Jahon qimmatbaho metallar kengashi (WGC)ning xabariga ko`ra, joriy yilning yanvar oyida O`zbekiston dunyoning eng yirik oltin xaridoriga aylandi.
2025 yil boshida jahon markaziy banklari oltinga kuchli qiziqish ko`rsatishda davom etishi natijasida sof xaridlar 18 tonnaga oshdi.
WGC hozirgi paytda oltinning strategik ahamiyatini, ayniqsa, geosiyosiy xavf-xatarlar ortib borayotgan sharoitda, regulyatorlar zaxiralaridagi rolining oshayotganini ta`kidlamoqda.
O`zbekiston Markaziy banki 8 tonna oltin sotib olganidan so`ng, qimmatbaho metallning xalqaro zaxiradagi ulushi 82 foizga, ya`ni 391 tonnaga ko`tarildi.
Xitoy banki esa, sof oltin xarid qilishda 5 tonna bilan ikkinchi o`rinni egalladi. Yanvar oyi oxirida Xitoyning zaxiralaridagi jami qimmatbaho metallar 2 285 tonnaga (jami aktivlarning 6%) etdi.
Kuchli uchlikni 4 tonna oltin sotib olgan Qozog`iston Markaziy banki yakunladi. Keyingi o`rinlarni Polsha va Hindiston (har biri 3 tonna), Chexiya (2 tonna) va Qatar (1 tonna) egalladi.
Ma`lumot uchun, 2024 yil noyabrda O`zbekiston Markaziy banki oltin zaxiralarini 9 tonnaga oshirib, jami 11 tonna sof oltin sotib oldi. Natijada, umumiy zaxiralar 382 tonnaga etdi.
2024 yil oktyabrda esa 833,4 million dollarlik oltin eksport qilib, umumiy eksport hajmini 6,6 milliard dollardan oshirdi. Yilning o`n oyida savdo aylanmasi 6,7 foizga o`sib, eksport 22,42 milliard dollarga (+9,6%), import esa 31,92 milliard dollarga (+4,7%) etdi.
Eslatib o`tamiz, 2023 yilda O`zbekiston 119,6 tonna oltin ishlab chiqarib, dunyodagi eng yirik oltin ishlab chiqaruvchi mamlakatlar orasida o`ninchi o`rinni egallagan edi.