TIV sukut saqlasa milliy manfaatlarimizni kim himoya qiladi?

28.04.2025 20:12

O`zbekistonning tashqi siyosati doimo davlat mustaqilligi va milliy manfaatlarni himoya qilish tamoyillariga asoslanadi. So`nggi yillarda bu yo`nalishda turli tashabbuslar amalga oshirildi. Biroq ayrim holatlarda davlatning rasmiy vakillari tomonidan zarur pozisiyaning bildirilmasligi jamoatchilik e`tiroziga sabab bo`lmoqda.

Xususan, Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov O`zbekistonga tashrifi davomida Samarqanddagi "Motamsaro ona" yodgorligida rus tilidagi yozuvning yo`qligini tanqid qildi. U yodgorlikdagi so`zlar faqat o`zbek va ingliz tillarida yozilganini ta`kidlarkan: “Bu erda ingliz tilida yozuv bor, lekin ruschasini ko`rmadim. Ona – bu eng muqaddas zot”, deya ekskursovodga murojaat qilgan.

Lavrovning bu bayonoti ijtimoiy tarmoqlarda faol jamoatchilik tomonidan qizg`in munozaralarga sabab bo`ldi. Bir qator blogerlar, jurnalistlar, deputatlar va jamoat faollari Lavrovning bu fikrlariga keskin e`tiroz bildirib, o`z ijtimoiy sahifalarida tanqid va kesatiqlar bilan javob qaytardilar. O`zbekiston mustaqil davlat sifatida davlat tili — o`zbek tiliga hurmat talab qilinishini ta`kidladilar.

Jumladan, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Odiljon Tojiev Moskva Bosh maydoniga o`zbekcha ham yozilsa, keyin o`ylab ko`rishimiz mumkin, deya Rossiya TIV vaziriga javob qaytargan. “O`zbek xalqi tilni majburiyat emas, imkoniyat deb tanlaydi. Xorij tilini sun`iy targ`ib qilish muhabbat emas, qarshi munosabat uyg`otadi. Qolaversa, hurmat talab qilinmaydi – u singadi”, deydi deputat.

Shuningdek, “Milliy tiklanish” partiyasi rahbari Alisher Qodirov rus siyosatchilari O`zbekistonda rus madaniyati va rus tiliga bo`lgan munosabatni yomonlashtirish uchun hamma yo`llarni sinab ko`rayotganini ta`kidlagan. “Nega O`zbekistonda yoshlar hech kim eslatib turmasa ham ingliz, nemis, turk va arab tillarini o`rganishga harakat qiladilar? So`rab olingan hurmat va yolg`on yaratilgan ehtiyojdan faqat teskari natija bo`lishini vazir Lavrov bilmasligi mumkin emas”, deya yozgan Alisher Qodirov.

“Har bir mamlakat o`zining hududidagi tarixiy obida yoki haykali atrofida qaysi tilda yozishini faqat o`zi hal qiladi. Bizning vazirlar ham Rossiyaga borganda ba`zi masalalar bo`yicha Lavrov kabi dadil savol berishni o`rganishlari kerak, shekilli”, deydi O`zJOKU rektori Sherzodxon Qudratxo`ja.

Shuningdek, yana bir qancha blogerlar va jurnalistlar ham Lavrovning bayonotiga nisbatan keskin fikrlar bildirishdi.

Tashqi ishlar vaziri nega jim?

Yuqorida Lavrovning bayonotiga javoban bildirilgan jamoatchilik fikrlari bilan tanishdik. Biroq bu vaziyatda eng muhim savol ochiq qolmoqda: Lavrovga aslida kim rasmiy javob berishi kerak edi?

Bunday holatlarda milliy manfaatlarni himoya qilish va davlat pozisiyasini ochiq bayon etish – Tashqi ishlar vazirining bevosita vazifasi emasmi?

Agar rasmiy shaxslar jim tursa, oxir-oqibatda jamiyatdagi oddiy fuqarolar, blogerlar, universitet rektorlari yoki deputatlar bu bo`shliqni to`ldirishga majbur bo`ladi. Biroq, bunday vaziyatda ular bildirayotgan norasmiy fikrlar davlat siyosati darajasidagi rasmiy bayonot o`rnini bosa oladimi?

Diplomatiyada begona davlat vakilining ichki ishlarga aralashuviga munosabat bildirish — tabiiy va zaruriy harakat sanaladi. Ayniqsa, bu kabi masalalarda rasmiy shaxsning sukutati odamlar orasida norozilik va savollarni kuchaytiradi. Chunki jamoatchilik davlat manfaatlari qachon va kim tomonidan himoya qilinishini ko`rishni istaydi. Bunday vaziyatda Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidovning panada turishi qanchalik to`g`ri?

Baxtiyor Saidovning mutaxassisligi nima, u diplomatiya qoidalaridan etarlicha xabardormi? Shu o`rinda B.Saidovning faoliyatiga to`xtalib o`tsak:

Baxtiyor Odilovich Saidov 1981 yilda Samarqand shahrida tug`ilgan. U Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining bakalavriat va magistratura bosqichlarini tamomlagan, shuningdek, Shveysariyada joylashgan Jahon savdo tashkiloti institutida ham tahsil olgan.

E`tiborlisi shundaki, Saidov asosan iqtisodiyot va savdo yo`nalishida tahsil olgan va faoliyat yuritgan. U 2009–2013 yillarda Koreya Respublikasidagi elchixonada savdo-iqtisodiy masalalari bo`yicha maslahatchi bo`lib ishlagan. 2017–2021 yillarda esa O`zbekistonning Xitoydagi elchisi lavozimida faoliyat ko`rsatgan, shuningdek, Mo`g`uliston va Filippindagi elchilik vazifalarini ham o`rindoshlik asosida bajargan.
Saidov Vazirlar Mahkamasi, Tashqi iqtisodiy aloqalar, investisiyalar va savdo vazirligi hamda “O`zbekengilsanoat” aksiyadorlik jamiyatida rahbarlik lavozimlarida xizmat qilgan. U Favqulodda va Muxtor Elchi diplomatik martabasiga sazovor bo`lgan bo`lsa-da, faoliyatining asosiy yo`nalishi iqtisodiyot va savdo sohalari bilan bog`liq bo`lgan.

2021 yildan 2022 yil oxirigacha O`zbekiston Respublikasi Xalq ta`limi vaziri sifatida ishlagan. 2022 yil 30 dekabrdan esa O`zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi etib tayinlangan. 2023 yil 25 aprelda ushbu lavozimga rasman tasdiqlangan.

Ayni paytda Saidov diplomatiya qoidalari va xalqaro siyosatning nozik jihatlari bo`yicha etarlicha sinovdan o`tganmi? Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov tomonidan O`zbekiston suverenitetiga nozik tegib ketuvchi bayonotlar berildi. Biroq Saidov bunga javoban hech qanday rasmiy izoh bermadi va O`zbekiston pozisiyasini aniq va qat`iy himoya qilolmadi. Diplomatik protokol talab qilgan vaziyatlarda – xususan, davlat sha`niga taalluqli masalalarda – sukut saqlash o`zini oqlamasligi esa kundek ravshan.

Shuningdek, yana bir holat e`tiborga qaratsak. Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov O`zbekistonga tashrif buyurganida, Baxtiyor Saidov u bilan quchoqlashib ko`rishmoqchi bo`ldi. Garchi shaxsiy muloqotlarda quchoqlashish iliqlik va do`stlik belgisi sifatida qabul qilinsa-da, diplomatiyada bunday harakat jiddiy xatolik hisoblanadi.

Chunki Tashqi ishlar vaziri oddiy amaldor emas, balki butun davlatning xalqaro maydondagi sha`ni himoya qiluvchi shaxsdir.

Diplomatik etikada esa qat`iy qoidalar mavjud: diplomatlar, xususan, tashqi ishlar vazirlari, rasmiy uchrashuvlarda hissiyotlarga berilmasdan, muvozanatli, vazmin va ehtiyotkor bo`lishi kerak. Ularning har bir harakati, imo-ishorasi, yuz ifodasi ham xalqaro maydonda davlat siyosatining bir qismi sifatida baholanadi. Shu sababli diplomatik odob-axloq qoidalariga ko`ra, xorijiy delegatlarni kutib olishda faqat rasmiy ko`rinishda – sovuqqon tabassum va oddiy qo`l siqish bilan salomlashish tavsiya etiladi.

Bunday vaziyatlarda esa tashqi siyosat rahbari hissiyotlarga berilmay, o`zini davlat sha`niga mos tarzda tuta bilishi, diplomatik protokolga qat`iy amal qilishi zarur edi.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlarga ko`ra, Lavrovning "Motamsaro ona" yodgorligidagi tanqididan keyin Samarqanddagi tarixiy Registon maydonida o`tkazilgan 3D shou rus tilida ham namoyish etilgan.

Tashqaridan kelgan bir shaxs – u qanchalik yuqori lavozim egasi bo`lmasin, bizning qadriyatlarimiz, madaniyatimiz haqidagi qarorini aytishi va biz o`z yurtimizda, o`z tariximiz, o`z sahnamizda uni rozi qilish uchun shoshilinch tarzda nimalarnidir o`zgartirib chiqishimiz nimani anglatadi?
Davlatning rasmiy vakillari, ayniqsa madaniyat va diplomatiya sohasida ishlaydiganlar, bunday vaziyatlarda birinchi navbatda xalqining g`ururini, mustaqilligini himoya qilish, o`zini o`zi hurmat qilishini ko`rsatishi kerak. Chunki tashqi bosimlarga beriladigan har bir yumshoqlik, oxir-oqibat, o`zligimizni asta-sekin yo`qotishga olib keladi.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
2
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар