Dunyo bo`yicha matbuot erkinligi tarixiy eng past darajaga tushib ketdi. Bu haqda “Chegara bilmas muxbirlar” (RSF) tashkilotining 2025 yilgi hisobotida so`z boradi.
Qanday mezonlar asosida?
Hisobotda 180 ta mamlakatdagi ommaviy axborot vositalari holati beshta mezon – siyosiy kontekst, huquqiy baza, iqtisodiy muhit, ijtimoiy-madaniy shart-sharoitlar va xavfsizlik asosida baholangan.
Tahlilchilarga ko`ra, 90 ta mamlakatda jurnalistlar uchun “qiyin” yoki “juda jiddiy” vaziyat yuzaga kelgan. Bunday holatga nafaqat xavfsizlik bilan bog`liq muammolar va avtokratik rejim ta`siri, balki ommaviy axborot vositalarining iqtisodiy nochorligi ham sabab bo`lmoqda. RSF rahbari Anya Osterxausning ta`kidlashicha, “mustaqil jurnalistika avtokratlar ko`zida xaqiqatni oshkor qiluvchi tikandek”. Uning so`zlariga ko`ra, agar OAV moliyaviy qiyinchiliklarga duchor bo`lsa, dezinformasiya va propagandaning yolg`onini kim fosh qilishi so`roq ostida qoladi.
46 davlatda OAV faqat bir necha boy shaxslar tomonidan nazorat qilinadi
Hisobotda qayd etilishicha, 180 davlatdan 160 tasida OAV barqaror faoliyat yurita olmayapti yoki faqat juda qiyin sharoitda faoliyat yuritmoqda. Qariyb uchdan bir mamlakatda tahririyatlar iqtisodiy sabablar bilan yopilgan, ko`p hollarda bunga rasmiy bosim sabab bo`lgan. 46 davlatda OAV faqat bir necha boy shaxslar tomonidan nazorat qilinadi. Rossiya ham shular qatorida tilga olingan.
Rossiya RSF reytingining eng oxiridagi o`nlikka kirgan. Mamlakat bir yilda 9 pog`ona pastlab, 171-o`rinni egalladi (100 ballik tizimda 24,57 ball), ya`ni reytingdagi eng yomon natijalardan biri. Rossiya yonida Misr va Nikaragua qayd etilgan.
Postsovet davlatlari ichida eng yomon ko`rsatkich Turkmanistonda – 174-o`rin, 19,14 ball. Bundan pastda faqat Afg`oniston, Eron, Suriya, Xitoy, Shimoliy Koreya va Eritreya joylashgan.
Belarus (166-o`rin, 25,73 ball) va Ozarbayjon (167-o`rin, 25,47 ball) Rossiyadan yuqoriroqda turibdi. Markaziy Osiyo mamlakatlari ham past pog`onalarda joylashgan: Tojikiston 153-o`rin (32,21 ball), O`zbekiston 148-o`rin (35,24 ball), Qirg`iziston 144-o`rin (37,46 ball), Qozog`iston 141-o`rin (39,34 ball).
Gruziya esa bir yil ichida 11 o`rin pastlab, 114-pog`onaga tushib ketdi (50,53 ball). Bunga sabab mamlakatdagi parlament saylovlari va “Gruziya orzusi” partiyasining hokimiyatda qolishi ortidan kelib chiqqan xalqaro tanqidlar va ichki noroziliklar bo`ldi.
O`zbekistondagi vaziyat
O`zbekiston ketma-ket ikkinchi yil 148-pog`onada qolmoqda. Biroq ahvol 2024 yilga nisbatan yomonlashgan. Chunki o`tgan yili O`zbekiston OAV erkinligiga 37,27 ball berilgan bo`lsa, bu yil 35,24 ball berilgan.
Amerika qit`asidagi 28 mamlakatdan 22 tasida ommaviy axborot vositalari uchun iqtisodiy sharoit yomonlashgan. AQShda (57-o`rin) Donald Trampning ikkinchi prezidentlik muddati matbuot erkinligi uchun salbiy ta`sir ko`rsatgan. Argentinada (87-o`rin) Prezident Xaver Miley jurnalistlarni ommaviy ravishda haqorat qilib, davlat ommaviy axborot vositalarini tarqatib yubordi. Peru (130-o`rin) va Salvadorda (135-o`rin) esa matbuot erkinligi hukumatni tanqid qiluvchi OAVga qarshi propaganda va hujumlar tufayli tanazzulga yuz tutgan.
Meksika (124-o`rin) jurnalistlar uchun eng xavfli mamlakat bo`lib qolmoqda va u erda iqtisodiy ko`rsatkichlar ham jiddiy pasaygan. Hududda eng oxirgi o`rinni Nikaragua (172-o`rin) egallab, reytingning eng past qatorida joylashgan. Bu mamlakatda Ortega-Murilo rejimi mustaqil OAVni to`liq yo`q qilgan.Shu bilan birga, Braziliya (63-o`rin) Bolsonaru davridan keyin tiklanishni davom ettirmoqda.
Evropa hali ham matbuot erkinligi bo`yicha mintaqaviy etakchi bo`lib turibdi, ammo u ham tobora ko`proq bo`linmoqda. Sharqiy va Markaziy Evropa mintaqasi dunyoda eng kuchli pasayishni boshdan kechirgan. Biroq Evropa Ittifoqi va “bolqon”lar mintaqasi eng yuqori umumiy balni qayd etgan va dunyodagi boshqa mintaqalar bilan farqi ortib bormoqda.