Ijtimoiy davlat bunday bo`libdi: energiya narxlarini kompensasiya qilish to`g`risida Prezident qarori imzolandi

10.04.2025 09:44

Energiya resurslari narxi oshishi haqidagi xabar ko`pchilikni o`ylantirib, hatto tashvishga sola boshladi. Ayniqsa, har bir so`mni hisoblab yashaydigan aholaning kam ta`minlangan qismi uchun har qanday narx oshishi bir stress ekani turgan gap.

Biroq kuni kecha davlatimiz rahbari tomonidan imzolangan “Yoqilg`i-energetika sohasida bozor mexanizmlarini joriy etishda ehtiyojmand aholini davlat tomonidan qo`llab-quvvatlashning qo`shimcha chora-tadbirlari to`g`risida”gi qaror ayni vaqtida qo`yilgan olqishga sazovor qadam bo`ldi.

Mazkur hujjat aholining ijtimoiy himoyasini ta`minlash va bozor iqtisodiyotiga o`tish jarayonida adolatli mexanizmlarni joriy etishda katta ahamiyat kasb etadi.

Qolaversa, ushbu qarorda “ijtimoiy davlat” konsepsiyasida nazarda tutilgan fuqarolarning ijtimoiy himoyasi va faravonligi uchun qayg`urish missiyasi aniq namoyon bo`lmoqda.

Qarorning asosiy maqsadi va ahamiyati

Bu qarorning asosiy maqsadi – yoqilg`i-energetika resurslari narxlarining bozor tamoyillariga moslashuvi natijasida yuzaga kelishi mumkin bo`lgan moliyaviy yuklamalarni kam ta`minlangan oilalar uchun yumshatish va ularni ijtimoiy himoya qilishdir. 

Shu maqsadda davlat tomonidan doimiy kompensasiya va bir martalik moddiy yordam taqdim etiladi.

Qarorda ijtimoiy himoyalash nazarda tutilgan oilalar

Qarorga muvofiq, 2025 yil 1 maydan 2027 yil 1 aprelga qadar quyidagi oilalar elektr energiyasi va tabiiy gaz uchun maxsus kompensasiyalarga ega bo`ladi:

  • “Ijtimoiy himoya yagona reestri” axborot tizimiga axborot tizimi orqali bolalar nafaqasi va moddiy yordam oluvchi oilalar;
  • “Kambag`al oilalar reestri”da mavjud bo`lgan oilalar;
  • Reestrlarga kiritilmagan, biroq mol-mulki bo`yicha kam ta`minlangan deb topilgan va oila a`zolari jon boshiga daromadi minimal iste`mol xarajatlarining 1,5 barobaridan oshmaydigan oilalar 

 

Kompensasiya miqdorlari

  • elektr energiyasi iste`moli uchun – oyiga bazaviy me`yordan 150 kVt soatgacha;
  • Tabiiy gaz uchun oyiga isitish mavsumida oyiga bazaviy me`yordan 250 kub metrgacha, boshqa davrlarda oyiga bazaviy me`yordan 150 kub metrgacha ortiq foydalanilgan qismi uchun bazaviy me`yor doirasidagi hamda bazaviy me`yordan oshgan narxlar o`rtasidagi farq kompensasiya qilib beriladi.

 

Qo`shimcha moddiy yordam choralari

Bundan tashqari, 2025/2026 yilgi isitish mavsumida ehtiyojmand oilalarga bir martalik 1 million so`m miqdorida moddiy yordam ajratiladi. Bu yordam quyidagi oilalarga taqdim etiladi:

  • Reestrlarga kiritilgan oilalar;
  • “Mahalla ettiligi” xulosasiga ko`ra yordamga muhtoj deb topilgan oilalar.

Mazkur yordamning shaffof va adolatli taqsimlanishini ta`minlash maqsadida mahalla organlari, mahalliy hokimliklar va ijtimoiy himoya agentliklari faoliyat olib boradi.

Moliyaviy ta`minlash va nazorat mexanizmi

Davlat mazkur dasturni moliyalashtirish uchun respublika byudjeti mablag`laridan foydalanishni rejalashtirgan. Shuningdek, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Xalq banki va Ijtimoiy himoya milliy agentligi birgalikda ushbu to`lovlarning o`z vaqtida va to`liq amalga oshirilishini ta`minlaydi.

Qarorning ijrosi ustidan Bosh prokuratura nazorat o`rnatadi va ajratilgan mablag`larning maqsadli sarflanishi qat`iy nazorat qilinadi. Shuningdek, Vazirlar Mahkamasi, mahalliy hokimliklar va mahallalar uyushmasi ushbu jarayonlarni muvofiqlashtirib boradi.

Xulosa

Mazkur qaror davlatning aholini ijtimoiy himoya qilish va bozor iqtisodiyotiga o`tish jarayonida barqarorlikni saqlashga qaratilgan strategik siyosatining yorqin namunasidir. Bu nafaqat ehtiyojmand aholining moliyaviy yuklamasini kamaytirish, balki ularning turmush darajasini yaxshilashga qaratilgan muhim qadamdir.

Bunday qarorlar aholining davlatga bo`lgan ishonchini oshirish bilan birga, ijtimoiy tenglikni ta`minlash va iqtisodiy barqarorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi. 

Davlat tomonidan ta`minlanayotgan yordam choralari adolatli ijtimoiy siyosat yuritish yo`lidagi muhim tadbirlardan biri bo`lib, aholining ehtiyojlarini qondirishda samarali vosita bo`lib xizmat qiladi.

Mashhura Yunusova

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
0
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар