Prezident tomonidan ijtimoiy himoya sohasida 2025 yilda qanday engilliklar beriladi?

13.12.2024 20:32

Bugun, 13 dekabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoev ijtimoiy himoya sohasida kelgusi yil uchun ustuvor vazifalarni belgilash bo`yicha muhim yig`ilish o`tkazdi.

Unda 2025 yilga mo`ljallangan muhim qarorlar qabul qilindi.

Kambag`allikni qisqartirish masalasi bo`yicha:

—2025 yilda kambag`allik yuqori 1 mingta mahallada bittadan oilaviy bog`cha faoliyatini yo`lga qo`yiladi;

—Oilaviy bog`cha o`rinlarini 15 foiziga kambag`al oila farzandlari qabul qilinadi va bog`cha to`lovi qisman qoplab beriladi;

—1 million 200 ming aholini kambag`allikdan chiqarish uchun ta`lim, to`garak, kasb-hunar, tibbiyot masalalarini hal qilish va yashash sharoitini yaxshilashga doir chora-tadbirlar ko`riladi;

—Kambag`al oila farzandlarini chet tili, AT (axborot texnologiyalari) va kasb-hunarga o`qitish uchun qo`shimcha imkoniyatlar yaratiladi;

—Mutasaddilarga 1 martga qadar to`garaklar ochib, kambag`al oiladagi 118 ming yoshlarni o`qitishni boshlash topshirildi. Bunda to`garak xarajati 80 foizgacha byudjetdan qoplanadi;

—Harakatlana olmaydigan 23 ming odam 19 mingiga uyida va 4 mingiga kunduzgi qatnov asosida qarab turish yo`lga qo`yiladi. Xususiy sektor bunday xizmatni ko`rsatgan kambag`al oilalar xarajatining 80 foizini davlat qoplab beradi;

—Muhtoj odamlarning jarrohlik amaliyoti uchun Tibbiy sug`urta jamg`armasiga qo`shimcha 185 milliard so`m ajratiladi;

—Ijtimoiy daftarlar mablag`ining 30 foizini tuman hokimlariga “Inson" markazlari bilan mahalladagi uy-joy, yo`l, suv va elektrni yaxshilash uchun ishlatishga ruxsat beriladi;

—Aholini bitta ijtimoiy uy-joyga joylashtirishdan voz kechiladi. Ularga o`zini mahallasiga yaqin joydagi uyni ijaraga olishga ruxsat beriladi, xarajati qoplab beriladi.

Nogironligi bor shaxslar bilan ishlash bo`yicha:

—Har bir viloyat, tuman shifoxonasida reabilitasiya xizmatlari yo`lga qo`yiladi. 12 ta nogironlik reabilitasiya markazida ergoterapiya, fizioterapiya, davolash-gimnastika xizmatlari qamrovi 5 karra oshiriladi;

—7 ta tibbiyot oliygohida reabilitasiya kafedralari ochiladi, professor-o`qituvchilar Koreya tajribasi asosida qayta o`qitiladi;

—Kasallik turidan kelib chiqib, aholiga uy sharoitida bajara oladigan oddiy mashqlarni o`rgatish sog`lom ovqatlanish menyusini eslatma qilib tarqatish vazifasi bilan shug`ullangan shifokorlarga ustama beriladi;

—80 ming muhtoj odamga zarur protez vositalarini etkazib beriladi;

—1 yanvardan nogironligi bo`lgan ishchilar uchun ijtimoiy soliq 1 foiz etib belgilanadi;

—Korxonalarga surdotarjimon, psixolog va ko`zi ojizlar uchun hamrohlik xizmati xarajati uchun 50 million so`mgacha subsidiya ajratiladi. Bunday odamlarni ishga joylagan xususiy bandlik kompaniyalariga 500 million so`mgacha grant beriladi;

—Mutasaddilarga kelgusi yilda nogironligi bor shaxslar shug`ullanishi uchun adaptiv sport qamrovini 1,6 barobarga oshirib, 45 mingga etkazish topshirildi. Bu mashg`ulotlar bilan shug`ullantirgan murabbiylar oyligi 1 yanvardan 1,5 barobar oshiriladi;

—Joylardagi 130 ta sport maktabi, 90 ta maxsus ta`lim muassasasi va 29 ta "Muruvvat" uyidagi sport ob`ektlari adaptiv sport turlariga moslashtiriladi;

—300 ta yangi "vorkaut" maydonchalari quriladi, ularda ham xuddi shunday sharoitlar yaratiladi;

—Nogironligi bor bolalar uchun kunduzgi parvarishlash va "G`amxo`rlik" guruhlari tashkil qilish masalasini xususiy sektorga olib kiriladi. Bunda tadbirkorlarga har bir bola uchun kuniga 100 ming so`mdan subsidiya, xonalarni jihozlashga 30 million so`mgacha arzon kredit ajratiladi;

—Mas`ul idoralarga Milliy gvardiya tajribasi asosida 500 nafar bolani oilaviy bolalar uyiga joylashtirish va ta`lim olishi uchun sharoit yaratish topshirildi;

—Nazoratsiz va qarovsiz bolalar yashashi, o`qishiga ixtisoslashgan maktablar ro`yxati qayta ko`rib chiqiladi, ularda bunday bolalar uchun 5 foiz kvota bo`ladi. Bunda ushbu maktablarga bolalarni Ijtimoiy himoya agentligi yo`llanmasi asosida yuborish ko`zda tutiladi.

Yig`ilishda muhokama qilingan masalalar yuzasidan mutasaddilarning hisobotlari tinglandi.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
1
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар