2024 yil noyabr oyida Avstraliya hukumati 16 yoshgacha bo`lgan bolalarga ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni taqiqlovchi loyihani ko`rib chiqdi va Senat ushbu qonun loyihasini 34 ovoz bilan ma`qulladi.
Nega bu qarorga kelindi?
Avstraliya bosh vaziri Entoni Albaneze ushbu qarorga kelish sababi sifatida, bolalarni ijtimoiy tarmoq zararlaridan himoya qilish zarurligini keltirgan. "Men bolalarni o`z qurilmalaridan chetlab, o`rniga piyoda sayr qilishlarini, suzish havzalari va tennis kortlarida ko`rishni istayman. Biz ularning haqiqiy odamlar bilan haqiqiy tajribaga ega bo`lishlarini istaymiz, chunki barchamiz ijtimoiy medialar bir vaqtning o`zida ijtimoiy zarar ham keltirayotganini bilamiz"— deydi Albaneze. Shuningdek, u hukumat ijtimoiy tarmoqlar uchun minimal yosh chegarasini joriy etishdan oldin yoshni tekshirish usullarini sinovdan o`tkazishi lozimligini ta`kidladi.
Ushbu qarordagi ma`qullanmagan fikrlar
Avstraliyaning internet elektron xavfsizlik bo`yicha komissari yoshlarning internet yordam kerak bo`lganda tarmoqqa kirishini cheklash ularni xavfsizligi kafolatlanmagan, asosiy bo`lmagan xizmatlardan foydalanishga majbur qilishi mumkinligidan ogohlantirdi.
Akademik va siyosatchilar hukumat tomonidan nazarda tutilgan taqiq teskari ta`sir ko`rsatishi, ya`ni bolalar o`zlarini yanada yakkalanib qolgan his qilishiga olib kelishi mumkinligini bildirdi. Shuningdek, ko`pchilik bu jarayon juda shoshilinch qabul qilinganidan xavotirda. Aytib o`tish joizki, agar foydalanuvchilardan yoshini isbotlash so`ralsa, bu ijtimoiy media kompaniyalariga shaxsiy ma`lumotlar berilishiga olib kelishi mumkin.
Xalqaro Amnistiya tashkiloti qonun loyihasini qabul qilmaslikni tavsiya qilgan, chunki yoshlarni izolyasiya qiluvchi taqiq hukumatga o`zlari kutgan natijani bermasligi mumkinligini ta`kidladi.
Ayrim qo`mitalar qonun loyihasini qo`llab-quvvatladi, biroq ijtimoiy media platformalari foydalanuvchilarning shaxsiy ma`lumotlarini, jumladan, pasport ma`lumotlarini taqdim etishga majburlamaslik shartini qo`shdi. Ijtimoiy media kompaniyalari yosh cheklovlarini qo`llash uchun qanday usullardan foydalanishi esa, noma`lum.
Avstraliya o`z joniga qasd qilishning oldini olish tashkiloti ijrochi direktori Kristofer Stoun o`z bayonotida shunday deydi: “Hukumat ko`zlari bog`langan holda g`isht devorga qarab yugurmoqda. Bu kabi murakkab masalalarda shoshilish emas, ehtiyotkorlik bilan maslahatlashish va mulohaza yuritish talab qilinadi. Biz hukumatni shoshmaslikka chaqiramiz”.
Ba`zi ekspertlar bolalarning raqamli dunyodagi ishtirokdan chetlashtirilishi ularning yashirin onlayn faoliyat yuritishiga olib kelishi mumkinligidan xavotirda.
Ma`lumot uchun, qonun kuchga kirgunga qadar kamida 12 oy vaqt ketadi. 2025 yil o`rtalariga qadar sinovdan o`tkaziladi. Kuchga kirgandan so`ng, agar Ijtimoiy media kompaniyalari qoidalarga rioya qilmasa, ular 25,7 million funt sterling (50 million Avstraliya dollari) jarimaga tortiladi.
Buyuk Britaniya tajribasi
Ushbu masala bo`yicha Buyuk Britaniya ham bir necha tartiblar joriy etgan. Jumladan, u erdagi ko`pgina ijtimoiy media ilovalarida foydalanish uchun yosh cheklovlari mavjud – ba`zilarida 13 yosh, boshqalarida esa 16 yoki, hatto 18 yosh. Ma`lumotlarga ko`ra, Buyuk Britaniya internet qoidalarini nazorat qiluvchi guruh bolalar muntazam ravishda ijtimoiy tarmoqlarda zararli kontentlar ko`rishini ma`lum qilgan. Shuningdek, o`smirlar televizordagi an`anaviy yangiliklardan yuz o`girishmoqda va yangiliklarni ko`proq ijtimoiy tarmoqlardan olishmoqda.
Mamlakatda televidenie, radio va videoni tartibga soluvchi Ofcom kompaniyasi hisobotiga ko`ra, 5-7 yoshli bolalarning deyarli to`rtdan birida smartfon bor hamda ijtimoiy tarmoqlardan foydalanadigan yoshlar soni ortib borayotgani aniqlangan.
Buyuk Britaniya parlamentining Fan va texnologiya qo`mitasi hisobotida, ijtimoiy media kompaniyalarini kuzatib borish va ular qonunni buzgan taqdirda, chora ko`rish uchun yangi tashkilot tashkil etilishi kerakligi ta`kidlangan.
O`zbekistonda bu borada qanday chora-tadbirlar mavjud?
O`zbekistonda ham bolalarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini tartibga solish va ularni zararli axborotdan himoya qilish maqsadida chora-tadbirlar amalga oshirilgan. Jumladan, "Bolalarni ularning sog`lig`iga zarar etkazuvchi axborotdan himoya qilish to`g`risida"gi qonun bolalarni zararli axborotdan himoya qilishga qaratilgan bo`lib, ijtimoiy tarmoqlarda yoshlar uchun xavfsiz muhit yaratishni maqsad qilgan.
Vazirlar Mahkamasining 2012 yil 21 maydagi 139-sonli qarori ta`lim muassasalarida mobil telefonlardan foydalanishni tartibga solish maqsadida qabul qilingan. Ushbu qaror o`quvchilarning dars jarayonida chalg`imasligini ta`minlashga qaratilgan.
Masalan, telegram O`zbekistonda eng ko`p foydalanuvchiga ega ijtimoiy tarmoq bo`lib, undan 20 millionga yaqin odam foydalanadi. Ammo, afsuski, telegram O`zbekistonda kiberjinoyatlar eng ko`p sodir etilayotgan platformaga aylangan. Bunga chora sifatida esa, foydalanuvchi shaxsiy ma`lumotlarini o`z telegram sahifasiga joylamasligi va turli shubhali xabarlardan ogoh bo`lishi so`raladi.
Yuqoridagi chora-tadbirlar va natijalar bolalarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini tartibga solish va ularni zararli axborotdan himoya qilishga qaratilgan. Ammo foydalanmaslik bo`yicha qat`iy qarorlar qabul qilinmagan.
Ijtimoiy tarmoqlarning salomatlikka ta`siri:
Ijtimoiy tarmoqlar inson hayotiga ko`plab qulayliklar olib kelgan bo`lsa-da, ularning salomatlikka salbiy ta`siri ham bor. Jumladan:
1. Uyqu sifatining pasayishi. Tadqiqotlar shuni ko`rsatadiki, ko`pchilik kechki payt ijtimoiy tarmoqlarda vaqt o`tkazgani sababli uyqu vaqtini kechiktiradi. Bu esa uyqu etishmasligiga sabab bo`ladi va organizmning tiklanish jarayonlariga to`sqinlik qiladi.
2. Ruhiy salomatlikka ta`siri. Doimiy ravishda boshqalarning "ideal hayoti"ni kuzatish o`zini past baholash, depressiya va xavotirga sabab bo`lishi mumkin.
3. E`tibor va konsentrasiyaningpasayishi. Ijtimoiy tarmoqlarning cheksiz "scrolling" funksiyasi inson e`tiborini qisqa muddatli bo`lishiga olib keladi. Tadqiqotlarga ko`ra, odamlarning o`rtacha e`tibor davomiyligi 2000 yildagi 12 soniyadan 2015 yilda 8 soniyagakamaygan.
4. Gipodinamiya (harakatsizlik) va semirish. Ijtimoiy tarmoqlarda ko`p vaqt o`tkazish kamharakatlilikka sabab bo`ladi. Bu esa semirish, yurak-qon tomir kasalliklari va boshqa metabolik kasalliklarning rivojlanishiga olib keladi.
5. Doimiy stress va ma`lumotlar yuklamasi. Ijtimoiy tarmoqlardan haddan tashqari ko`p ma`lumot olish va uni qayta ishlash miya uchun ortiqcha yuk bo`lishi mumkin. Bu esa xotira pasayishi va charchoqqa olib keladi. Pew Research Center tadqiqotiga ko`ra, ijtimoiy tarmoqlarda yomon yangiliklarni tez-tez ko`rganlar doimiy stress holatida bo`lishadi.
6. Qaramlik shakllanishi. Ijtimoiy tarmoqlarda ishlatiladigan algoritmlar foydalanuvchilarda dopamin (rohat garmoni) ishlab chiqarilishiga sabab bo`ladi, bu esa qaramlikni kuchaytiradi.
Ushbu faktlar shuni ko`rsatadiki, ijtimoiy tarmoqlarni me`yorida va ongli ravishda ishlatish inson salomatligi uchun muhim ahamiyatga ega. Ijtimoiy media ijobiy taraflarga ega, shu bilan birga muntazam foydalanish oqibatida tana holatiga ham ta`siri borligi, buzilgan uyqu rejimiga olib kelayotgani ma`lum bo`lgan. To`g`ri, ijtimoiy tarmoqlardan kelayotgan bu xavflar oldin ham mavjud bo`lgan, biroq ilovalarning ommaviyligi va mashhurligi muammoning ko`zga ko`rinmas bo`lib ketishiga etakchi omil bo`lib qolmoqda.
Mutaxassislar fikricha, ijtimoiy media kompaniyalari o`z foydalanuvchilariga nisbatan qonuniy "g`amxo`rlik burchi"ga ega. Ya`ni, ular foydalanuvchilarning xavfsizligi va farovonligini himoya qilish uchun mas`uldirlar.
Bolalarni ijtimoiy tarmoq xavflaridan saqlashning yana qanday choralari bor?
Turli targ`ibotchilar yoshlarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini butunlay to`xtatishdan ko`ra, ijtimoiy media kompaniyalariga yosh foydalanuvchilarni himoya qilish uchun ko`proq harakat qilishlari kerakligini ta`kidlaydi. Jumladan, bolalar uchun zararli kontentlarni olib tashlash kabi nazoratlar o`rnatilishi so`raladi.
"Yoshlar ijtimoiy tarmoqlar orqali qayta-qayta zararlar bilan “oziqlanadilar” va bu odatiy holga aylandi, ammo buni o`zgartirish kerak", — deydi Britaniyaning Ofcom kompaniyasi rahbari Melani Dous.
Ba`zi yirik ijtimoiy media kompaniyalari 18 yoshgacha bo`lgan foydalanuvchilar uchun qo`shimcha himoyaga ega ekanliklari va bu, ota-onalarga farzandlari ko`rgan narsalarni nazorat qilishda yordam berishini aytishadi. Britaniya siyosatchilarining fikriga ko`ra, ijtimoiy media kompaniyalari bolalarni himoya qilish uchun qonuniy majburiyatga ega bo`lishi kerak. Ularning ta`kidlashicha, ijtimoiy tarmoqlar zo`ravonlik va boshqa muammolarni onlayn targ`ib qilishga ham sababchi bo`lib qolmoqda.
Ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishda minimal yosh chegarasi qanday?
Ijtimoiy media talablariga ko`ra, Facebook, Instagram, X (Tvitter) va Snapchat ilovalariga obuna bo`lish uchun kamida 13 yoshda bo`lish kerak. YouTube ko`rsatmalariga ko`ra, hisob qaydnomasiga ega bo`lish uchun ham kamida 13 yoshda bo`lish kerak, lekin kichik bolalar foydalanishi uchun YouTube Kids hisoblarini o`rnatishi mumkin. 2018 yilda kiritilgan o`zgartirishdan so`ng, WhatsAppdan foydalanish uchun kamida 16 yoshda bo`lishingiz kerak. Avvalgi yosh chegarasi 13 edi. Ammo ushbu media tarmoqlarning xavfsizlik darajasi mukammal kafolatlanmaganligi haqida yuqorida ham keltirib o`tdik.
Avstraliya taqdim etgan qonun loyihasi tartibiga ko`ra, Snapchat, TikTok, X (Tvitter), Instagram, Reddit va Facebook taqiqning bir qismi bo`lishi mumkin. YouTube ta`lim olishda muhim ahamiyatga egaligi sababli, bu safga kiritilmagan.
Bolalarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishi taqiqlanishiga qanday qaraysiz? Sizningcha, ushbu usul qanchalik samara beradi?
Mushtariy G`anieva