Hududiy da`volar Pekinning rasmiy pozisiyasi emas
1991 yil Sovet Ittifoqi tarqab ketgach, SSSR va Xitoy o`rtasidagi chegara muammosi Markaziy Osiyoning yangi mustaqil davlatlari hisobiga kengaydi. Xitoy Xalq Respublikasi nafaqat Rossiya Federasiyasi, balki mintaqamizning Qirg`iziston, Qozog`iston va Tojikiston Respublikalari bilan chegaradosh davlatga aylandi. Bu esa rus-xitoy, sovet-xitoy davlatlararo munosabatlaridan qolgan chegara muammolarini barqarorlashtirish va echish masalasini kun tartibiga qo`ydi. Bunday sharoitda bosh vazifa mintaqa barqarorligini mustahkamlash va yaxshi qo`shnichilik munosabatlarini saqlab qolish bo`lib qoldi. Ana shu vazifalarni echish maqsadida avvaliga “Shanxay beshligi”, so`ngra O`zbekiston ishtirokida Shanxay Hamkorlik Tashkiloti tuzildi. ShHTning amaliy faoliyati Xitoyning MDHdagi barcha qo`shnilari bilan munosabatlaridagi chegara muammolarini echish ishiga xizmat qildi. Bahslar qolmadi.
Ammo keyingi kunlarda Xitoy tarixchilarining Tojikiston erlari Xitoy hududiga tegishli ekanligi haqidagi iddaolari turli bahslarga sabab bo`lmoqda. Xitoyning ba`zi olimlari nafaqat Tojikiston hududini, balki butun Markaziy Osiyo mintaqasini qadimda o`z erlari bo`lganini iddao qiladi.
Xitoy tarixchilarining “Tojikiston mintaqasi Chin hududiga tegishli bo`lgan”, qabilidagi iddaolariga Tojikiston Tashqi ishlar vazirligi e`tiroz bildirib, Xitoyga norozilik notasi yo`llagan. Tojikiston Tashqi ishlar vaziri Sirojiddin Muhriddin 15-yanvar kuni matbuot anjumani paytida bunday iddaolar provokasiya ekanini aytib, shunday dedi: “Bu provokasion maqolalarga nisbatan tegishli choralarni ko`rdik. O`sha kunning o`zida nota yubordik. Bizning elchixona vakillari Xitoy Tashqi ishlar vazirligi vakillari hamda maqolalarni e`lon qilgan OAV vakillari bilan uchrashdi. Natijada bu provokasion maqolalar saytlardan olib tashlandi”. Ammo yuqoridagi kabi iddaolar Xitoyga tegishli bo`lgan ba`zi manbalarda haligacha saqlanib qolgan. Masalan, ensiklopedik saytlardan biri bo`lgan “baike.baidu.com” saytida shunday deyiladi: “G`arbiy Xan sulolasidan G`arbiy Jin sulolasi va Tan sulolasiga qadar tojik mintaqasi Xitoy hududiga tegishli edi. Tojik millati, asosan, milodiy IX asrdan X asrgacha shakllandi. IX asrda Somoniylar sulolasi barpo etilgan. Tojik xalqining milliy madaniyati va urf-odatlari shu asrlik tarixiy davrda shakllandi”. Aslida u yoki bu davlat erlari qadimda boshqa bir davlatga tegishli bo`lgani tabiiy holat. Ammo nima sababdan Tojikiston hukumati Xitoy manbalarining iddaolariga bu qadar qat`iy e`tiroz bildirmoqda? Xitoyning iddaolari asossizmi yoki u bugungi mustaqil Tojikiston davlatiga tahdid solyaptimi? Xitoy matbuotini kuzatsak, hududiy da`volar faqat ming yillik tarixda qolmagani va beg`araz emasligining guvohi bo`lamiz. Xitoy matbuotida bu masalada vaqti-vaqti bilan provokasion materiallar tarqatib kelinayotganini kuzatish mumkin. 2018-yilda Xitoyga tegishli bo`lgan saytlardan birida shunday yozildi: “Xitoy XXI asrda dunyodagi eng qudratli davlatga aylandi. Qadimgi qo`shnilarini hayratga soldi. Aksariyat davlatlar bizga bo`ysunishga yoki to`g`ridan-to`g`ri Xitoyga qo`shilishga moyil. Bu Buyuk Xitoy davrida juda ko`p sodir bo`lgan. Xon sulolasi. Tan va Min sulolalari davrida bu odatiy hol edi. Hozir ham Xitoyga qo`shilishni istagan milliy ozchiliklar bor”.
Bu Xitoy matbuotining Tojikistondan birinchi marta er da`vo qilishi emas. 2016-yil oxirida bir qator xitoylik olimlar Tojikistonning ayrim hududlari Xitoyga tarixiy mansubligi to`g`risida rasmiy tekshiruv boshlagani ma`lum bo`lgan edi. 2020-yilning iyul oyida Xitoyning bir necha elektron OAVlarida “Tojikiston ixtiyoridagi erlarni o`z tashabbusi bilan Xitoyga qaytarib berishni boshladi va Pomir tog`lari haqiqiy egasiga qaytarildi”, qabilidagi materiallar nashr etildi.
Maqolalarda 2011-yilda Tojikiston Tog`li Badaxshon avtonom viloyati hududidan 1150 km2 erni Xitoyga bergani asos qilib olingan edi. O`shanda Tojikiston hukumat rasmiylari Pomir tog`idagi bahsli hududlar diplomatik kelishuv asosida Xitoy ixtiyoriga berilganligini ma`lum qilgan edi. Ammo muxoliflar hukumatni davlat hududidan taqriban 1 foizini Xitoyga sotganlikda ayblab keladi. Tojikiston Tashqi ishlar vaziri Sirojiddin Muhriddin bu da`volar rasmiy Pekinning pozisiyasini anglatmasligini ta`kidlaydi. Uning aytishicha, Xitoy Xalq Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Tojikiston tomoniga “bu Pekinning rasmiy pozisiyasi emas”ligini ma`lum qilgan. Ular mustaqil OAVlarda e`lon qilingan alohida shaxslarning nuqtai nazarini ifodalaydi, deydi Tojikiston tashqi ishlar vaziri. Tojikiston va Xitoy rasmiylari erga da`vogarlik borasidagi chiqishlar borasida bir xil fikrga kelib, "OAVda bu kabi maqolalarni chop qilishga yo`l qo`yilmasligi"ni izhor etishgan.
Tojikiston va Xitoy o`rtasidagi hozirgi strategik sheriklik darajasi, mantiqan, hududiy da`volarga oid turli xil g`alayonlarga joy bermasligi va ularni oradan ko`tarishi kerak. Xitoy rahbariyatining yangi global g`oyalarini nazarda tutadigan “Bir makon – bir yo`l” loyihasini yaratish Markaziy Osiyo mamlakatlari ko`magisiz muvaffaqiyatli amalga oshirilmaydi.
2021-yil 8-yanvar kuni “Vzglyad” nashrida yozilishicha, nafaqat Tojikiston, balki Xitoyga qo`shni bo`lgan boshqa davlatlar ham oradagi hududlar hisobidan Pekin ixtiyoriga er berishga majbur bo`lgan. Masalan, Qozog`iston 407 km2, Qirg`iziston 161 km2, Tojikiston esa 1150 km2 hududni Xitoyga bergan. Biroq, mazkur shartnomalarni hech kim ko`rmagan ya`ni jamoatchilikka ochiqlanmagan.
Qirg`iziston Xitoy bilan kelishuvlari natijasida esa Xitoyga berilgan hududlar orasida mahalliy ko`chmanchi xalqlar uchun diniy ahamiyatga ega bo`lgan Xon Tengri tog`i ham berib yuborilgan. Qirg`izistonning birinchi prezidenti Asqar Akaev ham xitoyliklar bilan muzokaralar olib borgan edi. 1999 yilda Bishkek va Pekin bahsli Uzongu-Quush uchastkasi bo`yicha kelishuvga erishdi. Biroq, Xitoyga 161 kv. km.ni berish evaziga erishilgan mazkur kelishuv Xitoy tomonidan talab etilgan maydonning 39 foizini tashkil etishiga qaramasdan, Qirg`iziston aholisi ushbu shartnomalardan g`azablangan edi. Aslida mazkur shartnomalar qaysidur ma`noda 2005 yildagi mamlakatdagi birinchi inqilobning sabablaridan biriga aylandi.
Shuni aytib o`tish kerakki, Markaziy Osiyo davlatlariga SSSRdan eng katta qolgan meros bu mamlakatlar o`rtasidagi chegaralar bilan bog`liq muammolardir. Qirg`iziston va Qozog`iston o`zlarini chegara muammolarini tezroq hal etish va hujjatlardagi muammolarni tuzatishga harakat qilgan. Shuni ta`kidlash kerakki, bahsli hududlarning aksariyati hali ham sobiq postsovet respublikalarida mavjud. Markaziy Osiyodagi hududiy imtiyozlar mavzusi eng og`riqli mavzulardan biridir. Mahalliy aholi orasida xitoyliklarga nisbatan salbiy qarashlar ko`paygani va odamlar Xitoyga qanchalik yaqin bo`lsa, shuncha tashvishga tushishadi. Qozog`istonda qishloq xo`jaligi erlarini Xitoy kompaniyalariga ijaraga berish bo`yicha munozaralar bosqichida loyihalar muvaffaqiyatsizlikka uchradi. Qirg`izistonda mahalliy aholi xitoylik tog`-kon korxonalari bilan nizolarni mitinglar orqali hal qilmoqda. Biroq, yangi prezident Japarov Xitoyga Narindagi Jetim-Too konidagi xom ashyoni o`tkazishni taklif qilgan, ushbu kon eng katta qora va rangli metallarning zaxiralariga ega bo`lib, taxminiy hisobda 80-100 milliard dollarga baholangan. Aholi hukumatni olingan qarzlarni er bilan yoki foydali qazilma konlarini Xitoy tomonidan o`zlashtirishdan xavotirda.
Xavotirlar asoslimi?
Xitoy kreditlari haqida gap ketganda ko`pincha uning atrofida mish-mishlar ham tilga olinadi. Aslida Xitoy ko`p qarz berayotgani haqiqat. Ushbu raqam allaqachon 2-3 trillion dollarga etgan. Ammo Markaziy Osiyo bundan katta ulush olmagan. Markaziy Osiyo mamlakatlari boshqa ayrim davlatlarga solishtirganda «qarz qopqoni»ga tushadigan darajada xavf guruhiga kirmaydi. Shunga qaramay, mintaqa ichidagi vaziyatga qarasak, ayrim davlatlar ahvoli qo`shnilariga qaraganda yomonroq. Masalan, Tojikiston tashqi qarzining deyarli 50 foizi Xitoydan olingan. Nisbatan pastroq riskka ega Qirg`iziston tashqi qarzidagi Xitoy ulushi 45 foizga etadi.
Har ikki holatda ham, Xitoydan olingan qarz summasi mamlakat YaIMining 20 foizidan oshadi. Ayniqsa, pandemiya davrida kuzatilgan iqtisodiy inqirozda davlatlar tashqi qarzni to`lash masalasida qiyinchilikka duch kelyapti. Masalan, Bishkek va Dushanbe qarzni qaytarish muddatini kechiktirish yoki kredit foizlarini pasaytirishni so`rab, Pekin bilan muzokara o`tkazyapti. Bu o`sha davlatlarga katta bosim hisoblanadi.
Qozog`iston tashqi qarzida Xitoyning ulushi 7 foizni tashkil etadi. Pandemiyadan avval bu ko`rsatkich bundan ham pastroq bo`lgan. Turkmanistondagi haqiqiy vaziyat qanday ekani haqida esa ishonchli axborot yo`q. Ayrim maqolalarda ta`kidlanishicha, Ashxobod turkman gazini bir necha yillardan Xitoyga bepul eksport qilmoqda. Negaki, ularning Xitoy oldidagi qarzi juda oshib ketgan. O`zbekiston tashqi qarz masalasida barqaror siyosat yuritmoqda. Tashqi qarzning 15 foizi Xitoyga tegishli. Bu katta raqam emas. Pandemiya davrida ham bu ko`rsatkich ijobiy baholanyapti. Shu tufayli, Toshkent «qarz qopqoni»ga tushib qolishdan qo`rqmasa ham bo`ladi.
Xitoy qarzi ortida siyosiy motivlar bormi?
Xitoyning qarz berishi orqali siyosiy strategiyalarni ishlab chiqadi, deb o`ylamaslik kerak. Aslida qarz olish tashabbusi Markaziy Osiyo davlatlaridan chiqqan. Qarzni o`z vaqtida qaytara olmaslik muammosi ichki masalalardan ortmayotgan mintaqaning kambag`al davlatlari uchun qiyinchilik tug`dirmoqda. Xitoy mintaqa davlatlarini qarz olishga majbur qilmaydi, shuning uchun bu davlatdan yovuz obraz yaratish kerak emas. Ammo iqtisodiyot qanchalik tashqi omil ta`siriga tushib qolsa, mamlakat shunchalik tashqi siyosiy irodaga bog`liq bo`lib qolishi ham haqiqat.
Tojikiston hukumati Pekinga katta miqdorda qarzdor bo`lishidan tashqari, Tojikiston yo`llar, issiqlik elektr stansiyalari va boshqa infratuzilmalarni qurish uchun Xitoydan ko`plab miqdorda kreditlar olgan. Iqtisodi rivojlanmagan mamlakatda to`lashga hech narsa yo`q. Natijada Yuqori Qumarig` oltin koni Xitoy kompaniyalariga o`zlashtirish uchun berildi. Bundan oldin xitoyliklar o`zlashtirish uchun Tojikistonda boshqa oltin, kumush va ko`mir konlarini ham olgan edi. Xitoyning qarz berish usulini hozirda barcha mamlakatlar hukumati yaxshi biladi. Tez va muammosiz katta miqdorda olinayotgan qarzlarni o`z vaqtida qoplash va qaytarish juda qiyin masala shuning uchun tabiiy resurslar yoki uzoq muddatli erga egalik qilish huquqini berish evaziga qoplanadigan bu kreditlarga tushib qolmaslik kerak.
Qirg`izistonga kiritilgan to`g`ridan to`g`ri sarmoyalarning qariyb 40 foizi Xitoy hissasiga to`g`ri keladi. Ikki mamlakat orasidagi savdo aylanmasi besh yil ichida ikki barobarga o`sdi. So`nggi to`rt yil davomida tomonlar Bishkekka 2,2 mlrd yuan (300 mln dollardan ziyod) beg`araz yordam olish to`g`risidagi kelishuvni imzoladilar. Ushbu donorlik yordami yirik shaharlarda yo`llar qurish va Bishkekning chekka tumanlarini ichimlik suvi bilan ta`minlashga yo`naltiriladi, va`da qilmoqda rasmiylar. Ammo pullarning katta qismi izsiz yo`qoldi. Ekspertlarning ta`kidlashicha, qarzlar imtiyozli shartlar asosida berilgan.
Xitoy kreditlari bir xil sxemada rasmiylashtiriladi, ko`pincha bankning pudratchisi - Xitoy kompaniyasi, u loyihani uskunalar va ishchi kuchi bilan ta`minlaydi. Shu tariqa kredit pullari, mohiyatan Xitoyda qoladi. Aksariyat qirg`izlar Xitoy qarzi uchun davlat chegara erlar badaliga to`lashga majbur bo`lishidan qo`rqishadi.
Shunga o`xshash voqea qo`shni Tojikistonda bo`lgandi. Ularning qo`rquvi tarixga asoslangan: 1999 yilda Pekin bilan ko`p ham ochiqlanmagan kelishuv natijasida Qirg`iziston chegara hududlarining bir qismini Xitoyga topshirgan. Ammo hukumat qarzni er bilan to`lamasliklarini aytib ishontirishga urinmoqda. Qirg`iziston - Pekinning «Bir makon - bir yo`l» nomi bilan birlashtirilgan ulkan loyihalarining muhim elementidir. Xususan, u orqali Xitoyni Evropa bilan bog`laydigan keng transport tarmog`i bo`lgan «Yangi ipak yo`li» o`tishi kerak. Va bu tashabbus dengizga chiqishga imkoniyatsiz, boy bo`lmagan Qirg`iziston uchun aniq afzalliklarga ega bo`lsa-da, ko`plab ekspertlar Xitoy bilan qo`shma loyihani “oq fillar” ya`ni, foydadan ko`ra, ko`proq muammolar olib keluvchi deb atashmoqda. Qirg`iziston daromad keltirmaydigan va to`lash qiyin bo`lgan loyihalarga pul oldi. Asosan, bular - yo`llar. Yo`llar esa faqat soliqlar hisobiga va uzoq vaqt davomida to`lanishi mumkin.
Demakki, birovdan qarz olishda “etti o`lchab, bir kesish” qoidasiga amal qilish kerak. Olinayotgan qarz ertaga foyda keltiradigan sohalarga sarflanmasa oqibati xunuk tugashi muqarrar.
Abduvali Soyibnazarov,
siyosiy sharhlovchi