Joriy yil 1-chorakda mamlakatdagi o`rtacha ish haqi o`tgan yil mos davriga nisbatan 18 foizga o`sdi. Bu haqda Statistika qo`mitasi xabar berdi.
Statqo`m tahliliga ko`ra, 2025 yil yanvar—mart oylarida o`rtacha oylik nominal hisoblangan ish haqi 5,8 mln so`mga etgan.
Hududlar kesimida o`rtacha ish haqining eng yuqori miqdori doimgidek Toshkent shahrida — 9,9 mln so`m (yillik o`sish 22,7 foiz). Keyingi o`rinda Navoiy viloyati qayd etilgan — 7,3 mln so`m (yillik o`sish 12,6 foiz). Qolgan barcha hududlardagi miqdorlar umumiy o`rtacha oylik ish haqidan kam. Ko`rsatkichlar quyidagicha:
Surxondaryo viloyatida — 4,2 mln so`m (yillik o`sish 19,1 foiz);
Buxoro viloyatida — 4,7 mln so`m (18,5 foiz);
Sirdaryo viloyatida — 4,6 mln so`m (18,5 foiz);
Samarqand viloyatida — 4,3 mln so`m (17,6 foiz);
Jizzax viloyatida — 4,4 mln so`m (17,4 foiz);
Andijon viloyati — 4,9 mln so`m (11 foiz);
Navoiy viloyatida — 7,3 mln so`m (12,6 foiz);
Farg`ona viloyatida — 4,2 mln so`m (13,7 foiz);
Qashqadaryo viloyatida — 4,1 mln so`m (13,7 foiz);
Xorazm viloyatida — 4,6 mln so`mni (14,3 foiz);
Toshkent viloyatida — 5,43 mln so`m (14,3 foiz);
Qoraqalpog`istonda — 4,7 mln so`m (15 foiz);
Namangan viloyatida — 4,3 mln so`m (o`sish 16,1 foiz).
Yanvar—mart oylarida axborot va aloqa sohasidagi o`rtacha ish haqi eng yuqori sur`atda o`sib (26,8 foiz), 14,8 mln so`mga etgan.
Oyliklar san`at, ko`ngil ochish va dam olish yo`nalishlarida ham sezilarli o`sgan (20,2 foiz) va o`rtacha 4,8 mln so`mni tashkil etgan.
Doimgidek bank, sug`urta, lizing, kredit va moliyaviy vositachilik sohalarida ish haqi miqdorlari boshqa kasblardagiga nisbatan yuqori bo`lib, 15,8 mln so`mdan oshgan (yillik o`sish 19,8 foiz).
Ta`lim sohasida o`rtacha ish haqi 4 mln so`m (o`sish 17,7 foiz), tashish va saqlashda 8,7 mln so`mga (o`sish 16 foiz) etgan. Shu bilan birga, sog`liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar ko`rsatish sohasida o`rtacha osh haqi 3,6 mln so`mni tashkil etdi (o`sish 11,1 foiz). Bu eng past miqdordagi o`rtacha oylik sanaladi.
Birinchi chorakda o`rtacha ish haqlari qurilish sohasida 6 mln so`m, yashash va ovqatlanish xizmatlari yo`nalishida 4,8 mln so`m, sanoatda 6,9 mln so`m hamda savdoda 6,5 mln so`m bo`lgan.