Bir zamonlar noyob eksponatlari bilan mashhur bo`lgan muzey bugun mayxonaga aylandi

02.03.2021 15:22

Xorijdagi ayrim davlatlar qo`ldan tarix yaratishga harakat qilishadi. Sayohatchilarni jalb qilish uchun turli notabbiy holatlarni, xodisalarni o`ylab kashf qilishadi. Biz-chi?. Biz borini asrab ko`rsata olsak ham aslida shuning o`zi etadi.

Xatirchi tumanining Langar qo`rg`oni uzoq tarixga ega. Langar koni dastlab ikkinchi jahon urushidan avval bir guruh fidoiy geologlar tomonidan kashf etilgan. Bu erda dastaval volfram, keyinchalik granit qazib olingan.

Sobiq muzeyni ochgan geologlar (1980 yillar)

Tog` bag`ridagi turli tabiiy mineral zaxiralarni o`rganish uchun juda ko`plab taniqli olimlar, geologlar tashrif buyurishgan. Mazkur hududdagi eng mashhur maskan bu so`zsiz "Konchilar muzeyi" bo`lgan. Nafaqat sobiq ittifoq, balki chet ellik mutaxassisu, oddiy tabiat ishqibozini ham o`ziga rom etgan tabiiy noyob muzey uch qismdan iborat bo`lib, noyob hayvonot va o`simlik dunyosi, turli mineral topilmalar va ma`danlar, Langar konining ochilishiga hissa qo`shgan ko`p sonli geologlar va ikkinchi jahon urushiga ketib qaytmagan siymolarga doir ma`lumotlar va turli benazr eksponatlar bilan boyitilgan edi.

Kon to`xtab qolgach, geologlar, konchilik tarixi, betakror Oqtog` va Qoratog` tabiati bilan tanishtiruvchi eksponatlar talon-toroj bo`lib ketdi. Ular ishchi faxriylarning uylarida, konning sobiq boshliqlarining shaxsiy arxivida, ba`zilari eski tashlandiq binolarning qaerlarigadir sochilib ketdi. Achinarlisi shundaki, buyuk konchilar hayotidan hikoya qiluvchi ma`naviyat maskani – muzey o`rnida "tabaka"xona ochilib, mayxonaga aylantirildi.

Buni qarangki, bir vaqtlari hayratlangan, tarixdan, tabiat inomlaridan bahra olish uchun qadam ranjida qilgan odamlar bugun bu erga tamaddi qilish va spirtli ichimlik ichish uchun kelishadi.

ORADAN 40 YILGA YaQIN VAQT O`TDI...

Vaqtlar o`tib Langar koni to`xtab qolgach, bu erda yashovchi turli millat vakillari ham turli go`shalarga tarqab ketdi. Qrimdan evakuasiya qilingan tatarlar, Qrim tomonlarga, yana qay birlari o`zi xohlagan o`lkalarga jo`nab ketishdi.

Safarmurod Kamolbev,
haykaltarosh 

– Ikki yil muqaddam Langar “Obod qishloq“ dasturiga kiritilib, chiroyli go`shaga aylandi, ammo sobiq muzeyni tiklash taklifi hech kimdan chiqmadi, – deydi keksa haykaltarosh Safarmurod Kamolbev. – Konchilar siymosini yaratgan bir qancha asarlarim o`z arxivimda saqlanib turibdi. Ular men uchun tabarruk. Hozirda Langar qo`rg`oni uchun yangi xotira majmuining kichkina loyihasini yaratganman. Unda tarixdagi konning uch eshigi: xotira majmuasi, ikkinchi jahon urushidan qaytmagan langarliklar ro`yxati, kon ochilishiga hissa qo`shgan buyuk siymolar haqida ma`lumotlar jamlangan. Majmua qadimgi Langar konining o`sha paytdagi qiyofasini tomoshabinga yaqqol namoyon qiladi. Yana bir muhim gap. Konning ochilishiga sababchi shaxs, o`zbek geologiyasining asoschisi Habib Abdullaev bo`lgan. U kishining nevarasi, (bobosining ismi qo`yilgan) Navoiy erkin iqtisodiy zonasining rahbari Habib Abdullaev qishlog`imizga bir necha marotaba kelib, tub aholi hayoti bilan tanishibdi. Hatto tadbirkorlar, milliy qadriyatlarimizni targ`ib qilayotgan kashtachilarni qo`llab-quvvatlagan. Agar Navoiy viloyati jamoatchiligi muzeyni qayta tiklash masalasini qo`llab quvvatlasa ayni muddao bo`lar edi. Tadbirkorlar ham qarab turmasdi.

Langar qishlog`idagi 9 metrlik haykal

Darvoqe, Langar qishlog`i dengiz sathidan 2000 metrdan ortiq balandlikda joylashgan so`lim go`sha hisoblanadi. Bu go`zal maskanga dunyoning turli mamlakatidan turistlar kelishi, benazr Oqtov manzaralaridan hayratlanishi, hordiq olishi turgan gap. Shu bois bu manzillarda oilaviy mehmon uylarini qurish, qishloq tarixidan, tabiiy boyliklaridan so`zlovchi muzeylarni tashkil etish zarurati bor.

– 1980 yilda qo`rg`onda muzey tashkil etilib, menga geolog obrazi aks etgan haykalni yaratish taklifi bildirildi, – deya fikrini davom ettirdi keksa haykaltarosh, Safarmurod Kamolboev. Men u paytlari Moskva tasviriy san`at institutini bitirib kelgan yosh ijodkor edim. Yasagan haykalimda minglab ishchilar siymosini o`zida aks ettirgan, umrini tog`u toshlarga bergan geolog siymosini yaratganman. Ammo, bu o`sha paytdagi kon rahbariyati, avvalo, partiya faollarining talabiga yoqmaydi. Ular asosan, mendan ikkinchi jahon urushiga ketayotgan vatanparvar obrazini talab qilishdi va mening yasagan haykalimning asl nusxasi shaxsiy bisotimda qolib ketdi.  Natijada 9 metrlik boshqa haykal o`rnatildi.

Xorijdagi ayrim davlatlar qo`ldan tarix yaratishga harakat qilishadi. Sayohatchilarni jalb qilish uchun turli notabbiy holatlarni, xodisalarni o`ylab kashf qilishadi. Biz-chi?. Biz borini asrab ko`rsata olsak ham aslida shuning o`zi etadi. Navoiy viloyati hokimligi va keng jamoatchiligi Langar qishlog`ida qaytadan muzey tashkil etishni, bu dargohning bugungi qiyofasini, tabiatini odamlarga ko`rsata olishni ham o`ylashi kerak, nazarimizda…

O`ljaboy Qarshiev,
jurnalist

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
3
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар
03.03.2021 20:56
Shu ishlar amalga oshirilsa yaxshi bo'lar edi
03.03.2021 20:41
Лангар музейи хакида сайт маьмурияти Маданият вазирлигига ва геология кумитасига хат киритса яхши буларди. Кейин уларнинг муносабати хам сайтда еритиларди