Gender tenglik va boshqaruv indeksi (GEGI) beshta asosiy sohada gender tengsizlikni baholab kelmoqda.
Boshqaruv, ta`lim, AT, mehnat, tadbirkorlik va zo`ravonlikni oldini olish sohalarida erishilgan ijobiy natijalarga ko`ra O`zbekiston 103-o`rindan 52-o`ringa ko`tarildi.
Ushbu indeks 158 mamlakatni qamrab olib, gender tenglikka erishish yo`lida muvaffaqiyat va kamchiliklarni aniqlash imkonini beradi, deyiladi O`zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi ma`lumotida. O`zbekistonning mazkur xalqaro reytingda yuqori o`ringa ko`tarilishida quyidagilar asosiy omil sifatida qayd etilgan.
Avvalo ta`limga teng imkoniyatlar yaratish: bunda onlayn ta`lim platformalari orqali qishloq va chekka hududlardagi qizlarga zamonaviy bilim olish imkoniyati yaratildi. Bir million o`zbek dasturchilar loyihasi va boshqa loyihalar qizlarning AT sohasida bilim olishiga yordam bermoqda.
Ayollarni iqtisodiy jihatdan mustahkamlash: bu borada elektron tijorat va frilansing platformalari xotin-qizlarga yangi ish imkoniyatlari ochmoqda. Ayollar uchun onlayn tadbirkorlik treninglari tashkil qilinmoqda.
Gender zo`ravonlikka qarshi kurashda texnologiyalar: bu borada maxsus ilovalar va issiq liniyalar ayollarga zo`ravonlikdan himoya bo`yicha yordam ko`rsatmoqda.
Gender ma`lumotlarining ochiqligi: ayni yo`nalishda O`zbekistonning ochiq ma`lumotlar portali gender tengsizlik bo`yicha statistik ma`lumotlar ochiqligini ta`minlab, Open data watch reytingida yuqori o`rinlarni egallashiga yordam berdi.
Ayollarning AT va STEM sohalarida faolligini oshirish: bunda AT Park va boshqa tashabbuslar ayollarni AT va STEM sohalariga jalb qilish uchun keng imkoniyatlar yaratmoqda.
Texnologiya gender tenglikni ta`minlashda qudratli vosita bo`lib, O`zbekistonning xalqaro reytinglardagi o`rnini mustahkamlashda hal qiluvchi ahamiyat kasb etmoqda.
Ayniqsa, ayollarning AT sohasidagi ishtirokini kuchaytirish davlatning strategik maqsadlari qatoriga kiradi.