Aholi kommunal xizmatlar va yoqilg`i narxining oshishidan qattiq xavotirda

11.02.2025 11:13



Markaziy bank tomonidan o`tkazilgan so`rov natijalariga ko`ra, aholining inflyasiyaga oid havotirlari o`tgan oyga nisbatan keskin o`zgarmagan. Tadqiqotda 3 674 nafar respondent ishtirok etib, o`zining kelgusi 12 oy ichidagi narxlarning oshishi bo`yicha kutilmalarini ifoda etdi.  

Aholi orasida eng katta xavotirga sabab bo`layotgan omillar orasida kommunal xizmatlarning qimmatlashishi (57%), yoqilg`i va energiya narxining oshishi (45%) hamda valyuta kursining o`zgarishi (32%) birinchi o`rinlarda turibdi.  

Tadbirkorlarning eng katta xavotiri kommunal xizmatlarning qimmatlashishi

Yanvar oyida tadbirkorlarning inflyasion kutilmalari 12,9 foiz darajasida qayd etilib, o`tgan oyga nisbatan pasayish kuzatildi. Tadqiqotda 1 608 nafar tadbirkor qatnashdi. Ular orasida eng katta xavotir kommunal xizmatlarning qimmatlashishi (56%), valyuta kursining o`zgarishi (41%) va yoqilg`i hamda energiya resurslari narxining oshishi (36%) bo`ldi.   

Transport xarajatlarining qimmatlashishi (29%), ish haqi va tariflarning oshishi (27%), xomashyo narxining ko`tarilishi (25%) ham tadbirkorlar tomonidan eng muhim inflyasion omillar sifatida qayd etildi. Shu bilan birga, soliqlarning oshishi haqidagi xavotir oldingi oyga nisbatan biroz pasaygan.   

Sohalar bo`yicha inflyasiya kutilmalari

Inflyasion kutilmalar aholining faoliyat yuritayotgan sohasi bo`yicha ham sezilarli farq qiladi. Savdo sohasi vakillari inflyasiyaning kelgusida keskin oshishini kutayotgan bo`lsa, qishloq xo`jaligi sohasi vakillari nisbatan past inflyasion darajani taxmin qilmoqda.   

Aholi orasida eng yuqori inflyasion kutilmalar savdo sohasida qayd etilib, bu ko`rsatkich 15,5 foizni tashkil etdi. Davlat tashkilotlarida ishlovchilar ham inflyasiyaning oshishini jiddiy xavotir sifatida baholab, ularning kutilmalari 15,2 foiz darajasida shakllangan. 

Boshqaruv sohasida ishlovchilar inflyasiya darajasi 15 foiz atrofida bo`lishini taxmin qilsa, bank-moliya sohasidagi xodimlar inflyasiya kutilmalarini 14,8 foiz deb baholashgan.   

Tadbirkorlar orasida esa ta`lim sohasi vakillari eng yuqori inflyasion xavotirni bildirgan (14,8%). Turizm (14,5%), moliya-xizmat (14,0%) va savdo (12,3%) ham tadbirkorlar uchun eng katta inflyasion tahdid sifatida baholangan. Eng past inflyasion kutilmalar axborot texnologiyalari sohasida kuzatilgan.   

Hududlar bo`yicha inflyasion kutilmalar 

Aholining inflyasion kutilmalari hududlar bo`yicha sezilarli farq qilmoqda. Eng yuqori inflyasion xavotir Toshkent viloyatida qayd etilgan bo`lib, bu ko`rsatkich 15,7 foizni tashkil etdi. Buxoro viloyati ham narxlarning oshishidan katta xavotir bildirayotgan hududlardan biri bo`lib, u erda inflyasion kutilmalar 15,6 foizga etgan. Toshkent shahri aholisi ham narxlarning oshishini sezilarli darajada kutib, bu hududda inflyasiya kutilmalari 15,5 foiz darajasida shakllangan. Sirdaryo viloyatida esa inflyasion xavotir 15,2 foiz bo`lib, bu hududda ham narxlarning oshishi borasida aholining sezilarli tashvishi kuzatilmoqda.   

Barcha hududlar ichida eng past inflyasion kutilmalar Jizzax viloyati aholisi tomonidan qayd etilgan bo`lib, ushbu hududda inflyasiya bosimi boshqa viloyatlarga nisbatan pastroq baholangan.  

Tadbirkorlar bo`yicha esa eng katta inflyasion xavotir Toshkent shahrida qayd etilgan bo`lib, bu erda tadbirkorlarning kutilmalari 16,2% darajasida shakllangan. Eng past kutilmalar esa Surxondaryo viloyatidagi tadbirkorlar tomonidan bildirildi.   

Daromad darajasiga qarab inflyasion kutilmalar qanday farq qiladi? 

Aholining inflyasiyaga bo`lgan qarashi ularning daromad darajasiga bog`liq ravishda sezilarli farq qilmoqda.

Daromadi 5 million so`mdan yuqori bo`lgan fuqarolar inflyasiyaning oshishidan ancha ko`proq xavotir bildirgan. Eng katta xavotir 15 million so`mdan yuqori daromadga ega respondentlar orasida kuzatilgan bo`lib, ular inflyasion kutilmalarni 18,2 foiz darajasida baholagan.   

Daromadi 10—15 million so`m oralig`ida bo`lgan aholining inflyasiya kutilmalari 16,1 foizni tashkil etgan bo`lsa, 7—10 million so`m daromadga ega qatlam orasida bu ko`rsatkich 16,3 foizga etgan. 5—7 million so`m daromadga ega fuqarolar esa inflyasiyaning oshishi borasida nisbatan pastroq xavotir bildirgan bo`lib, ularning kutilmalari 14,9 foiz darajasida shakllangan. 

Aholi tomonidan sezilgan inflyasiya darajasi qanday shakllandi? 

Yanvar oyining yakunlariga ko`ra, aholining sezgan inflyasiya darajasi o`tgan oyga nisbatan o`zgarishsiz qolib, 14,7 foiz darajasida shakllandi. Hududlar kesimida eng yuqori sezilgan inflyasiya Sirdaryo viloyatida qayd etilib, bu ko`rsatkich 16,8 foizni tashkil etdi. Aksincha, eng past inflyasion xavotir Navoiy viloyatida kuzatilib, bu hududda aholining sezgan inflyasiya darajasi 12,6 foiz bo`ldi.   

Dekabr—yanvar oylarida aholining fikriga ko`ra, narxlari eng tez oshgan mahsulot va xizmatlar qatorida go`sht va sut mahsulotlari (41%), elektr va tabiiy gaz (48%), benzin va yoqilg`i (47%), meva va sabzavotlar (38%) hamda uy-joy ijarasi (29%) etakchilik qildi. 

Ushbu mahsulot va xizmatlar aholi uchun eng zarur bo`lgan sohalarga tegishli bo`lgani bois, ularning narxi oshishi inflyasiyani sezish darajasiga bevosita ta`sir ko`rsatdi.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
2
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар