Pora, qiynoq va o`limlar – Po`lat Bobojonov ketdi, muammolarchi?

08.03.2025 13:12

Joriy yilning 3 mart kuni Ichki ishlar vaziri lavozimida 7,5 yil xizmat qilgan Po`lat Bobojonov lavozimidan ozod etildi.

Bobojonov Po`lat Razzoqovich 1961 yil 1 yanvarda Xorazm viloyatining Bog`ot tumanida tug`ilgan. U 1977–1982 yillarda Toshkent davlat universitetining yuridik fakultetida o`qigan.

2017 yildan buyon Ichki ishlar vaziri sifatida ishlab kelgan Bobojonov bungacha Xorazm viloyati hokimi, Buxoro viloyati prokurori, Jizzax viloyati prokurori, Bosh prokuraturaning Soliq va valyuta jinoyatlariga qarshi kurashish departamenti boshlig`i, O`zbekiston Respublikasi Bosh prokurori o`rinbosari lavozimlarida faoliyat yuritgan.

Shuningdek, u 2024 yil 25 avgust kuni Prezident farmoniga ko`ra, milliy manfaatlarni himoya qilish, qonun ustuvorligi va jamoat tartibini mustahkamlashdagi xizmatlari uchun I darajali “Shon-sharaf” ordeni bilan mukofotlangan.

Xo`sh, Po`lat Bobojonovning Ichki ishlar vaziri lavozimida faoliyat olib borgan yillarida bu tizimda qanday o`zgarishlar kuzatildi?
So`nggi yillarda IIBda korrupsiya bilan bog`liq holatlar kamaydimi?
Ichki ishlar tizimidagi shaffoflik, OAV bilan ochiqlik qay darajada edi?

OAVda ochiqlik va shaffoflik siyosati

O`zbekiston Prezidentining 2017 yil 4 sentyabrdagi farmoni bilan Ichki ishlar vaziri lavozimiga tayinlangan Po`lat Bobojonov o`z faoliyati davomida 2016 yildan keyin tayinlanganlar orasida OAVdan “uzoq” vazir sifatida tanqid qilingan. Bu haqda BBC nashri ham Po`lat Bobojonovni O`zbekiston hukumatidagi matbuot va mahalliy jurnalistlar uchun eng yopiq amaldorlardan biri sifatida qayd etgan.

Shundan so`ng, 2022 yilda Ichki ishlar vazirligi tomonidan o`tkazilgan matbuot anjumanlarida jurnalistlar vazirning ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida matbuot anjumani o`tkazmaslik sababini so`rashgan. Vazirlik matbuot kotibi Shohrux G`iyosov bu holatni quyidagicha izohlagan:

"Vazirimiz yil davomida ikki marta Senatda jamoatchilik oldida hisobot beradi, bu jarayon doimiy ravishda yoritib boriladi. Shuningdek, vazirimiz viloyatlarga safar qilganda, mahalliy OAV vakillari bilan uchrashib, ularning savollariga javob beradi. Balki biz bu jarayonlarni etarlicha yoritib bermayapmiz, shuning uchun bunday savollar paydo bo`lmoqda".

Shu bilan birga, 2022 yilda bloger va publisist Shokir Sharipov Po`lat Bobojonovning iste`fosini talab qilib, Toshkent shahrida bir kishilik piket o`tkazgan. U o`zining fuqarolik pozisiyasi tufayli, ayniqsa, Qo`qondagi IIB muassasasida 15 yoshli bolaning o`ldirilishi munosabati bilan shunday qilganini ta`kidlagan.

Vazirlik matbuot kotibi esa, vazirning jamoatchilik fikridan xabardor ekanini va ijtimoiy tarmoqlarni muntazam kuzatib borishini ma`lum qilgan.

Shuningdek, 2023 yilning 10 iyul kuni Chilonzor tuman IIBda tergov qilinayotgan 21 yoshli yigit 4-qavatdagi hojatxona derazasidan o`zini tashlab, olgan jarohatlari tufayli shifoxonada vafot etgan. Advokat Abdumalik Abdullaevning xabariga ko`ra, tergovga qadar tekshiruv hujjatlari bilan tanishgan Chilonzor tuman prokurori holat bo`yicha Jinoyat kodeksining 208-moddasi (Hokimiyat harakatsizligi) bilan jinoyat ishi qo`zg`atish to`g`risida qaror qabul qilgan.

2024 yil 19 iyun kuni Toshkent viloyati Bekobod tumanida sudda janjal ko`targan 33 yoshli fuqaro IIBga olib ketilganidan so`ng, binoga kirish yo`lagida hushidan ketgan. Shifoxonaga olib borilganidan so`ng vafot etgan. IIB bu holatni favqulodda holat sifatida ko`rgan va har bir xodimning harakatlari tekshirilgan. Sud-tibbiy ekspertizasi tayinlanib, prokuratura organlari tekshiruv olib borgan.

Yuqorida tergovga jalb qilinganlarning o`limi bilan bog`liq bir-ikki misol keltirdik, xolos. Bu hali hammasi emas, jumladan, joriy yilning o`zida ham IIBdan ikkita gumondorning jasadi chiqqan.

15 fevral kuni IIB Jazoni ijro etish departamentining Olmaliqdagi 14-sonli koloniyasidan 21 yashar Muhammadqodir Po`latovning jasadi topilgan. Marhumning onasi 26–28 yanvar kunlari o`g`li bilan uchrashgan va bolasining sog`ligida hech qanday muammo bo`lmaganini aytgan. Uning fikricha, o`g`lining badanida qiynoq izlari, elektroshoker iziga o`xshash chiziqlar bo`lgan. Sud-tibbiy ekspertizasiga ko`ra, Muhammadqodir yurak ishemik kasalligidan vafot etgan, lekin onasining fikricha, bu holat tasodif emas.

Ikkinchi holatga e`tibor qaratsak, 15 fevral kuni Surxondaryo viloyatining Uzun tumanida 42 yoshli ayol va uning bolasi o`ldirilib ketilgan, uyi esa yoqib yuborilgan. Bu ishda gumonlangan Tohirjon Hayitov 23 fevral kuni Uzun tumanidagi yashash uyidan tergovga olib ketilgan. Oradan ikki kun o`tib, 25 fevral kuni u o`lik holda oilasiga topshirilgan. Hayitovning jasadi Sariosiyo tumanidagi o`likxonadan topilgan.

Marhumning o`g`li “Ushbu tergov davomida hech qanday sabab ko`rsatilmagan holda otamni tuhmat va bo`hton bilan qiynoqqa solishgan, hamda turli xil yo`llar bilan jinoyatni bo`yniga qo`yishmoqchi bo`lishgan,” – deb ta`kidlagan.

"Otamni 2 kun o`tib, kecha, 25 fevral kuni yurak xurujidan vafot etdi, deyishdi. Vaholanki, otamning sog`lig`i bilan umuman muammo bo`lmagan. Fermer odam, kuni dalada o`tar edi," – deya qo`shimcha qilgan u.

Shu bilan birga, IIB xodimlarining vafot etish holatlari ham kuzatilgan. Ma`lum manbalarga ko`ra, 2022 yilning 10 oyi davomida 25 nafar xodim vafot etgan, shundan 9 nafari yo`l-transport hodisasi oqibatida, 16 nafari esa xizmat vazifasini bajarish vaqtida hayotdan ko`z yumgan.

2019 yilning oktyabr oyida ichki ishlar organlari xodimlarining bayrami arafasida O`ZA muxbiri sobiq ichki ishlar vaziri Po`lat Bobojonov bilan suhbatlashadi.

Suhbat davomida sobiq vazir korrupsiyaga qarshi qat`iy kurash olib borayotganini ta`kidladi. Unga ko`ra, korrupsiya davlat nufuziga, iqtisodiyotga va xalqning kelajakka ishonchiga jiddiy ta`sir qiladi. Ichki ishlar idoralarida korrupsiyaga qarshi profilaktik tadbirlar, o`quv mashg`ulotlari va maxsus hujjatlar qabul qilingan.

Shuningdek, xodimlarning ijtimoiy himoyasi kuchaytirilayotgani va moddiy rag`batlantirish choralari ko`rilayotganini aytadi.

Biroq, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining axborotiga ko`ra, 2021 yilda 91 nafar davlat xizmatchisi pora olgan, ulardan 49 nafari – rahbar, 8 nafari esa rahbar o`rinbosari bo`lib, eng ko`p poraxo`rlik ichki ishlar tizimida kuzatilgan.

Bundan tashqari, OAVda ham IIB xodimlarining pora bilan qo`lga tushgani haqida bir qancha axborotlar e`lon qilingan. Jumladan:

2024 yilning 28 oktyabr kuni Paxtachi tumani IIB Jinoyat qidiruv bo`limi tezkor vakili L.M. pora olganlikda ayblanib, 2 yilga ozodlikdan mahrum qilingan.
U tarkibida oltin zarralari bo`lgan toshlarni maydalovchi tegirmon ishlatgan fuqarodan huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan amalga oshiriladigan tadbirlar haqida oldindan ogohlantirib turish va jinoiy javobgarlikdan qochish evaziga pul talab qilgan. Sud unga 210-modda bo`yicha jazo tayinlab, 3 yil mansabdorlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilgan.

2024 yil 2 dekabr kuni Navoiy viloyati IIB Tezkor qidiruv xizmatining Kiberxavfsizlik bo`linmasi katta tezkor xodimi kartasidagi pulini o`g`irlatgan fuqaroning pulini kim echib olganini aniqlash evaziga pora olgan vaqtida ushlangan.


Karmanada yashovchi fuqaro plastik kartasidagi 62 mln so`m pulini o`g`irlatgan. U ichki ishlar organiga murojaat qilganida, X.M. garchi bunday holatlarni fosh etish bevosita xizmat vazifasiga kirsa-da, pulni kim echib olganini aniqlab berish evaziga 600 dollar so`ragan.

X.M. sudda aybiga to`liq iqrorlik bildirgan hamda sodir etgan qilmishidan chin ko`ngildan pushaymon ekanini aytib, suddan ozodlikdan mahrum qilish bilan bog`liq bo`lmagan jazo tayinlashni so`ragan.

Sud hukmi bilan X.M. Jinoyat kodeksining 210-moddasi (pora olish) 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilishda aybli deb topilgan. Unga 2 yil IIV tizimida ishlash huquqidan mahrum etgan holda 3 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Eslatib o`tamiz, joriy yilning 3 mart kuni Toshkentda pora olgan IIB tergovchisi N.H. jinoiy jazoga tortildi. U, ish yurituvidagi jinoyat ishi bo`yicha ayblanuvchi shaxsdan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo`llanmaslik evaziga 500 dollar olgan vaqtida tezkor tadbirda ushlangan.

Tergovchi sudda pul pora sifatida emas, balki ishini tez ko`rib bergani uchun rahmat sifatida berilganligini aytgan. Biroq, guvohlar, sud-kimyoviy ekspertiza va boshqa dalillar uning aybini isbotlagan.

Sud N.H.ni Jinoyat kodeksining 210-moddasi bo`yicha aybli deb topib, unga 2 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlagan va 3 yil IIV tizimida ishlash huquqidan mahrum qilgan.
 

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
0
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар