Kambag`allikni qisqartirish vazirligi aholini ishli qilish bilan emas, reja to`ldirish bilan band

12.05.2025 16:25

Kambag`allikni qisqartirish va bandlik vazirligi tomonidan bajarilgan ishlarda kamchilik va muammolar aniqlangan. Bu haqda parlament yig`ilishida deputat Anvar Temirov aytib o`tdi. 

“Vazirlikning asosiy funksiyasi aholini ish bilan band qilish, kambag`allikdan olib chiqish bo`ladi. Hisobotda keltirilgan raqamlar buning aksini ko`rsatyapti. Kasb-hunarga o`rgatadigan mono-markazlarda o`qitilgan fuqarolarning 74 ming nafarga yaqini (30 foizi) ish bilan ta`minlanmasdan qolgan. Bundan tashqari, byudjet mablag`lari samarasiz maqsadlarga sarflangan. Aholi o`qitilyapti-yu, lekin ish bilan ta`minlamay qolyapti yoki bo`lmasa kerakli kasbga o`rgatilmayapti. Buning eng qiziq joy shundaki, ba`zi tumanlardagi markazlar rejani to`ldirish bilan band. Aksincha, bular kasbga o`rgatish va ish bilan ta`minlashni maqsad qilishi kerak. Reja to`ldirish uchun davlat byudjetidan pul sarflamaslik zarur. Nega vazirlik o`zining eng quyi qatlamigacha islohotni to`liq etkazib bormagan? Vazirlik reja to`ldirish bilan ovora bo`lsa, ertaga aholi oldida davlat rahbari olib borayotgan islohotlariga teskari yondashuv bo`lib qolishidan qo`rqmaydimi? Nega shuncha ajratilayotgan mablag`lardan samarasiz foydalanildi, nima uchun shu kungacha buning oldi olinmadi? Ertaga deputatlar hududlarga chiqsa, fuqarolar oldida javobgarligimiz bor, ular savol berganda javob berishimiz kerak”, degan Anvar Temirov.

Bandlik vaziri o`rinbosari Sirojiddin Boboqulov deputatning savoliga javoban oila uchun tatbiq qilinadigan kasblar rejali o`quv dasturidan chiqarilganini bildirdi.

“Prezidentning 2024 yil 4 oktyabrdagi qaroriga asosan vazirlik huzuridagi kasbiy ko`nikma maktablari soni 75 tadan 65 taga muvofiqlashtirildi. O`tkazilgan tahlillar natijasida 2022, 2023 yillar va 2024 yilning dastlabki olti oyida kasb-hunarga o`qitilganlarning 30 foizi bandligi ta`minlanmay qolgan. Ularning asosiy qismini oshpazlik, qandolatchilik va tikuvchilik kasblariga o`qitilganlar tashkil qiladi. Ishga joylashmaganlarning aksariyati xotin-qizlar bo`lgan. Ular orasida turmushga chiqib ko`chib ketganlar, uyda bola parvarishi bilan bandlari, olingan ko`nikmalarni daromad keltiruvchi ishlarga emas, balki o`z oilasi uchun tatbiq qilganlari aniqlandi. Bugungi kunga qadar vazirlik tizimida o`qitish jarayoni yangilandi”, degan vazir o`rinbosari.

Sirojiddin Boboqulovning qo`shimcha qilishicha, oila uchun tatbiq qilinadigan kasblar rejali o`quv dasturidan chiqarilgan. Ushbu yo`nalishlarga faqatgina ish beruvchi talabiga asosan, ya`ni ish joyi aniq bo`lgandan so`ng o`qitish boshlanadi.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
1
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар