Har safar “Tashabbusli byudjet” loyihasi start olganda aholi gavjum joylarda “bitta ovoz – falon so`m” degan tanish chaqiriqlar yangraydi. Rasmiy bayonotlarda jarayon fuqarolarning tashabbuslarini qo`llab-quvvatlashga qaratilgani aytiladi, amalda esa o`qituvchilar, shifokorlar va boshqa davlat xizmatchilari o`z ishini tashlab, ovoz yig`ishga majburlanadi.
Hamshiralar odamlarning sog`lig`i bilan shug`ullanish o`rniga, ish vaqtida uyma-uy yurib, ovoz to`plash bilan ovvora bo`ldi. Ma`muriyat ishchi xodimlari ham ish vaqtida kompyuterda ovoz yig`ishga jalb qilindi.
Bu haqiqatdan ham xalq manfaati uchun qilingan loyiha bo`lsa, nega uni qo`llab-quvvatlash majburiyatga aylanib qoldi? Nima uchun xalq o`zining haqqi bo`lgan, o`zi to`laydigan soliqlar evaziga bitiriladigan ehtiyojlari uchun yana o`z yonidan pul sarflab, ovora bo`lib, ishlarini bir chetga surib, kamiga gap-so`zga qolib ovoz to`plashi kerak?
Aslida, “Tashabbusli byudjet” qanday loyiha? Ushbu jarayonda shaffoflikni ta`minlash uchun chora-tadbirlar ko`rilyaptimi?
Rost24.uz shu kabi savollarga javob topishga harakat qildi.
Open byudjet nima?
"Open byudjet" – bu hukumatning byudjet jarayonini shaffof va hammaga ochiq qilishga qaratilgan tizimi.
“Tashabbusli byudjet” esa oddiy odamlar davlat mablag`ining bir qismini o`zlari istagan loyihalarga yo`naltirish imkoniyatiga ega bo`ladigan tizim. Ya`ni, hukumat qaysidir miqdordagi mablag`ni ajratadi, lekin uni qaerga sarflashni xalqning o`zi hal qiladi.
Ushbu jarayon qanday ishlaydi?
Fuqarolar mahallalaridagi muammolar yoki ehtiyojlar asosida o`z takliflarini "Ochiq byudjet" portaliga joylashtiradi. Masalan, kimdir: "Bizga yangi bolalar maydonchasi kerak" desa, yana kimdir "Yo`limiz ta`mirtalab, uni tuzatish kerak" deydi. Yana boshqa birov "Mahallamizda tungi yoritish tizimi yo`q" – deb taklif beradi.
Hukumat vakillari va mutaxassislar ushbu takliflarni o`rganib chiqadi va mablag` etadimi? Haqiqatan ham bu loyiha amalga oshsa foydali bo`ladimi? Shu savollarga javob izlanadi.
Keyin fuqarolar o`zlariga yoqqan loyihalar uchun ovoz berishadi. Eng ko`p ovoz to`plagan takliflar g`olib bo`ladi va davlat tomonidan moliyalashtiriladi.G`olib bo`lgan loyihalar mahalliy hokimiyat va tegishli tashkilotlar tomonidan bajariladi.
Xalq loyihaning qanday amalga oshirilayotganini kuzatish, tanqid qilish yoki fikr bildirish huquqiga ega. Ammo amalda bunga imkoniyat bormi?
Masalan, g`olib bo`lgan tashabbus oradan 4-6 oy o`tib, boringki 1 yil o`tgach bitkaziladi, lekin kim uni tekshiradi? Sifatni kim nazorat qiladi? "Tashabbusli byudjet" doirasida g`olib bo`lgan loyihalarning yakuniy natijasini Open Byudjet saytidan topish mumkinmi? Bu savollar hozircha javobsiz qolmoqda.
Ammo yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda “Tashabbusli byudjet” tashabbusi bilan qurilgan stadionning qurib bitkazilgani haqida bo`lmasa ham, bitta qorga bardosh bermay qulab tushgani haqida ma`lumotga ega bo`dik.
Jizzax viloyati Baxmal tumanidagi 48 maktab hududida joylashgan sun`iy qoplamali stadionning tomi qulab tushdi. Hokimlikning ma`lum qilishicha, bu holat kuchli shamol va qalin qor tufayli yuzaga kelgan. 1,19 milliard so`mga qurilgan ushbu inshoot nima uchun bir kecha yoqqan qorga dosh bera olmadi? Qurilish sifati va nazorati qanday bo`lgan? Tabiiy omillar, masalan, qor va yomg`irlar, loyiha rejasiga kiritilmaganmi? Hozirgi kunda, ushbu tashabbus asosida qurilgan boshqa obektlarning ahvoli haqidagi ma`lumotlar yo`q.
Ushbu loyiha nima maqsadda ishlab chiqilgan?
Ushbu loyiha qaysi masala muhim ekanini hokimiyat emas, aynan aholi hal qilishi uchun ishlab chiqilgan. Sababi, qaerda muammo borligini hokimiyat binosida o`tirgan amaldorlardan ko`ra, muammoli hududda yashovchi aholi yaxshiroq biladi.
Xalqaro tajriba
Partisipator byudjetlashtirish deb ataluvchi open byudjet tizimi 1989 yilda birinchi marta Braziliyaning Porto-Alegri shahrida qo`llanilgan. Ma`muriyat fuqarolarga shahar byudjetining bir qismini qanday taqsimlash to`g`risida qaror qabul qilish imkoniyatini berdi. Bugungi kunda, o`ttiz yillik muvaffaqiyatli amaliyotdan so`ng, Porto-Alegri fuqarolari shahar byudjetining 20 foizini taqsimlashga erishgan.
Shuningdek, mazkur byudjet amaliyotini G`arbiy va Sharqiy Evropadagi 20 dan ortiq davlatlar, Lotin Amerikasi, AQSh, Xitoy, Hindiston, Janubiy Koreya va boshqa ko`plab davlatlar muvaffaqiyatli qo`llamoqda. Masalan, Hindistonning Kerala shtatida partisipator byudjetlashtirish amaliyoti 1996 yilda to`liq amalga oshirilgan bo`lib, fuqarolar 24 yildan ko`proq vaqtdan beri byudjet jarayonida ishtirok etib kelmoqda.
Braziliyada ishtirokchi byudjetlashtirish
Braziliyada ishtirokchi byudjetlashtirish (IB) dasturi 1989 yilda Porto-Alegre shahrida joriy etilgan. Ushbu jarayonda fuqarolar shaharning byudjeti qanday sarflanishini belgilashda bevosita ishtirok etib, mahalliy loyihalar uchun mablag` ajratish masalalarini muhokama qilishadi va ovoz berishadi. Bu yondashuv hukumat xarajatlarida shaffoflik va hisobdorlikni oshirish, shuningdek, fuqarolarning siyosiy jarayonlarda faol ishtirokini ta`minlashga xizmat qiladi.
Umuman olganda, byudjetlashtirish Braziliyada fuqarolarning davlat boshqaruvida bevosita ishtirokini ta`minlash orqali demokratiyani mustahkamlash va ijtimoiy adolatni targ`ib qilishda samarali vosita sifatida e`tirof etilgan. Har holda ularda bizdagi kabi pulga ovoz sotib olinmaydi, kim o`zarga musobaqalishmaydi.
O`zbekistonda tashabbusli byudjetlash jarayoni
O`zbekistonda tashabbusli byudjetlash jarayoni 2019 yilda joriy etilgan. Bu tizim orqali fuqarolar davlat budjeti mablag`larini qanday sarflashni belgilashda bevosita ishtirok etish imkoniyatiga ega bo`ldilar.
Shu kungacha ushbu loyiha jarayonida ko`zga ko`ringan kamchiliklarni bartaraf etish uchun bir necha bor o`zgartirishlar kiritildi. Jumladan, 2025 yil 13 yanvarda Oliy Majlis Senati Kengashining qaroriga muvofiq, har bir tuman va shahar byudjetida kamida 10 ta, ko`pi bilan 30 ta loyiha uchun etarli mablag`lar rejalashtirilishi belgilandi. Agar loyihalar soni 10 tadan ortiq bo`lsa, mablag`lar aholi soniga mutanosib ravishda taqsimlanadi. Bu o`zgarish mablag`larning adolatli taqsimlanishini ta`minlash va har bir hududning ehtiyojlariga mos ravishda loyihalarni moliyalashtirish maqsadida kiritilgan.
Tashabbusli byudjet doirasidagi cheklovlar
Tashabbusli byudjet doirasida tashkilotlar tomonidan avtomobillar, jamoat xavfsizligini ta`minlashga oid jihozlar (radarlar, kuzatuv kameralar, svetoforlar) va rahbar xodimlar uchun mebel jihozlarini xarid qilish taqiqlanadi. Bu cheklovlar mablag`larning ijtimoiy ahamiyatga ega loyihalarga yo`naltirilishini ta`minlash va byudjet mablag`larining samarali sarflanishini nazorat qilish uchun joriy etilgan.
2024 yil 1 apreldan yangi tartiblar
2024 yil 1 apreldan boshlab, tashabbusli byudjet doirasidagi loyihalar tashabbuskorlar, mahalla raisi va faollarining ish sifati yuzasidan roziligi olinganidan keyingina foydalanishga qabul qilish tartibi joriy etildi. Bu o`zgartirish loyihalarning sifatli amalga oshirilishini ta`minlash va jamoatchilik nazoratini kuchaytirish maqsadida kiritilgan.
Oliy o`quv muassasalarining ishtiroki
2025 yildan boshlab, moliyaviy mustaqil bo`lgan oliy o`quv muassasalarining tashabbusli byudjet jarayonlarida ishtirok etishiga ruxsat berilmadi. Bu o`zgartirish oliy o`quv yurtlarining moliyaviy mustaqilligini inobatga olgan holda, ularning byudjet jarayonlarida ishtirokini tartibga solish uchun kiritilgan.
Ovoz berish tizimi
Dastavval, har bir fuqaroda nechta telefon raqami bo`lsa, shuncha ovoz berish huquqiga ega edi. Keyinroq, loyihaning haqqoniyligini ta`minlash maqsadida, har bir odamga pasporti bilan olingan bitta raqamda ovoz berish tizimi joriy etildi. Bu, albatta, yaxshi, ammo ovozlar soni ma`lum hududda yashovchilar sonidan ortiq bo`lishi ham inobatga olinsa, tizim yanada adolatli va samarali bo`lardi.
Jarayonning adolatli tashkil etilishi uchun shuncha o`zgartirishlar kiritilyapti. Xo`sh, bu bilan ovoz yig`ish jarayoni shaffoflashdimi? Afsuski, yo`q. Tizimdagi muammolar va majburiy ovoz yig`ishga bo`lgan da`vatlar yanada ortmoqda.
Masalan, aholining ko`p qismi "tashabbusli byudjet " deganda, mahallalaridagi kamchiliklarni bartaraf etish emas, balki o`z ovozlari evaziga ozgina bo`lsa-da, ro`zg`or uchun pul ishlab olishni tushunishadi. Afsuski, "Bitta ovozga palon so`m, ikki ovozga piston so`m, yo`q joydan pul ishlab oling", deya ovoz yig`uvchilar dastidan insonlar, qaysi loyihaga va nima uchun ovoz berayotganlari haqida o`ylab ham ko`rishmaydi.
Shuningdek, maktablarda o`qituvchilarga bo`ladigan tazyiqlar, shifoxonalardagi ovoz yig`ishga majburlangan xodimlar mashmashasi ortsa ortdiki, aslo kamaymadi. Jumladan, Chirchiq shahridagi 8 maktabda boshlang`ich sinf o`qituvchisi ota-onalarga ovoz berishni talab qilib ovozli xabar yuborgan. U bu ishga maktab ma`muriyati tomonidan majburlanganini aytgan. Natijada vaziyat jamoatchilik e`tiboriga tushgandan so`ng javobgarlik oddiy o`qituvchiga yuklatilgan.
Audio yozuvda o`qituvchi ma`muriyat tomonidan bosim bo`layotganini ochiq aytgan bo`lsa-da, Toshkent viloyati Maktabgacha va maktab ta`limi boshqarmasi hech kim majburlanmaganini, ovozlar faqat ixtiyoriy to`planganini ta`kidlagan.
Andijon tumani (53-IDUM) 45 maktablarida ham Open byudjet uchun o`qituvchilarning barchasidan majburiy tarzda dastlab 650 ming so`mdan, o`quvchilarni har biridan 100 ming so`mdan pul yig`ishgan.
Shundan so`ng yig`ilgan pullar etmaydi degan vaj bilan yana o`qituvchilardan 1 million so`mdan pul talab qilingani to`g`risidagi murojaatlar ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan.
Shuningdek, Samarqand viloyati Qo`shrabot tumanidagi 12 maktabda xodimlar open byudjet bilan ishlashmayotgani tanqid qilinib, yig`ilgan ovozlarning skrinshotlar orqali hisoboti berilishi talab qilingan.
Toshkent shahrida ham shu ahvol. 165 maktabda ham har bir sinf uchun 100 tadan har bir bola uchun 3 tadan ovoz yig`ish majburiyati yuklangan.
Shu bilan birga, ish vaqtida hamshiralar uyma-uy yurib ovoz to`plashga majburlangani hamda ma`muriyat ishchi xodimlari ish vaqtida kompyuterda ovoz to`plash bilan ovora bo`lgani to`g`risidagi xabarlar ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqaldi.
Aslida, SSV poliklinika va shifoxonalarni ta`mirlash, jihozlash va ularning moddiy-texnik bazasini yaxshilash uchun mas`ul hisoblanmaydimi? Xuddi shunday, maktablar ham Maktabgacha va maktab ta`limi vazirligi tomonidan moliyalashtirilishi kerak.
Bu kabi holatlar ko`p uchraydi, ammo hamma ham jurnalist yoki blogerlarga, mas`ullarga murojaat qilib, “bizni ovoz to`plashga majburlashyapti” deb shikoyat qilavermaydi. Ko`pchilik “ko`pga kelgan to`y” deb, ko`nib ketaveradi...
Yuqorida keltirilgan muammoli vaziyatlar aynan shu mavsumda kuzatilgan va bu haqda hozircha aniq statistika e`lon qilinmagan.
Lekin 2024 yilgi “Tashabbusli byudjet”ning 2 mavsumida majburiy ovoz berishga undash bo`yicha 39 ta shikoyat kelib tushgan. Eng ko`p murojaatlar Farg`ona (7 ta), Toshkent shahri (6 ta), Namangan va Jizzax (5 tadan) viloyatlaridan bo`lib, ular asosan umumta`lim maktablari (19 ta) va tibbiyot muassasalari (16 ta)da kuzatilgan.
Vazirlik esa shikoyatlar Xalq deputatlari kengashlariga yuborilishi va tasdiqlansa, tegishli loyihalar ovoz berish jarayonidan chiqarilishi yoki g`oliblar ro`yxatidan olib tashlanishi mumkinligini ta`kidlagan.
Ma`lumot uchun, endilikda majburiy ovoz to`plangan loyihalar dasturdan chetlatiladi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi xabar berdi.
Vazirlikka ko`ra, ijtimoiy tarmoqlarda Farg`ona viloyati Quva tumanidagi 37 maktabda majburiy ovoz berish holatlari yuzasidan xabarlar tarqalgan.
Mazkur holat tegishli organlar tomonidan o`rganilib, ushbu maktabda xodimlar majburiy ovoz berishga jalb etilgani tasdiqlangan. Shu sababli, Iqtisodiyot va moliya vazirligi mazkur maktabdagi majburiy ovoz to`plangan loyihalarni ovoz berish jarayonidan chetlatish bo`yicha tegishli tuman Xalq deputatlari kengashiga taqdimnoma yuborgan.
Farangiz Qosimova