Ishga oyoqda yurib ketib tobutda qaytganlar

08.05.2025 13:51

Erta tongdan oilam, bola-chaqamni boqaman deb yo`lga chiqsangiz-u, birdan falokat ro`y bersa, kamiga o`sha falokat doimiy ish soatidan tashqarida, majburiy ish kunida sodir bo`lsa.


E`tibor berayotgan bo`lsangiz, keyingi paytlarda, ish vaqtida nojo`ya hodisa ro`y berishi, erta o`lim holatlari ko`p kuzatilyapti.
Birgina 2024 yilda ish vaqtida sodir bo`lgan baxtsiz hodisalar oqibatida 261 kishi halok bo`lgan. Bu hazilakam raqamlar emas. 261 ta oila o`z yaqinini yo`qotgan, kimdir farzand dog`ida kuygan bo`lsa, qaysidir bola etim bo`lib qoldi. 
Aksariyat holatlarda baxtsiz hodisalar ayrim xatoliklardan emas, tizimli beparvolik, qonunlarga amal qilmaslik oqibatida ro`y bermoqda. 


2024 yil 1 may kuni 1998 yilda tug`ilgan kompyuter tarmog`i muhandisi M.S. Universitet va Salar ko`chalari chorrahasida ishlayotib, qurbon bo`lgan. U 6,5 metr balandlikda elektr simlarini ulash jarayonida havo elektr uzatish tarmog`iga tegib ketgan va jarohat sabab olamdan o`tgan.


Bu ish vaqtimi? Majburiy topshiriqmi? Shu paytga qadar o`z ishini vijdonan bajarayotgan yigitning o`limi sabablariga aniqlik kiritish uchun komissiya tuzildi, ammo bunday komissiyalar ko`p hollarda sabablardan ko`ra oqibatni o`rganadi, xolos.
Navbatdan tashqari seminarlar, majlislar va kun tartibiga sig`maydigan hujjatlar tufayli xodimlar hatto yakshanba kuni ham ishlashga majbur bo`lishmoqda. Dam olishga vaqt topilmayapti, uyqu etishmovchiligi esa diqqatni susaytiradi, natijada xatoliklar fojia bilan yakun topadi. Navoiyda ikki nafar yosh rahbar kadrning dam olish kuni xizmat mashinasida yo`l-transport hodisasiga uchrab halok bo`lgani bunga yaqqol misol bo`la oladi.


2025 yil 3 may kuni Navoiy viloyatida 3 nafar yoshlar etakchisi avtohalokatga uchrashgan. Oqibatda, Karmana tumanining "Farhod" va "Bahrom" mahallalari etakchilari vafot etgani, uchinchi yigit esa shifoxonaga yotqizilgani aytilmoqda.
O`zbekiston inson huquqlari "Ezgulik" jamiyati etakchisi Xayrulla Qilich o`z feysbuk sahifasida ular shanba dam olish kuni bo`lishiga qaramasdan, rahbariyat topshirig`i bilan yo`lga chiqqanini keltirgan.


"Qachon xokimiyat tizimlari mexnat qonunchiligiga rioya etadigan bo`lishadi, kelajakdan umidvor yosh kadrlar qaysidir raxbarning buyrug`ini bajarish vaqtida o`lib ketmaydigan bo`ladi. Karmana tumanida sodir bo`lgan ushbu mudxish xodisa aybdorlari qonuniy javobgarlikka tortilishiga ishonmasakda, umid qilishdan charchamaymiz. Navoiy viloyati raxbariyatining xolat bo`yicha rasmiy munosabatini kutib qolamiz", deya viloyat rahbariyatiga murojaat qilgan Xayrulla Qilich.
Yoshlar ishlari agentligi raisi Alisher Sa`dullaev esa vafot etgan etakchilarning yaqinlariga ta`ziya bildirar ekan, yuqoridagi xabarlar bo`yicha savollarga, ular To`dako`lga bormoqchi bo`lib, yo`lda avtohalokatga uchragani, hech kim u erga chaqirmagani va yubormaganini aytib javob qaytargan. 


Ushbu baxtsiz hodisa bir necha nafar insonning halok bo`lishi bilan birga, rahbarlarning mehnat qonunchiligini mensimaslik muammosini ham ochib berdi. Dam olish kuni yo`l-yo`riqsiz safarga chiqish, xizmat mashinasisiz harakatlanish, xavfsizlik choralarining ko`rilmagani -   bularning barchasi odam hayoti arzon ko`rilayotganining belgisi.
Bu shunchaki baxtsiz hodisa emas, balki tizimdagi betartiblik, inson salomatligiga bo`lgan befarqlikning fojiali oqibatidir.


Bugun javobgarlik belgilanmasa, shubxasiz ertaga bunday fojialar soni ortsa ortadiki, kamaymaydi.
2024 yil 15 yanvar kuni Toshkent viloyatining ikki tumanida  baxtsiz hodisa ro`y berdi, oqibatda ikki inson hayotdan ko`z yumdi. Toshkent tumanida quruvchi K.B. 10-qavatdan yiqilib halok bo`lgan va Quyichirchiq tumanida  tarbiyachi yordamchisi X.Z. tok urishidan vafot etgan. Bu o`limlar haqida eshitarkanmiz, haqli bir savol paydo bo`ldi. Ishchilar nega  mehnat xavfsizligiga amal qilishmayapti ?


Qurilishda ishlayotgan xodim nega balandlikda hech qanday himoya vositalarisiz harakatlanadi? Nega elektr energiyasi bilan bog`liq joylarda ishchilar oddiy texnik ko`rsatmalar yoki izolyasiyalangan vositalar bilan ta`minlanmagan?
Bu holatlar shuni ko`rsatadiki, ish beruvchilar uchun xodimning hayoti emas, vazifaning vaqtida bajarilishi muhimroq.

Aslida, ish joylarida devorda osilgan xavfsizlik texnikasi yo`riqnomalari shunchaki qoidalar to`plami emas, inson hayotini saqlab qoladigan real mexanizm bo`lishi kerak.

Bu va bundan oldingi hodisalarga bir nazar tashlasangiz, har safar baxtsiz hodisa ro`y bergach, rasmiylar  "tekshiruv boshlandi" degan gap bilan "qutulib qolishga" urinishadi, ammo sira tizimli o`zgarishlar ko`zga tashlanmaydi.
Shu sabab, bu ikki fojiaviy holatni oddiy statistik ma`lumot emas, balki xushyor bo`lish kerakligi haqidagi signal sifatida qabul qilish zarur. Chunki, ertaga o`sha quruvchi yoki tarbiyachining fojiali qismatiga taqdirdosh odamlar soni ortishi mumkin. Tizim esa bu fojialardan saboq chiqarishga majburdir.
Shu o`rinda yana bir  statistikaga to`xtalib o`tish lozim. Statistikaga ko`ra, o`tgan yil davomida mehnat jarayoni bilan bog`liq 868 ta baxtsiz hodisa sodir bo`lgan. Shundan, 127 ta holat davlat tashkilotlarida, qolgan 741 tasi xususiy sektorda kuzatilgan.

Baxtsiz hodisalar oqibatida 976 kishi jarohatlangan. Shundan, 30 nafari engil, 685 nafari og`ir tan jarohati olgan.
Xo`sh nega davlat tashkilotlari bilan solishtirganda xususiy sektorda uchrayotgan baxtsiz hodisalar qariyb 6 baravar ko`p? Buning sababi nimada?


Ko`plab xususiy tashkilotlar mehnat xavfsizligi talablarini bajarishni xarajat sifatida ko`radi. Ular uchun daromad birinchi o`rinda turadi, inson hayoti esa, ikkinchi, hatto uchinchi planda qolmoqda. Bu holat “himoya vositalari, texnika nazorati, xavfsizlik yo`riqnomalari” kabi muhim jihatlarning e`tibordan chetda qolishiga olib kelmoqda.
Qolaversa, ko`p hollarda bu tashkilotlar xodimlarni rasmiy shartnoma asosida ishga olmaydi, sug`urtalamaydi, tibbiy ko`rikdan o`tkazmaydi. Shu sabab, ish vaqtida sodir bo`lgan falokatlar bo`yicha javobgarlikni rad etish, aybni ishchining o`ziga ag`darish holatlari ham uchrab turadi. Bu erda gap shunchaki raqamlarda emas, balki har bir raqam ortida bir oilaning fojiasi turibdi. 


Shu nuqtada davlat organlarining nazorati kuchaytirilmasa, xususiy sektorlar mehnat qonunchiligi bilan emas, foyda va iqtisodiy manfaat qonunlari bilan boshqarilishi davom etaveradi. Endi statistikaning davomiga qaytsak, halok bo`lgan xodimlar yoki ularning oila a`zolariga 3 mlrd so`mdan ortiq tovon pullarini undirish yuzasidan sudlarga da`vo arizalari kiritilgan va undirib berilgan.
2024 yilda ish vaqtida halok bo`lgan 261 nafar fuqaroning oila a`zolariga jami 3 milliard so`mdan ortiq tovon puli to`lab berilgani aytilmoqda. Bu raqam bir oila hisobiga o`rtacha 11–12 million so`mga to`g`ri keladi.
Ammo o`rinli savol paydo bo`ldi: bu mablag` inson hayotining o`rnini bosa oladimi?
Birgina dafn marosimi, qarzlardan chiqish, bolalarni boqish va kelajak rejalari puchga chiqqan bir oilaning ehtiyojlarini bu miqdor qoplamaydi. Aksincha, bu raqamlar baxtsiz hodisalar oqibatlarini hisob-kitob bilan yopishga urinishdek ko`rinmoqda.


Shuningdek, tovon pullarining aksariyati sud orqali undirilmoqda, bu esa oila a`zolari uchun ortiqcha stress, vaqt va xarajat degani. Demak, asl muammo nafaqat tovon pullarining ozligida, balki baxtsiz hodisalarning oldini olishdagi sust nazoratda va inson hayotiga nisbatan loqayd munosabatda.


Xo`sh, bunday loqaydliklarga chora ko`rilmaydimi?


Albatta, ko`rilishi kerak. O`zbekiston mehnat qonunchiligida (Mehnat kodeksi asosida) ish beruvchi xodimning hayoti va sog`lig`i uchun to`liq javobgarligi belgilab qo`yilgan. Ya`ni, ish joyi xavfsiz bo`lishi kerak, xodim oldindan o`qitilishi, texnika xavfsizligi bilan tanishtirilishi, himoya vositalari bilan ta`minlanishi shart. Ammo ko`pchilik rahbarlar uchun bu faqat qog`ozdagi gap.


Germaniya, Fransiya, Yaponiya va Niderlandiya kabi mamlakatlar ishchilarning huquqlarini himoya qilishda ilg`or tajribalarga ega. Germaniyada mehnat xavfsizligi va ortiqcha ishlashni kamaytirish uchun qat`iy qonunlar mavjud. Fransiyada haftalik ish vaqti 35 soatdan oshmasligi kerak, ortiqcha ishlashga esa qo`shimcha haq to`lanadi. Yaponiya mehnat xavfsizligini ta`minlash borasida yuqori texnologiyalarni joriy qilgan, shuningdek ortiqcha ishlash tufayli o`lim holatlarini kamaytirish uchun qonunlar ishlab chiqilgan.

Niderlandiyada esa haftalik ish vaqti 40 soatdan oshmasligi kerak va ortiqcha ishlash faqat ishchining roziligi bilan amalga oshiriladi.


Qozog`iston esa 2023 yildan 4 kunlik ish haftasini sinab ko`rishga qaror qildi va 2024 yilga kelib bu model ishchilarning salomatligini yaxshilash va mehnat unumdorligini oshirish maqsadida joriy etilishi kutilmoqda.
O`zbekistonda esa hali-hamon ish vaqtida baxtsiz hodisa sodir bo`lsa, komissiya tuziladi, hisobot yoziladi. Ba`zan tovon puli beriladi. Ammo asl aybdorlar jazodan qutilib qolaveradi. Chunki tizimda jazolovdan ko`ra “ishni yopti-yopti ” qilish ancha osonroq.


Shu bois, bu kabi fojealarga avvalo jamiyat ko`z yummasligi lozim. Aks holda, “ishga ketib, qaytib kelmaganlar” ro`yxati yana kengayaveradi.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
1
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар