Yurtimizda qurilishlar sonining ortishidan paydo bo`layotgan chang xalqaro normadan 10 barobar yuqori bo`lyapti

11.12.2024 10:21

Bugungi kunda qurilish va urbanizasiya ko`lamining kengayishi, qurilish ob`ektlari maydonlaridan chang va qum zarrachalarining shamol orqali havoga ko`tarilishi holatlari atmosfera havosining yomonlashishiga sabab bo`lmoqda.

Ma`lumotlarga ko`ra, yurtimizda qurilishlar sonining ortishidan paydo bo`layotgan chang xalqaro normadan 10 barobar yuqori bo`lyapti. Hisob-kitoblarga ko`ra, 500 kvadrat metrlik ochiq qurilish maydonidan yiliga o`rtacha 50 tonna chang ko`tariladi. Biroq qonunchilikda bunday harakatlar uchun aniq javobgarlik belgilanmagan.

Avval xabar berganimizdek, qurilishlarda chang va qum zarrachalarining havoga ko`tarilishini bartaraf etishga qaratilgan qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritilgan edi. Bugun mazkur loyiha quyi palatadagi O`zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasining yig`ilishida birinchi o`qishda ko`rib chiqildi.

Qayd etilganidek, qonun loyihasi bilan qurilish maydonlarida atmosfera havosini muhofaza qilish talablarini buzganlik uchun qurilish tashkilotlari mansabdor shaxslarining javobgarligini belgilash taklif etilmoqda. Muhokamalarda fraksiya a`zolari mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi ekologik vaziyatni yaxshilashga, atmosfera havosi ifloslanishining oldini olishga, qurilish tashkilotlarining mas`uliyatini oshirishga, fuqarolarning qulay atrof-muhitga ega bo`lish borasidagi konstitusiyaviy huquqlari hamda salomatliklari ta`minlanishiga xizmat qilishini ta`kidladi.

Ma`lumotlarga qaraganda, yurtimizda oxirgi ikki yilda yurak va qon-tomir kasalligi 13 foizga, nafas yo`llari kasalliklari (astma, bronxit) esa 9 foizga ko`paygan. Shunday ekan, ushbu loyihada ko`zda tutilayotgan normalar hayotiy ahamiyatga molikdir.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
0
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар