8 oy til kursiga borgan yoshlarning 6 oylik to`lovini davlat to`lab beradi

14.02.2025 21:13

Prezident Shavkat Mirziyoev tomonidan yoshlar bilan ishlash natijadorligini oshirish, ularga yanada keng imkoniyatlar yaratish chora-tadbirlari bo`yicha muhim qarorlar e`lon qilindi.

2025 yilda O`zbekistonda yoshlar ishsizligiga barham berish ishlari yangi bosqichga ko`tariladi.

Jumladan, yoshlarni kasb va tilga o`qitib, yuqori daromadli ishlarga joylashtirish maqsadida bu yil bandlik bo`yicha katta dasturga jami 126 trillion so`m yo`naltiradi.

Mahallalarda 378 mingta mikroloyiha amalga oshiriladi, mahalla bankirlari yangi kredit mahsulotlari hisobiga 250 ming nafar odamni daromadli qiladi.

Tadbirkorlar yosh xodimlarni ishga olib, kamida 3 million so`m oylik to`lasa, ijtimoiy soliq 1 foiz bo`ladi. Bu imtiyoz 3 yil amal qiladi.

Xorijiy tillardan “S1” darajasiga ega bo`lgan yoshlar tashabbus ko`rsatib, olis va chekka hududlarda chet tillariga ixtisoslashgan o`quv markazlarini ochsa, ularga 120 million so`mgacha foizsiz ssuda (qarz) beriladi.

Shuningdek, xususiy o`quv markazlarida xorijiy tillarni o`rganadigan yoshlarning xarajatlari “2+6” shaklida qoplab beriladi. Bunda o`quv xarajatlarining dastlabki 2 oyi o`quvchilarning o`z mablag`idan, qolgan 6 oyi davlat hisobidan to`lab beriladi.

Har bir mahalladan ijtimoiy himoyaga muhtoj, bilimga chanqoq yoshlar saralab olinib, iqtidori aniqlanadi. Ularning salohiyatiga mos xorijiy oliygoh tanlanib, tayyorgarlik kurslarida o`qitiladi.

Har yili saralashdan o`tgan 1 ming nafar yoshlar dunyoning “top-100” oliygohlariga yuborilib, o`qish va yashash xarajatlari qoplab beriladi.

Xorijda ta`lim olib qaytgan yoshlar davlat organlariga tanlovsiz ishga olinadi.

Dunyoning “top-100” oliygohlarida ilmiy daraja olgan 35 yoshgacha bo`lgan yosh olimlarga uy-joy uchun 10 yil muddatga 800 million so`mgacha foizsiz ssuda ajratiladi.

Nufuzli xalqaro fan olimpiadalarida g`olib va sovrindor bo`lganlar uchun bir martalik pul mukofoti miqdori 5 karra oshiriladi.

Harbiy oliygohlarning namunali tinglovchilari uchun “Oliy bosh qo`mondon” davlat stipendiyasi joriy etiladi.

150 mingga yaqin yoshlar vazirlik va hududdagi rahbarlarga nomma-nom biriktiriladi. Bu rahbarlar yoshlarning hayotda o`z o`rnini topishi, kasbga va xorijiy tillarga o`rgatish, ishga joylashtirish, tadbirkorlik qilishi uchun yordam ko`rsatishga mas`ul bo`ladi.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
3
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар