“Humo” sotilgani bitim tuzilganidan 3 hafta o`tib e`lon qilindi, nega?

16.01.2025 12:19

Avvalroq Davlat aktivlarini boshqarish agentligi “Humo” to`lov tizimini boshqaruvchi Milliy banklararo prosessing markazining 100% ulushini sotishga kelishgani haqida xabar berilgandi. Uchta da`vogardan eng yuqori narx — $65 mln taklif bilan “Paynet” g`olib bo`lgandi.

“Paynet” bilan “Humo"ni xususiylashtirish bo`yicha bitim 2024 yilning 25 dekabrida tuzilganiga qaramay, Davaktiv agentligi bu haqda oradan deyarli uch hafta o`tib — 13 yanvar kuni Korporativ axborot yagona portalida rasman e`lon qilgan.

To`lov muddati va tartibiga aniqlik kiritilmagan

O`tgan yilning 1 noyabr kuni “Paynet” aksiyadorlarining navbatdan tashqari yig`ilishida MBPMning 100% davlat ulushini sotib olish to`g`risida bir ovozdan qaror qabul qilindi. Ijroiya organi “Humo” uchun to`lov kunidagi Markaziy bank kursi bo`yicha maksimal qiymati $65 mln bo`lgan oldi-sotdi shartnomasini tuzishni ma`qullagan. Majburiy taklifni topshirishning oxirgi muddati etib 15 noyabr belgilangan.

Aksiyadorlar ijroiya organiga 15 mlrd so`m miqdorida zakalat to`lash, MBPMdagi davlat ulushini $65 mlnga sotib olish bo`yicha Davaktivga taklif yuborish, oldi-sotdi shartnomasini imzolash va mablag`larni “shartnomada belgilangan tartibda va muddatlarda” o`tkazish topshirildi. Biroq, to`lov muddati va tartibiga tomonlarning hech biri tomonidan aniqlik kiritilmagan.

Bitim qiymati 840,3 mlrds o`mni ($65 mln) tashkil etdi, bu esa “Paynet"ning sof aktivlari miqdoridan (261 mlrd so`m) uch baravar yuqoridir.

“Paynet” qachon tashkil qilingan?

Botir Arifjanov tomonidan 2005 yilda tashkil etilgan “Paynet” to`lov xizmati keyinchalik “Xalq banki"ga sotildi. 2023 yilning kuzida kompaniya xususiylashtirildi, ammo ta`sischilarning o`zgargani 2024 yilning bahoriga kelib ma`lum bo`ldi.

Yangi egasi ““New Industrial Technologies” firmasi bo`lib, uning 40%i “Asia Alliance Bank"ning majoritar aksiyadori Mustafo Abdurahmonovga tegishli edi. May oyida “Paynet” Markaziy bankning to`lov xizmatlariga bo`lgan talablariga muvofiq aksiyadorlik jamiyatiga aylantirildi.

“Humo” xronologiyasi

2018 yil 15—16 sentyabrda UzCard to`lov tizimi ishlamay qoldi. Shundan so`ng 19 sentyabrda O`zbekiston Respublikasi Prezidenti “Milliy to`lov tizimini rivojlantirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi qarorni imzoladi. 24 sentyabrda Markaziy bank yangi to`lov tizimi nomini aniqlash bo`yicha tanlov e`lon qildi. 26 oktyabrda yangi milliy to`lov tizimiga Humo nomi berildi. 2019 yil aprel o`yida esa Humo to`lov tizimi ishga tushirildi.

“Humo"ning xususiylashtirilishi

Iyul oyi o`rtalarida Davaktiv agentligi “Humo"ning 100% ulushini xususiylashtirish boshlanganini ma`lum qildi. Jarayon uch bosqichda tashkil etilib, birinchi bosqich 22 avgustda yakunlandi.

Aktivni sotib olishga O`zbekiston, Evropa va Osiyodan 8 nafar investor qiziqish bildirgan. 6 nafar talabgor esa keyingi bosqichga o`tdi. Qozog`istonning “Kaspi” fintex guruhi to`lov tizimini sotib olishga qiziqish bildirgandi. Biroq, noyabrm oyiga kelib, kompaniya xususiylashtirish jarayonida ishtirok etmaslikka qaror qildi.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
0
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар