O`zbekistonda kichik atom elektr stansiyasini qurish loyihasi jadvaldan oldin amalga oshirilmoqda. Bu haqda Atom energiyasi agentligi («O`zatom») direktori Azim Axmedxadjaev ma`lum qildi. (https://youtu.be/CTx7kdOEzI8?si=IF_fJc1jxUaiIowH)
O`zbekiston go`yoki murakkab infratuzilma loyihalarini amalga oshirishga qodir emasligi haqidagi tanqidlarga javob berar ekan, u atom elektr stansiyasi qurilishini boshqa toifadagi loyihalar bilan taqqoslab bo`lmasligini ta`kidladi.
Eplab to`g`on qurolmaymiz-u...
«Eplab to`g`on qurolmaymiz-u, bu erda esa atom stansiyasi qurmoqchimiz, kabi shubhalarni biroz tarqatmoqchiman. Biroq bular mutlaqo taqqoslab bo`lmaydigan narsalar. Nima uchun? Chunki bu juda ko`p tomonlarni o`z ichiga oladigan jarayon. Bu shunchaki qandaydir parranda fabrikasini qurishga o`xshamaydi. Bu yuqori texnologiyali atom stansiyasi bo`lib, uning qurilishining har bir bosqichi turli darajalarda va turli tashkilotlar tomonidan nazorat qilinadi. Bu jarayonda aynan MAGATE etakchi tashkilot hisoblanadi», — dedi «O`zatom» rahbari.
Uning so`zlariga ko`ra, loyihani nazorat qilishda Xalqaro atom energiyasi agentligi (MAGATE) hal qiluvchi rol o`ynaydi. Aynan shu tashkilot stansiya qurilishining barcha bosqichlari xalqaro xavfsizlik standartlariga muvofiqligini kuzatib boradi.
«Shu sababli biz xavfsizlik va standartlar bo`yicha turli xalqaro konvensiyalarga qo`shilamiz. Biz ularning barcha bosqichlarda kelib, o`z tadqiqotlarini o`tkazishlarini va xulosalarini berishlarini xohlaymiz. Shunchaki „Rosatom“ bilan stansiya qurdik, mana foydalaning» degan holat bo`lmasligi kerak. Yo`q, bu MAGATE ijobiy xulosa berganidan keyingina amalga oshadi," — deya ta`kidladi agentlik rahbari.
Agentlik rahbari aytishicha, bugungi kunda asosiy tadqiqot ishlari yakunlanib, loyiha-smeta hujjatlari tayyorlab bo`lingan. Shuningdek, montaj bazasi qurilishi ham nihoyasiga etmoqda. Stansiyaning o`zini qurish 2026 yilning ikkinchi choragida, ya`ni «birinchi beton» quyilishi rejalashtirilgan paytda boshlanishi ko`zda tutilgan.
U ta`kidlaganidek, ishlar turli mamlakatlardan mutaxassislarni jalb etgan holda olib borilmoqda. Xususan, stansiya va turbinalarni boshqarishning fransuz avtomatlashtirilgan tizimlari hamda xitoy texnologiyalarini o`rnatish masalasi ko`rib chiqilmoqda.
«Biz [texnologiyalardan] qandaydir „kompot“ yaratmoqchi emasmiz. Biz atom stansiyasi uchun eng sifatli mahsulotni taqdim etadigan tomonlarni jalb etamiz… Shu sababli, ushbu loyihada Evropa va Xitoy kompaniyalari ham mamnuniyat bilan ishtirok etadi. Masalan, stansiyani boshqarishning eng yaxshi avtomatlashtirilgan tizimlaridan biri fransuzlarniki hisoblanadi. Fransiyada elektr energiyasining 70 foizdan ortig`i atom stansiyalarida ishlab chiqariladi. Biz stansiyani boshqarishning avtomatlashtirilgan tizimini o`z stansiyamizda qo`llash uchun aynan shu variantni ko`rib chiqyapmiz. Shu bilan birga, fransuz tomonida bu Rossiya stansiyasi ekani bilan bog`liq muammo yo`q», — dedi u.
Shuningdek, «O`zatom» rahbarining so`zlariga ko`ra, loyihada Fransiya va Xitoyning elektr energiyasi ishlab chiqarish bo`yicha turbinalari ko`rib chiqilmoqda. «Xitoycha — ajoyib variant, ular Evropa texnologiyalari asosida ishlab chiqarilgan. Turkiyada „Rosatom“ tomonidan qurilayotgan „Akkuyu“ atom elektr stansiyasida Alstom kompaniyasining Arabelle fransuz turbinalaridan foydalanilmoqda. Bu xalqaro va o`zaro manfaatli jarayonlarda hamma ishtirok etmoqda. Shuning uchun men bunda sanksiyalar bilan bog`liq qandaydir muammolarni ko`rmayapman», — deya ta`kidladi Ahmedxo`jaev.
Rossiyaga qarshi xalqaro sanksiyalarning AES loyihasini amalga oshirishga ta`siri bormi?
«O`zatom» direktori Azim Axmedxadjaev Rossiyaga qarshi xalqaro sanksiyalarning AES loyihasini amalga oshirishga ehtimoliy ta`siri haqidagi savolga javob berar ekan, geosiyosiy beqarorlik loyihada aks etmasligini ta`kidladi.
«Dunyodagi hozirgi vaziyatni inobatga olib, bu haqda o`yladim. Men o`zim uchun siyosatdan tashqarida bo`lgan ikki sohani aniqlayman — bu kosmos va atom. Kosmik dasturlarda rossiyaliklar amerikaliklar bilan ishlaydi Atom energetikasida hamma birgalikda ishlaydi. Bizning loyihamiz o`ziga xos xalqaro loyiha bo`ladi», — dedi u.
Uning ta`kidlashicha, Fukusimadagi falokat sodir bo`lgandan so`ng, ko`plab mamlakatlar atom energetikasini rivojlantirishni to`xtatgan, ammo Rossiya va Xitoy o`z dasturlarini davom ettirib, to`rtinchi avlod texnologiyalarini ishlab chiqishni boshlaganlar. Uning fikricha, boshqa mamlakatlar xato qilganliklarini tushunib etib, Rossiya va Xitoydan orqada qolmaslik uchun o`z dasturlarini qayta faollashtira boshlaganlar. Masalan, AQShda allaqachon 30 dan ortiq kompaniya kichik modulli reaktorlarni ishlab chiqish bilan shug`ullanmoqda.
Nima uchun aynan Rossiya?
Suhbat davomida u, shuningdek, O`zbekistonda kichik atom elektr stansiyasi qurilishi uchun Rossiya texnologiyasining tanlanishi 2018 yildagi kelishuv va sinovdan o`tgan echimlar mavjudligi bilan izohlanishini ta`kidladi.
Axmedxadjaevning so`zlariga ko`ra, qurilish to`g`risidagi qaror 2018 yildayoq qabul qilingan. O`shanda O`zbekiston va Rossiya o`rtasida hukumatlararo bitim imzolangan. Keyinroq tomonlar mamlakat atom energetikasini rivojlantirish kichik AES loyihasidan boshlanadi, degan xulosaga kelgan.
Uning ta`kidlashicha, Rossiya bugungi kunda kichik atom energetikasining referent (sinalgan) texnologiyasiga ega bo`lgan yagona davlatdir. «Ushbu reaktorlar 60 yildan ortiq vaqtdan beri atom flotida ishlatilib kelinmoqda. Hozir ular er ustida foydalanishga moslashtirilgan», — dedi Axmedxadjaev va boshqa mamlakatlardagi shunga o`xshash loyihalar hali faqat ishlab chiqilayotganini qo`shimcha qildi.
O`zbekistondagi kichik atom elektr stansiyasining asosini RITM-200N suv-suvli yadro reaktori tashkil etadi. Bu reaktor ilgari atom muzyorar kemalarida qo`llangan, ammo bunday reaktorlar bilan quruqlikdagi atom elektr stansiyasi hali qurilmagan.
O`zbekiston bu texnologiya uchun tajriba maydoniga aylanmaydimi, degan savolga agentlik rahbari bunday xavf yo`q, deb javob berdi.
«Farqi nimada? Siz menga oddiy odam sifatida shunday deng. [Reaktorning] suvda bo`lishining erda bo`lishidan nima farqi bor? Bu stansiyaga joylashtirilgan reaktor bo`lib, aslida uning elektr energiyasini ishlab chiqarish jarayoni bir xil — u buni atom flotida ham, quruqlikda ham amalga oshiradi», — dedi u.
«Bu — allaqachon er ustida amalga oshirishga moslashtirilgan texnologiya. Va shunday his borki, biz go`yo yangi texnologiyalarni qo`llash uchun foydalaniladigan qandaydir sinov maydoniga o`xshaymiz… Bu yangi texnologiya emas. U allaqachon ishlatilgan, shuning uchun uni referent deb atashadi, chunki u allaqachon foydalanish tajribasiga ega», — dedi Axmedxadjaev.
Nima uchun referendum o`tkazilmadi?
Tender o`tkazish va Qozog`iston bilan taqqoslash haqidagi savolga javob berar ekan, «O`zatom» rahbari O`zbekistonda qonunchilik bunday qarorlar uchun referendum o`tkazishni talab qilmasligini ta`kidladi.
«Konstitusiyamizda bunday talab yo`q. Bundan tashqari, mamlakat prezidenti — aholining ko`pchiligi mamlakatni boshqarishni ishonib topshirgan shaxs. U bunday qarorlar qabul qilishga haqli deb o`ylayman. Ayniqsa, barcha qarorlar chuqur tahlildan so`ng qabul qilinadi», — dedi u.
Axmedxadjaev, shuningdek, jarayon sekin ketayotgani haqidagi fikrga izoh berdi. «Men bu erda „etti o`lchab bir kesishadi“ degan bo`lardim. Etti marta ham emas, 70 marta. Hozir, ehtimol, nostandart yoki bevaqt qarorlar qabul qilinayotgandek tuyulishi mumkin — atom stansiyasining nima keragi bor. Ammo ishoning, bunday qarorlar o`z vaqtida qabul qilingani va kelajakda o`zining yuqori samaradorligini ko`rsatishini keyinchalik tarix ko`rsatadi», — deya xulosa qildi u.
AES mamlakatning energetika xavfsizligi masalasi
Shuningdek, u AES mamlakatning energetika xavfsizligi masalasi ekanini ta`kidladi.
Uning so`zlariga ko`ra, atom energetikasidan voz kechish ko`mir va gaz importiga qaramlikning yanada oshishini anglatadi, bu esa ekologiyaga ham, iqtisodiyotga ham salbiy ta`sir ko`rsatadi.
«Keling, yuqori kaloriyali ko`mirni import qilishda, uni yoqishda, ekologiyamizni zaharlashda davom etaylik. Keling, o`nlab milliard kub metr gaz import qilib, bunga pul sarflaylik. Bir nechta stansiya qurish, elektr energiyasini arzonlashtirish va shunchaki energetika nuqtai nazaridan mustaqil bo`lish mumkin. Energetika nuqtai nazaridan mustaqil bo`lamizmi? Shubhasiz, ha», — dedi Axmedxadjaev.
Mahalliy kadrlar masalasi
O`zbekiston stansiyani boshqarish uchun mahalliy kadrlarni tayyorlashga ham oldindan kirishgan. 2019 yildan buyon mamlakatda Rossiya «MIFI»ning Toshkent filiali faoliyat yuritib, yadro energetikasi sohasida mutaxassislar tayyorlamoqda.
«Mening o`zim ishning ilk kunlaridan birida u erga talabalar bilan suhbatlashish va u erda qanday odamlar tayyorlanayotganini tushunish uchun bordim. Va yaxshi ma`noda shok holatida edim… Nima uchun? Chunki men yoshlarning nurli kelajagini, ularning bu fanni o`rganishga bo`lgan ishtiyoqini ko`rdim. Men u erdan, bilasizmi, xotirjamlik bilan chiqdim», — dedi agentlik rahbari.
Axmedxadjaev O`zbekistonda yadro fanining ko`p yillik tarixini yodga oldi va Yadro fizikasi instituti faoliyatini qayta tiklashda prezident Shavkat Mirziyoevning rolini ta`kidladi. Bugungi kunda mamlakat bir qator radiofarmasevtik preparatlar va izotoplar ishlab chiqarish bo`yicha etakchi o`rinlarni egallaydi.
«Bizning yod-125`imiz jahon iste`molining 80 foizini qoplaydi va tozalik darajasi bo`yicha Rossiya analogidan 10 ming baravar yuqori», — dedi u.
Axmedxadjaevvning ta`kidlashicha, atom energetikasini rivojlantirish — mahalliy olimlar avlodlari ishining davomi, bu sa`y-harakatlarni tanqid qilish esa «olimlarimiz erishgan mehnatni, natijalarni chippakka chiqaradi».