Jahondagi siyosiy vaziyatni o`zgartira olgan arboblar

03.03.2021 06:38

Davlatga xiyonatda ayblangan rahbarlar, qamoqda saqlangan xalq qahramonlari, o`z mamlakatini inqirozdan olib chiqqan etakchilar taqdiri



Har qaysi mamlakatning taraqqiy etish bosqichlarida iqtisodiy tangliklar, siyosiy beqarorliklar bo`lgan. Shunday vaziyatlarda ijtimoiy kuchlarni birlashtirib, jasorat ko`rsatgan etakchilar harakati o`z mamlakatiga iftixor uyg`otib kelmoqda.

Quyida o`tgan asrda o`z xalqi mustaqilligi va farovonligiga erishishida munosib hissa qo`shgan xalq etakchilari haqida so`z yuritamiz.

PIChOQ SUYaKKA BORIB QADALGAN VAZIYaT

Birinchi jahon urushi hind va inglizlar o`rtasidagi munosabatlarning yanada keskinlashishiga sabab bo`ldi. Hind burjuaziyasi inglizlarning taqiqlaridan, cheklovlaridan bezgan, ularning irqiy kamsitishi esa pichoq suyakka borib qadalar darajadagi vaziyatni yuzaga keltirgan edi.

Birinchi jahon urushida milliondan ortiq hind askarlari inglizlar tarafida turib, Buyuk Britaniya manfaatlarini himoya qilgan bo`lsa-da, urushdan so`ng ham inglizlar nazdida hindlar past irq vakillari sifatida qaraldi.

Urush ta`sirida qashshoqlik, yuqori soliq stavkalarining tatbiq etilishi va narxlarning keskin oshishi hind xalqining g`azabini kuchaytirgan edi.

Bundan 90 yil avval, ya`ni 1930 yilda Mohandas Karamchand Gandi (Mahatma Gandi) boshchiligida amalga oshirilgan “Tuz yurishi” uzoq vaqt Buyuk Britaniya tasarrufida bo`lgan Hindistonning mustaqil davlat bo`lib shakllanishiga qo`yilgan tamal toshi bo`ldi.

Gandi ingliz mustamlakachilariga qarshi tinch namoyishlar o`tkazish, chet el tovarlarini boykot qilish, rasmiy mansab va unvonlardan voz kechish, soliq to`lashdan bosh tortish kabi kurash usullari orqali mehnatkash ommani kurashga jalb etdi. Faoliyati davomida u bir necha marta qamalgan.

Gandi hindular bilan musulmonlarning o`zaro do`stligini mustahkamlashga intildi. Kastachilik (ijtimoiy tabaqalanish)ga qarshi kurashdi. Hind xalqi uni “Mahatma” (Buyuk qalb) deb atadi.

1948 yil 30 yanvar. Gandi Kongressga taqdim qilinadigan konstitusiya loyihasi ustida ish boshladi. Butun kunni hamkasblari bilan mamlakatning asosiy qonunini muhokamada o`tkazdi. Kun kech bo`lganda jiyani hamrohligida old maysazorga chiqdi. Odatdagidek yig`ilgan olomonning ko`pligi "millat otasi"ni xursand qildi. Uning ta`limotini qo`llab-quvvatlovchilar qadimgi odatlarga ko`ra Mahatmaning oyoqlariga tegishga urinishar edi. Bu notinchlikdan foydalangan holda Natxuram Godze boshqa ibodat qiluvchilar qatori Gandiga yaqinlashdi va unga qarata uch marta o`q uzdi. Bu o`q hind milliy qahramoni Mahatma Gandi hayotiga yakun yasadi.

26 YIL QAMOQDA SAQLANGAN XALQ QAHRAMONI

Buyuk siyosatchi va davlat arbobi Nelson Xolilala Mandela 1994-1999 yillar davomida Janubiy Afrika Respublikasi (JAR) prezidenti bo`lgan. Butun dunyoga aparteid (irqiy kamsitishning eng ashaddiy ko`rinishi)ga qarshi kurashlari bilan tanilgan Mandela umrining 26 yilini qamoqxonalarda o`tkazgan.

Hayoti davomida inson huquqlari himoyasi uchun kurashgan Mandela 1993 yilda "Tinchlik uchun" "Nobel" mukofoti bilan taqdirlandi.

Ushbu mamlakatda aparteid, irqiy kamsitish hamda kolonial kuchlar tomonidan mahalliy aholiga tazyiq o`tkazish avj olib borardi.

Keng miqyosdagi to`qnashuvlarni tashkillashtirmagan bo`lsa-da, Mandela xalq orasida partizanlik kurashlari tomon yo`l ochib berdi.

1962 yildagi sud jarayonida u davlatga xiyonatda ayblanib hibsga olingan va o`lim jazosiga hukm qilingan. Ammo, 1964 yilda o`z yakuniga etgan sud jarayonlari o`lim jazosini umrbod qamoq jazosi bilan almashtirishga hukm chiqaradi.

Janubiy Afrika prezidenti Frederik de Klerk tomonidan Afrika Milliy Kongressi va aparteid rejimiga qarshi boshqa harakatlarni qonunlashtirish to`g`risidagi farmon imzolangandan so`ng Mandela ozod qilindi.

Uning prezidentligi davrida Janubiy Afrika mamlakati aholisi barqaror turmush tarzida yashay boshladi. Nelson Mandela 2013 yil 5 dekabrda 96 yoshida vafot etdi.

KUBANI XALQQA QAYTARGAN QAHRAMON

Davlat va siyosat arbobi Fidel Alexandro Kastro 1959-2008 yillar davomida bosh vazir va Vazirlar kengashi raisi lavozimlarida Kuba hukumatini boshqargan. Xalqning Fulxensio Batista hukumatidan noroziligi avjga chiqqan davrda Fidel Kastro diktatorga qarshi kurash boshlab, 1958 yilda Kuba hokimiyatini qo`lga oldi. 1959 yildan mamlakat bosh vaziri lavozimini egalladi.

Kastro mamlakatda kolonial tuzumni yo`q qilish uchun bor kuchini sarfladi. Uning tarafdorlari e`tiroficha, Kastro Kubani xalqqa qaytargan qahramon bo`lgan. Kostyum-shim o`rniga harbiy kiyim kiyib, doimo xalq orasida bo`lgan.

Oddiy xalq uchun ish o`rinlari, maktablar va kasalxonalardek xizmatlar yaratilishi zaruratga aylangandi.

Kastro bu xizmatlarni ta`minlashga va`da berdi. Ko`plab va`dalarining ustidan chiqdi.

Kastro davrida tashqi siyosatda Kubaning SSSR davlatlari bilan aloqalari yo`lga qo`yildi va rivojlandi. Xususan, 1963 yilda Fidel Kastro SSSRga safari davomida O`zbekistonga ham kelgan.

2006 yil 31 iyulda Fidel Kastro sog`lig`i yomonlashgani sababli barcha muhim lavozimlarini akasi Raulga topshirdi. 2011 yilda u barcha hukumat lavozimlarini tark etdi. Kubaning milliy qahramoni 2016 yil 25 noyabrida uzoq vaqt davom etgan kasallik tufayli vafot etdi.

SINGAPURNI RIVOJLANGAN DAVLATGA AYLANTIRGAN ETAKChI

Singapur respublikasining birinchi bosh vaziri Li Kuan Yu mamlakat tarixida “Singapur iqtisodiyoti mo``jizasi” asoschisi hisoblanadi.

Bu kichik davlatda etakchi sohalar – kemasozlik, elektronika sanoati va neft qazib olish aynan shu davrda rivojlantirildi. Li Kuan Yuning boshqaruvi ostida Singapur butun dunyoda yuksak mavqega sazovor bo`ldi.

Ota-bobolari xitoylik immigrant bo`lgan, Singapurda tug`ilib, o`sgan Li Kuan Yu 36 yoshida mamlakatning birinchi bosh vaziri etib tayinlandi. U o`zining g`ayrat-shijoati, tafakkur va jasorati bilan tabiiy resurslari bo`lmagan, nochor ahvoldagi mamlakatni dunyoning rivojlangan davlatlari qatoriga kiritdi.

Li Kuan Yu hukumat boshqaruvini egallaganida Singapur eng yuqori korrupsiya, jinoyatchilik, qoloqlik, ta`lim darajasining deyarli yo`qligidan aziyat chekardi.

Poraxo`rlik bilan kurash – barcha davlat hujjatlarini rasmiylashtirishni osonlashtirish, pora va tanish-bilishchilik bilan olinadigan davlat shartnomalari va lisenziyalarini bekor qilish bilan boshlandi. Mamlakatdagi uyushgan jinoyatchilik guruhlari qattiq bostirildi va tugatildi.

1965 yilda Singapur Malayziya federasiyasi tarkibidan ajralib chiqib, mustaqil davlat maqomini oldi. Mustaqillikning ilk yillarida Singapur janubi-sharqiy Osiyodagi eng kichik, eng qashshoq mamlakat edi.

Hatto ichimlik suvi va qurilish uchun qumni ham qo`shni davlatlardan sotib olardi. Hech qanday qazilma boyligi, gazi, o`tinga o`rmoni ham bo`lmagan Singapur chetdan aholi ehtiyoji uchun ko`mir import qilishga majbur edi. Qo`shni davlatlar bilan munosabatlari yaxshi emas, ichki siyosatda esa aholining uchdan bir qismi yangi hukumatga qarshi kayfiyatda edi. O`sha yillari Singapurning birinchi bosh vaziri Li Kuan Yu hukumati Singapurni janubi-sharqiy Osiyoning savdo va moliya markaziga va chet el sarmoyadorlari uchun eng qulay mamlakatga aylantirish yo`lini tanladi.

Li Kuan Yu Singapurni eng rivojlangan davlatlar safiga qo`shdi. Li Kuan Yu 2015 yilning 23 martida 91 yoshida pnevmoniyadan vafot etdi. Uning vafoti munosabati bilan Singapur hukumati mamlakatda etti kunlik milliy motam e`lon qildi.

73 YoShIDA GERMANIYa KANSLERI LAVOZIMINI EGALLAGAN XALQ QAHRAMONI

Konrad Adenaurning nomi Ikkinchi jahon urushidan so`ng Germaniyaning rivojlanishi Evropa birligiga ta`sir ko`rsatganligi bilan ahamiyatlidir.

73 yoshida Germaniya kansleri lavozimini egallagan Konrad Adenaur hayoti davomida uchta Germaniya davlatining qulashini ko`rdi. Germaniya Federativ Respublikasiga asos solgan Adenaur va uning izdoshlari Germaniyada tinchlikka tahdid soluvchi tahqirni yo`q qilishga, xalqning hukumatga ishonchini tiklashga erishgan.

Mamlakatdagi Gitler diktaturasiga qarshi harakatlari oqibatida u bir necha yillar siyosatdan chetlashtirildi, ijtimoiy hayotdan uzib qo`yildi. Bu taziyiqlar uning ruhiyatidagi kuchli tushkunlik va salomatligidagi turli kasalliklarga sabab bo`ldi.

1945 yilda Germaniya davlatchiligi tugatildi. 1949 yilning 23 mayida GFRning konstitusiyasi qabul qilindi. O`sha yilning sentyabr oyida Konrad Adenaur mamlakat federal kansleri etib tayinlandi. Germaniya tarixida 1950-1960 yillar “Adenaur asri” deb nomlandi.

Ikkinchi jahon urushining shiddatli asoratlariga qaramasdan mamlakatda YaIM hajmining o`sishi, aholini uy-joy bilan ta`minlashi, ishsizlik darajasining pasayishi, aholining ma`lum qatlamiga ajratiladigan nafaqa barqarorligining ta`minlanishi Germaniyaning qisqa fursatlarda dunyoning iqtisodiy barqaror mamlakat bo`lib shakllanishiga asos bo`ldi.

Konrad Adenaur 1963 yilda o`z ixtiyori bilan iste`foga chiqdi. 1967 yil Ryondorfedagi villasida 91 yoshida vafot etdi.

UMRBOD PREZIDENTLIKKA SAYLANGAN “INQILOBNING BUYuK RAHBARI”

Indoneziya milliy qahramoni Ahmad Sukarno 1927 yilda Indoneziya Milliy partiyasiga asos solishi bilan mamlakat mustaqilligi uchun kurasha boshladi.

Germaniyadagi gitlerchilar va Yaponiyaning militaristik siyosatini qoralagan Ahmad Sukarno 1945 yilda mamlakatda Gollandiya (Niderlandiya) mustamlaka tuzumi tugatilganligi va mustaqil Indoneziya respublikasi tuzilganligini e`lon qilgan.

Sukarno hokimiyatining tashqi siyosati radikal anti-imperializmligi xususiyati bilan xarakterlangan. U Bandugdagi Osiyo va Afrika davlatlari konferensiyasi hamda Qo`shilmaslik harakati sammiti asoschilaridan biri hisoblanadi. Ma`lumot o`rnida, ushbu harakat harbiy-siyosiy bloklar va guruhlarda qatnashmaslikni o`z tashqi siyosatining asosiy yo`li deb e`lon qilgan mamlakatlarni birlashtiradi.

1960 yillarning boshlarida Sukarno Yangi Gvineyaning g`arbiy qismi (Irian-Jaya)ni Indoneziyaga «qaytarish» uchun harakatlarni kuchaytirdi.

Uning buyrug`iga binoan Indoneziya armiyasining bo`linmalari orolga bir nechta muvaffaqiyatsiz ekspedisiyalar o`tkazdilar. Oxir oqibat, BMTning yordami tufayli masala Indoneziya foydasiga hal qilindi.

1963 yilda hudud Indoneziya tasarrufiga o`tkazildi. Yangi Gvineyaning g`arbiy qismini Indoneziyaga qo`shib olish uchun kurashda ko`rsatgan xizmatlari uchun Sukarno 1963 yilda umrbod prezident deb e`lon qilindi va unga “inqilobning buyuk rahbari” unvoni berildi.

1965 yilda hokimiyat harbiy guruh boshqaruviga o`tgandan so`ng, Indoneziya hukumatida Sukarnoning mavqei pasaydi. 1966 yilda hokimiyatni Suhartoga topshirdi.

Hokimiyatdan chetlatilgandan so`ng Sukarno yurak xastaligi kuchayib bordi. 1970 yilda ushbu kasallik tufayli vafot etdi.

TARIXNING YaNGI TALQININI XALQIGA SINGDIR OLGAN RAHBAR

Birinchi jahon urushida Usmoniylar imperiyasi mag`lubiyatga uchraganidan keyin Mustafo Kamol Otaturk milliy ozodlik harakatiga rahbarlik qildi.

Mamlakatda 1924 yil 3 mart kuni xalifalik rasman tugatilib, dunyoviy davlat qaror topdi.

Usmoniylar armiyasida zobit bo`lib xizmat qilgan, Gallipoli yarim orolida Istanbulni bosib olmoqchi bo`lgan ingliz-fransuzlar bilan janglarda jasorat ko`rsatgan Mustafo Kamol davlatni ravnaq toptirishga oid ustuvor qarashlarini o`zi uchun aniq belgilab oldi.

1922 yilga kelib Mustafo Kamol boshchiligida Turkiya bosqinchilardan ozod qilindi va Turkiya Buyuk Millat Majlisi (TBMM) boshchiligida poytaxti Anqara deya Turkiya Respublikasi e`lon qilindi.

Yangi turk hukumatini Milliy majlis tarafidan saylangan prezident – Mustafo Kamol boshqardi. Tabiiyki, birinchi prezident etib mustaqillik urushi qahramoni Mustafo Kamol saylandi. Xalq endi uni Otaturk, ya`ni turklarning otasi deb atay boshlashdi.

Savodsizlikka qarshi kurash shiori ostida (haqiqatdan ham, XX asrning 20 yillarida mamlakatda savodxonlik darajasi o`ta quyi darajada edi) Otaturk turk yozuvini arab alifbosidan lotin alifbosiga almashtirdi.

Turk xalqining aksar qismi savodsiz bo`lgani uchun ham Turk hukumati ularga milliy g`oyalar bilan sug`orilgan tarixning yangi talqinini singdira oldi.

Turkiya Respublikasining asoschisi va birinchi prezidenti Kamol Otaturk 1938 yil 10 noyabr kuni uzoq davom etgan kasallikdan so`ng Istanbulda vafot etdi.

Zuhra Mirzaboeva tayyorladi

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
4
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар