Yig`ilish doirasida bog`cha va maktab yoshidagi nogironligi bor bolalarning ta`lim bilan qamrovi Qashqadaryo, Samarqand, Surxondaryo, Toshkent viloyatida eng pastligi ko`rsatib o`tildi.
Respublika bo`yicha bunday bolalarni 16,5 mingi maktabga, 17,5 mingi bog`chaga bormaydi, yana 11 ming bola maxsus maktab-internatlarda ota-onasidan uzoqda o`qimoqda.
Shuning uchun prezident tomonidan Ijtimoiy himoya agentligi, MMTV, viloyat hokimlariga 1 fevralgacha har bir tumanda bittadan bog`chada inklyuziv ta`lim guruhini ochish topshirildi.
2025 yil 1 sentyabrgacha 954 ta maktabda inklyuziv sinf tashkil qilinib, yana 1 ming 800 nafar nogironligi bor bola ta`lim olishi uchun sharoit yaratiladi.
Ijtimoiy himoya agentligiga harakati cheklangan bolalarga maktabga kelib-ketish xarajatini 75 foizini qoplash tizimini joriy qilish topshirildi.
Shuningdek, mental va jismoniy nuqsoni bor bolalarni o`qitadigan 90 ta maxsus maktabni ko`p funksiyali maktabga aylantirish kerakligi ta`kidlandi. Bu orqali nogironligi bor 2 ming bola ota-onasi bilan yashab, yaqin hududdagi maktabda o`qish imkoniga ega bo`ladi.
Yangi o`quv yilidan Toshkent shahrida bitta shunday maktab faoliyati yo`lga qo`yilib, namuna qilinadi.