20—24 yanvar kunlari Shveysariyaning Davos shahrida yigirmanchi bor Jahon iqtisodiy forumi bo`lib o`tdi. Anjuman dunyo etakchilarini “Aql-idrok asri uchun hamkorlik” mavzusida birlashtirib, unda asosiy e`tibor beshta yo`nalishga qaratilmoqda: taraqqiyotni qayta ko`rib chiqish, intellektual davrdagi sanoat, inson kapitaliga sarmoya, sayyorani himoya qilish va ishonchni tiklash.
Global risklar
Forum avvalida tashkilotchilar Global risklar hisobotining 2025 yilgi nashrini e`lon qildi. Hisobot joriy global manzarani ochib beradi: barqarorlik va taraqqiyot tobora kuchayib borayotgan geosiyosiy, ekologik, ijtimoiy va texnologik muammolar iskanjasida qolgan.
Bu yilgi so`rov natijalariga ko`ra, davlatlar darajasidagi qurolli mojarolar 2025 yil uchun eng dolzarb global xavf sifatida ko`rilmoqda. So`rovda qatnashgan respondentlarning deyarli to`rtdan bir qismi uni eng jiddiy muammo deb baholadi.
Qasddan buzib talqin qilingan va noto`g`ri ma`lumotlar ketma-ket ikkinchi yil qisqa muddatli asosiy xavf bo`lib qolmoqda: bu xavf jamiyat hamjihatligi va boshqaruviga doimiy tahdid soladi, ishonchga putur etkazadi va mamlakatlar ichida bo`linishni kuchaytiradi.
Boshqa asosiy qisqa muddatli xatarlarga ekstremal ob-havo hodisalari, ijtimoiy qutblanish, kiberjosuslik va urush kiradi.
Uzoq muddatli ekologik xavflar, ya`ni ekstremal ob-havo hodisalari, biologik xilma-xillikning yo`qolishi va ekotizimning qulashi, Er sistemalaridagi jiddiy o`zgarishlar va tabiiy resurslar tanqisligi kabilar 10 yillik xatarlar reytingida etakchilik qilmoqda.
Uzoq muddatli xatarlar sifatida dezinformasiya, noto`g`ri ma`lumotlar va sun`iy intellekt texnologiyalarining salbiy ta`siri bilan bog`liq texnologik xavflar qayd etilgan.
Kelgusi o`n yillikdagi xatarlarning aniq kartinasi
Hisobotda 900 dan ortiq global xavf-xatar bo`yicha ekspertlar, siyosatchilar va sohalar rahbarlari ishtirok etgan. Hisobot kelgusi o`n yillikdagi xatarlarning aniq kartinasini namoyon qiladi.
Respondentlarning qariyb uchdan ikki qismi 2035 yilga borib, atrof-muhit, texnologik va ijtimoiy muammolarning ortib borayotgani sababli notinch yoki bo`ronli global landshaftni kutmoqda.
Tengsizlik va ijtimoiy qutblanish kabi ijtimoiy xavflar ham qisqa muddatli, ham uzoq muddatli xavf reytinglarida muhim o`rin tutadi. Noqonuniy iqtisodiy faoliyat, ortib borayotgan qarz yuklari va strategik resurslarning konsentrasiyasi bilan bog`liq tashvishlarning kuchayishi kelgusi yillarda global iqtisodiyotni beqarorlashtirishi mumkin bo`lgan zaifliklarni ko`rsatmoqda. Bu muammolarning barchasi ichki beqarorlikni kuchaytirishi va boshqaruvga bo`lgan ishonchni susaytirishi, global muammolarni hal qilish bo`yicha sa`y-harakatlarni yanada murakkablashtirishi mumkin.
Qolaversa, ekspertlarning 64 foizi o`rta va katta davlatlar o`rtasidagi raqobat tufayli global tartib parchalanishi hamda ko`p tomonlama munosabatlar jiddiy taranglikka duch kelishini prognoz qilyapti.
Hisobot mualliflariga ko`ra, kelgusi o`n yillik liderlar uchun murakkab, o`zaro bog`liq bo`lgan xatarlarni boshqarish va mavjud boshqaruv tizimlaridagi cheklovlarni engib o`tish uchun burilish nuqtasi bo`ladi.
Beqarorlik yuzaga kelishining oldini olish uchun ishonchni tiklash, barqarorlikni mustahkamlash va barcha uchun inklyuziv kelajakni ta`minlash uchun davlatlar muloqotga ustuvor ahamiyat berishlari, xalqaro aloqalarni mustahkamlashlari va hamkorlik tiklanishi uchun sharoit yaratishlari kerak.