Ajdodlarimizdan qolgan ezgu an`analarimizdan biri – duogo`yligimiz. Dasturxon boshida, yaxshi ishlarning avvalida, safarlar oldida hamisha duoga qo`l ochamiz. Eng avvalo, tilimizga dilimizdan: Tinchlik, xotirjamlik bo`lsin, degan tilak qalqib chiqadi.
Ha, biz hamma narsadan avval Yaratgandan elu yurtimizga, qolaversa, bor insoniyatga, eru samoga tinchlik, xotirjamlik so`raymiz. Va bilamizki, salomatlik ham, farovonlik ham, orzu-havaslar ijobati ham bir butunlikka aylangan o`sha ikki so`zga ergashib keladi.
Ammo bu deganimiz biz urushdan qochamiz, qo`rqamiz, agar taqdir bizning boshimizga sinov tariqasida “urush” atalmish kulfatini solsa, biror himoya qobig`iga o`ralib jonimizni saqlaymiz, deganimiz emas. Qaysi zamon, qaysi davrda xalqimizga shunday sinov berilgan bo`lsa, biz bu sinovlardan mardona o`tganmiz. Uzoqqa bormaylik, tarixlarda goh “Ulug` Vatan urushi”, goh “Ikkinchi jahon urushi” deb nomlangan muhorabani olaylik...
Shaxsan men bu urushdan ancha keyin dunyoga kelganman. Uning iztiroblari, yo`qotishlarini o`zim ko`rmaganman. Lekin qonli janggohlarda ishtirok qilganlarni, to`rt muchasi butun ketib, mayib-majruh qaytganlarni va “front orqasi” atalgan jabhalarda bitta o`zi uch-to`rt erkak o`rniga mehnat qilgan jasoratli ayollar va otalari, akalari urushga ketgach, bir kunda bolaligidan ayrilib, ulg`ayib qolgan bola – botirlarni ko`rganman. Maktabda o`qiyotganimda “iztoparlar” deb atalgan a`lochi o`quvchilar guruhi bo`lardi. Men ham a`zo edim. Biz bayram munosabati bilan qishloqma-qishloq yurib, Ikkinchi jahon urushida fashizm ustidan qozonilgan zafarga hissa qo`shgan insonlarni izlaganmiz:
– Bizni bosib-yanchib olib ketishmagan, – degan edi o`shanda Ne`mat bobo. – Men endi Pedinstitutni bitirib, fizika o`qituvchisi sifatida maktabda bir yil dars bergan edim. Urush boshlandi, degan xabarni eshitgach, uch-to`rtta yosh muallimlar harbiy komissariatga bordik. Bizni jangga yuborishni so`radik.
– Hozircha sizlarga ehtiyoj yo`q, sizlar shu erda – maktabga keraksiz, – dedi formali kishi.
Ammo biz gapimizda turib oldik. Qo`ngillilar qatorida jo`nating, dedik...
Shu xotiralarni gapirayotib otaxon ko`zlariga yosh oldi. Yo`q, ular ko`ngilli bo`lib frontga ketgani uchun iztirobda emas edi. O`sha ketganlardan faqat o`zi qaytganiga, qadrdonlari, “dushmanni er bilan yakson qilib, ona yurtga yorug` yuz bilan qaytamiz”, deb ahdlashgan do`stlarining adolatsiz urush qurboni bo`lgani uchun alam chekardi. Ha, adolatsizlik alami o`ttiz yildan so`ng ham, uch yuz yildan so`ng ham unutilmaydi.
Ko`ngillilar... Ular uch-to`rtta edimi? Yo`q! Ular saf-saf edi. Ularning yuragida o`zbekning ming yillik oriyati uyg`ongan edi. Akademik, texnika fanlari doktori Sarvar Qodirovning, shoir Miraziz A`zamning otalari ham (xotiralarida o`qiganman) bu urushga ko`ngilli bo`lib ketgan.
Rafiqalari ayolligiga borib:
– Qoling, sizga imkon berilar ekan, – desa, yuragida bosqinchilarga g`azab o`ti yolqinlangan yigitlar: – Hamma erkaklar urushda bo`lsa, men qaysi yuzim bilan issiq ko`rpada yotaman, – degan va bir yil jang qilar-qilmas ikkovidan ham “qora xat” kelgan.
Ammo ularning jasorati ozgina fursat – o`sha bir yil bilan emas, ko`ra-bila turib, o`zlarini olovga urgani bilan o`lchanadi. Men yana o`sha “iztoparlar” yo`llarida front orqasida ham hijron, ham mehnat yukini ko`targan bardoshli ayollar bilan ham suhbatlashganman. Biri Xayriniso aya...
– Paxtadan o`q yasaladi, desa, onam sepimga qilgan atlas, duxoba ko`rpa-yostiqlarimni so`kib, paxtasini oq choyshabga tugib, eltib beribman. Xuddi shu paxtam o`q bo`lib, erim, ikki akam, otamning sadog`iga solib beriladigandek, choyshabga “Munglik Xayrinisongizdan”, deb qizil ipak bilan yozibman, – deya xotirlagandi Xayriniso aya.
– Xayriniso ayaning kelinlik sarposi paxtalari o`z jigarlariga, ehtimol etmagandir... Lekin minglab Xayrinisolardan meros tillo, kumush taqinchoqlar frontga madad sifatida yuborilgani va ular chindan madad bo`lgani, haqiqat.
Mana bu ma`lumotlarga e`tibor beraylik: “...tank koloniyasi va avia eskadrilya qurilishi uchun aholidan 320 million so`m pul to`plangan... 1944 yilning birinchi yarmida Ukrainaga 300 tonna g`alla, 8