yolg`on axborot deb haqiqatga mos kelmaydigan, shaxslar, ashyolar, voqealar, hodisalar va jarayonlar haqida faktlarning buzib ko`rsatadigan, noto`g`ri taassurot uyg`otadigan har qanday shaklda qayd etilgan ma`lumot sifatida tushunilishi taklif etilmoqda. Bunday ma`lumot har qanday shaklda qayd etilgan bo`lishi mumkin. Ammo «noto`g`ri taassurotni qanday aniqlash mumkinligi» aniq belgilanmagan.
Noqonuniy kontent
Hujjat loyihasiga ko`ra, quyidagilar noqonuniy kontent hisoblanadi:
amaldagi konstitusiyaviy tuzumni, O`zbekiston Respublikasining hududiy yaxlitligini zo`ravonlik bilan o`zgartirishga chaqiriqlarni o`z ichiga olgan ma`lumotlar;
ommaviy tartibsizliklarga, fuqarolarga nisbatan zo`ravonlik qilishga, shuningdek, mazkur noqonuniy harakatlarni muvofiqlashtirishga qaratilgan ma`lumotlar;
jamoat tartibiga yoki xavfsizligiga tahdid soluvchi yolg`on axborot;
urush, zo`ravonlik va terrorizm, shuningdek ekstremizm, separatizm g`oyalari, ekstremistik va terroristik tashkilotlarning atributlari va ramzlari;
davlat sirlarini yoki qonun bilan qo`riqlanadigan boshqa sirni oshkor etuvchi ma`lumotlar;
jamiyatga, davlatga, shu jumladan, davlat ramzlariga hurmatsizlikni ko`rsatuvchi nomaqbul shaklda ifodalangan ma`lumotlar;
giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarni tashviqot qiluvchi ma`lumotlar;
fishing va spam resusrlarga havolalarni o`z ichiga olgan ma`lumotlar.
Onlayn platformalar
O`zbekistonda faoliyat yuritayotgan onlayn platformalarda foydalanuvchilar sonini aniqlash, foydalanuvchilarning shikoyat berishi va uning qabul qilinganini avtomatik ravishda tasdiqlash, onlayn platforma mulkdorining kontentni o`chirish haqidagi qarori bo`yicha nizolashish imkonini beradigan tarzda shikoyatlarni qayta ishlash, foydalanuvchilari tomonidan onlayn platformada ularni qiziqtirmaydigan kontentni ko`rsatishni cheklash funksiyalari bo`lishi kerak.
Onlayn platformaning tavsiya tizimida ishlatiladigan parametrlar foydalanuvchi shartnomasida (kelishuvida) tavsiflanishi kerak. Platformaning tavsiya tizimi foydalanuvchiga profillashdan foydalanmasdan kontentni olish imkoniyatini berishi kerak.
Hujjatga ko`ra, onlayn platforma mulkdori Fuqarolik kodeksiga muvofiq, AOKA bilan o`zaro aloqalar uchun o`z vakilini belgilashi shart.
Bundan tashqari, inson hayoti yoki xavfsizligiga tahdid soluvchi vaziyat to`g`risidagi ma`lumotni o`z ichiga olgan aniqlangan kontent bo`yicha ushbu «huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan tezkor hamkorlik aloqalarini saqlab turish» talab etiladi.
Inson hayoti yoki xavfsizligiga tahdid soluvchi vaziyat to`g`risidagi ma`lumotni o`z ichiga olgan kontent bo`yicha huquqni muhofaza qilish organlariga taqdim etilgan axborot quyidagi ma`lumotlarni o`z ichiga olishi kerak:
kontentning tavsifi va (yoki) tasviri (agar mavjud bo`lsa);
kontentning joylashtirilgan vaqti, vaqtni aniqlash uchun foydalanilgan soat mintaqasini ko`rsatgan holda;
kontentni joylashtirgan onlayn platforma foydalanuvchisi nomi, onlayn platformaga kirish uchun ishlatilgan IP-manzil va qurilma nomlanishi, shu jumladan, vaqtni aniqlash uchun ishlatilgan soat mintaqasini ko`rsatgan holda oxirgi kirish vaqti.
Axborot taqdim etish elektron shaklda, huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan onlayn platforma mulkdoriga rasmiy ravishda taqdim etilgan maxsus aloqa kanallari yoki maxsus tasdiqlangan akkaunt orqali amalga oshirilishi kerak.
Noqonuniy kontentga javob choralari
Vakolatli organ noqonuniy kontent aniqlangandan keyin 24 soat ichida veb-sayt egasiga yoki onlayn platforma foydalanuvchisiga yoxud ommaviy hamjamiyat moderatoriga noqonuniy kontentni o`chirish, tarqatishni to`xtatish to`g`risida xulosaga asosan ko`rsatma yuboradi. Agar sayt egasi ko`rsatmani bajarmasa yoki egasining shaxsini aniqlashning iloji bo`lmasa, O`zbekiston hududida ushbu saytga kirish cheklanishi mumkin.
Agar onlayn platforma foydalanuvchisi yoki jamoat birlashmasi moderatori ko`rsatmani e`tiborsiz qoldirsa, vakolatli organ onlayn platforma egasiga va/yoki uning vakiliga 24 soat ichida noqonuniy kontentni o`chirish to`g`risida taqdimnoma yuboradi.
Agar onlayn platforma foydalanuvchisi yoki jamoat hamjamiyatining moderatori muntazam ravishda (yil davomida uch martadan ortiq) ko`rsatmalarga e`tibor bermasa, akkaunt yoki jamoat hamjamiyatining O`zbekiston hududidagi faoliyati olti oygacha muddatga to`xtatilishi mumkin.
Onlayn platforma egasi va/yoki uning vakili tomonidan taqdimnomalar qanoatlantirilmagan taqdirda vakolatli organ noqonuniy kontentni o`chirish yoki foydalanuvchisining akkaunti yoki ommaviy hamjamiyatning O`zbekistondagi faoliyatini olti oygacha to`xtatish to`g`risidagi da`vo arizasi bilan sudga murojaat qilish huquqiga ega.
Noqonuniy kontent saytning bir yoki bir nechta sahifalarida tarqatilgan bo`lsa ham, saytga kirish butunlay cheklanadi. Maxsus vakolatli organ ushbu saytga kirish cheklangani, cheklash asoslari to`g`risidagi axborot xabari va vakolatli organ bilan bog`lanish uchun aloqa ma`lumotlarini saytga kirmoqchi bo`lganda ko`rinadigan tarzda joylashtiradi.
Onlayn platforma egasi va/yoki uning vakili sud qarorlarini muntazam ravishda bajarmagan taqdirda, vakolatli organ O`zbekiston hududida onlayn platformadan foydalanish tezligini pasaytirish to`g`risidagi da`vo bilan sudga murojaat qilishga haqli.
Onlayn platforma egasi va/yoki uning vakili, sayt egasi va onlayn platforma foydalanuvchisi vakolatli organning buyruqlari va taqdimnomalari ustidan sud tartibida shikoyat qilish huquqiga ega.
Yolg`on axborotdan himoya qilish
Hujjatda yolg`on axborotga qarshi himoya mexanizmi belgilangan. Yolg`on ma`lumotlar ushbu shaxslar haqida joylashtirilgan foydalanuvchilar, ularni bevosita yoki vakolatli organ orqali o`chirishni talab qilish huquqiga ega, agar bu rad etilsa — sudga murojaat qilishlari mumkin.
Onlayn platforma yoki saytda o`zi haqida yolg`on axborot tarqatilgan jismoniy yoki yuridik shaxs (ularning vakillari) sayt egasi yoki ommaviy hamjamiyat moderatoriga yoxud onlayn-platformaning mulkdori va (yoki) uning vakiliga asoslantirilgan ma`lumotlar yoki sud qarorini taqdim etgan holda bevosita o`zi yoki vakolatli organ orqali yolg`on axborotni o`chirish talabi bilan murojaat qilishga haqli.
Inflyuenserlar mas`uliyati
Hujjat blogerlar, inflyuenserlar va sayt egalariga raqamli makondagi huquqlar va vazifalarni chuqur va aniq tavsiflaydi, shuningdek, katta auditoriyaga ega inflyuenserlarga maxsus talablar kiritadi.
Xususan, foydalanuvchilar akkaunt va ommaviy hamjamiyat ochish, fikrni erkin ifoda etish,kontentni tayyorlash, olish va tarqatish, internetdagi faoliyatidan daromad olish, o`z huquqlariga rioya etilishini, jumladan, asossiz blokirovkadan himoya qilishni talab qilish huquqiga ega. Ular platformalar tomonidan yuklangan xizmatlardan voz kechishi va keraksiz kontentning namoyishini cheklashi mumkin.
Shu bilan birga, foydalanuvchilar va blogerlar qonunchilikka amal qilishi, shaxsning huquq va erkinliklari, sha`n va qadr-qimmatini hurmat qilishi, noqonuniy kontentni tarqatmasligi va aniqlanganda ularni o`chirib tashlashlari shart. Homiylik mablag`larini yig`ishda jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirg`in qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish to`g`risidagi qonunchilik talablariga rioya qilishi kerak.
Inflyuenserlar va sayt egalari uchun talablar qattiqroq. Ular e`lon qilingan ma`lumotlarning to`g`riligini tekshirishlari, sharhlarni nazorat qilishlari va qonunga zid kontentni olib tashlashlari, jabrlanuvchilarning iltimosiga binoan raddiyalar e`lon qilishlari hamda prokuror, tergovchi yoki surishtiruvchining yozma ruxsatisiz surishtiruv yoki dastlabki tergov materiallarini e`lon qilmasliklari, sud hukmi chiqarilmaguncha muayyan ish natijalarini oldindan e`lon qilmasliklari yoki boshqa usullar orqali sudga ta`sir o`tkazmasliklari shart.
Ular o`zining reklama yoki daromad keltiruvchi boshqa faoliyatni amalga oshirishda soliqlarni o`z vaqtida to`lashi, murojaat qilish va qayta aloqa o`rnatish uchun tegishli ma`lumotlarni jamoatchilikka ochiq shaklda joylashtirishi shart.
Shuningdek, ularga yolg`on axborot tarqatilgan hollarda uni o`chirish yoki fuqarolar, yuridik shaxslar va davlat organlarining murojaatlari asosida yolg`on axborot mavjud bo`lgan dastlab joylashtirilgan kontentga ushbu kontent yolg`on ekanligini ko`rsatuvchi maxsus axborot belgisini qo`yish majburiyatini yuklash taklif etilmoqda.
Ushbu talablarni buzganlik uchun vakolatli organ 10 kungacha bo`lgan muddatga rasmiy ko`rsatma berishi mumkin. Agar e`tibor berilmasa, akkaunt yoki hamjamiyat 6 oygacha to`xtatilishi mumkin. Qoidabuzarlik holatlarida sayt egalari O`zbekistonda o`z resursiga kirishda cheklovlarga duch kelishlari mumkin.
Bundan tashqari, jismoniy va yuridik shaxslar uchun murojaat qilish va qayta aloqa o`rnatish uchun ma`lumotlarni joylashtirmagan inflyuenserlar va sayt egalarining reklama berishi taqiqlanadi.
Qonun loyihasi muhokamasi 27 mayga qadar davom etadi.