Xalq ko`z oldidagi mashhurlar kasalxonalarda o`layotgan bir davrda, oddiy odamlarning taqdiri nima bo`lmoqda? Bemorlar tirik qolishi uchun hokim yoki vazir aralashishi shartmi?
So`nggi yillarda tez-tez quloqqa chalinayotgan voqealardan asosiylari O`zbekiston tibbiyotida turli xatoliklar tufayli bemorlarning hayotdan ko`z yumishi, nogiron bo`lib qolishi kabi mudhish voqealar. Bu holat yuzaga kelishiga nima sabab bo`lmoqda? Shifokorlarning tajribasizligimi, zarur jihozlar etishmaydimi? Maosh kamligidan bee`tiborlik qilishyaptimi? Yoki bo`lajak shifokorlarga yaxshi ta`lim berilmayaptimi? Bu masalalarni o`rtaga qo`yib, ularga echim topish lozim, aks holda odamlar qurbon bo`lishda davom etaveradi.
Boshidan esga olamiz. 2022 yil 8 iyunda Ohangaron tumanida shoir Muhammad Ismoilning 25 yoshli o`g`li avtohalokatga uchragan. Og`ir ahvolda tuman shifoxonasiga olib borilgan bemorga qo`l va oyoq sinishi tashxisi qo`yilib, zarur operasiyani amalga oshirmay, 5 kunlab olib o`tirishgan.
Toshkent shahridagi Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam markaziga olib borishga esa, ruxsat berilmagan. Keltirilishicha, 16-tez tibbiy yordam shifoxonasiga ko`chirish uchun bemorning otasidan juda ko`p hujjatlar talab qilingan. “Tumandan o`zlaricha olib ketisholmas ekan, oldin viloyatga, viloyatdan keyin 16-tez tibbiy yordam shifoxonasiga olib borish kerak. Birovi bosh ko`tarib, aytolmas ekan, aytishsa, o`zlarini qarayolmaganlikda ayblasharkan. 6 kundan beri bolangizni qo`l-oyog`i sinib yotsa-yu, hech kim e`tibor qilmasa, nima qilish qilish mumkin?”, – degan bemorning otasi. Keyinchalik voqeaga Sirdaryo viloyati hokimi va Sog`liqni saqlash vaziri aralashuvidan keyin muammo hal qilingani haqidagi xabarlar ham quloqqa chalingan edi.
Joriy yil Namangan viloyati Pop tumanida 36 yoshli Hojiakbar Qirg`izov ham birgina son qismi sinishi bilan borib, oxiri shifoxonadan uning jasadi qaytgani xaqida xabar berildi. Oyoqqa temir qo`yish uchun shifokor bemorning yaqinlaridan 1 000 AQSh dollari so`ragan. Jarrohlik stoliga yaxshi kayfiyatda, soppa-sog` kirib ketgan Hojiakbar Qirg`izovning ikkinchi amaliyotdan keyin ahvoli yomonlashib, komaga tushib qolgan. Bir necha kun komada yotgan bemor 27 mart kuni vafot etgan. Balki uning jarrohlik amaliyotiga ham "kattaroq" shaxs aralashganida, tirik qolarmidi?!
Bundan tashqari, bloger Farhod Mannopov vafoti va yaqinda Kokosh taxallusidagi bloger Komila Abduqodirova ahvoli og`irlashgan vaziyatni kuzatsak, ikkala holatning ham xususiy klinikada sodir bo`lganligini ko`rishimiz mumkin. Shuningdek, blogerning yaqinlari da`vo qilishicha, operasiya qilgan shifokor aslida mutaxassis bo`lmagan, operasiyani You Tube tarmog`idan ko`rib qilganini tan olgan.
Farhod Mannopov operasiyadan chiqmay vafot etgach, voqeaning yakuni sud jarayoni bilan bitgan edi. Bunda ham kimdir shifokorni ayblasa, shifokorning o`zi esa Sog`liqni saqlash vazirligimizda davo uchun zarur preparatlar yo`qligini aytib e`tiroz bildirgan.
Bloger Komila bilan sodir bo`lgan ko`ngilsizlik yuzasidan ham aniqliklar kiritildi. Xabarga ko`ra, blogerga dastlab, operasiyadan so`nggi kasallik tarixi ochiqlanmagan, u esa boshqa tanish shifokorlardan yordam so`rab holatiga izoh olganini aytib, video murojaat yo`lladi. Shuningdek, uning qarindoshiga ko`ra, operasiya jarayonida 2-kurs talabasi, hech qanday hujjati yo`q ordinator Doston ham ishtirok etgan. Operasiya 8 soat davom etgan. Shifokorning qon bosimi oshib operasiyaga qatnasha olmasdan stomatolog shifokorni taklif qilgan, uning hech bir hujjati va bu klinika bilan shartnomasi bo`lmagan, ya`ni bu klinikada ishlamaydigan shifokor va uning shogirdlari – talabalar operasiya qilishgan.
Xususiy shifoxonalar murojaat qilsa, tajriba quyoni qilishsa, davlatniki hujjatbozlik qilsa, unda barcha chetda davolanib kelishi kerakmi? Shuningdek, aktrisa Halima Ibragimova ham ikkinchi operasiyadan so`ng ahvoli og`irlashib qolgani va vafotiga shu voqea sabab bo`lgani haqida shou-biznes olamida xabarlar tarqalgan edi. Ammo voqea yopdi-yopdi qilindimi, har holda, mavzu qayta ochilmadi ham, tekshirilmadi ham.
Poytaxt tibbiyot muassasalarida holat shunday bo`lsa, viloyatlardan nima kutish mumkin? Axir hech kimga sir emaski, ko`pchilik falon pul tursa-da, sog`ligi uchun qaerdan bo`lmasin pul topib, Toshkent tibbiyotiga intiladi. To`g`ri, davo topib qaytayotgan bemorlar ham ko`p, ammo hozirgi kunda ixtisoslashgan shifo joyi, malakali shifokor va maqbul narxlarni bir joydan topish anqoni urug`ini topishdek noyob holat bo`lib borayotgani ham ayni haqiqat. Yuqoridagi holatlarda bemorlar shou-biznes vakillari, nisbatan taniqli bo`lganidan ularning holatidan xabardor bo`lib qoldik, lekin bizga ma`lum bo`lmagan aholi orasidagi qurbonliklar qanchadan qancha?
Vaziyat shu zaylda davom etaveradimi? Yoki muammoning ildizi o`rganilib, yakuniy echim topiladimi? Tanganing ikki tomoni bo`lganidek, ushbu masalaga faqat shifokorlarni ayblab va jazolab echim topib bo`lmaydi. Sog`liqni saqlash tizimida muammolar talaygina. Jumladan, hokim Erkinjon Turdimov Sirdaryo viloyatining katta shifoxonalaridan biriga tashrif buyurib nazorat o`tkazganda, bir necha kamchiliklari sirasida kerakli dori-darmonni xalqqa bermasdan, ularni sotib olishga majbur qilganini qoralagan edi. Hokim, hatto ustiga kiyib olishga oq xalat topilmagani yuzasidan ham e`tiroz ham bildirgan.
Davlat tibbiyot tashkilotlarida xodimlar oyligi pastligi, shu sabab ko`p kadrlar xususiy sektorga ishga o`tib ketayotgani bo`yicha ham e`tirozlar bildirilgan edi. Bundan tashqari, eng ko`p korrupsiyaviy holatlar sog`liqni saqlash tizimida kuzatilgan. Bu holatga prezident korrupsiya mavzusi bo`yicha o`tkazilgan yig`ilishda e`tiroz bildirganidan so`ng Antikorrupsiya rahbari "tepa"dagi muammolarni chetga surib, mayda korrupsiya holatlarini o`rganishga kirishib ketganiga ham qisman guvohi bo`ldik. Nega har bir masalaga prezident aralashmagunicha, mas`ul shaxslar joyidan jilmasligi alohida masala.
Tibbiy yordam mashinasida o`tin tashilsa, Tez tibbiy yordam xodimlari, baribir o`ladi, uyi yo`q deya tibbiy yordam ko`rsatishdan bosh tortib bemor ayolni zinada qoldirib ketsa, bunday yurtda inson qadri haqida yana nimalar deyish mumkin? E`tirozlar, tanqidlar shunchaki og`izda yoki yozuvlarda qolib ketaversa, salomatlik bo`yicha kelajakdagi holatni tasavvur qilavering. Mas`ullardan ushbu masalaga jiddiy e`tibor qaratishini va kamchiliklar bartaraf etilishini so`rab qolamiz.