Markaziy Osiyo mintaqasi yalpi ichki mahsuloti nominal ko`rinishda 20 yil ichida 7 baravar, real ko`rsatkichda esa 4 baravar o`sdi. Bu haqda Evrosiyo taraqqiyot banki (ETB) rahbari o`rinbosari Evgeniy Vinokurov ma`lum qildi.
“Xalq to`rt baravar boy bo`ldi. Aholining harakatchanligi 3 baravar, kirib kelayotgan sarmoya hajmi esa 17 baravardan ortiq oshdi. Biz butun dunyoga Markaziy Osiyo muhim, qiziqarli, iqtisodiy jozibador mintaqa ekanligini ko`rsatishga harakat qildik. So`nggi ikki yil ichida bizning ishonchlarimizni tasdiqlamoqda”, dedi Vinokurov 2025—2027 yillarga mo`ljallangan makroiqtisodiy prognozni sharhlar ekan.
Iqtisodchining aniqlik kiritishicha, “Markaziy Osiyo iqtisodiyoti 2022–2023 yillarda o`rtacha 4,8 foizga o`sdi. Dunyo bo`yicha ushbu ko`rsatkich o`rtacha 3,4 foizni tashkil etadi. So`nggi ikki yilda Markaziy Osiyo iqtisodiyoti butun dunyoga qaraganda 1,4 baravar tezroq rivojlandi.
ETB hisob-kitobiga ko`ra, 2024 yilda mintaqaning nominal yalpi ichki mahsuloti 500 milliard dollardan oshadi.
Biroq, mintaqa taraqqiyoti yo`lida birgalikda echim topishni talab qiladigan bir qancha muammolar mavjud. Bular — dengizga yo`lning yo`qligi, iqlimiy va ekologik xavflar hamda suv-energetika kompleksining muvofiqlashtirilmagan rivojlanishi.
“Bu muammolarning barchasi mintaqa davlatlari tomonidan tashqi o`yinchilarni jalb qilgan holda muvofiqlashtirilgan holda birgalikda echgan ma`qul. Agar biz ularni birgalikda hal qilsak, suv va energetikani rivojlantirishni birgalikda muvofiqlashtirsak, Evrosiyo transport tizimini birgalikda yarasak, qayta tiklanadigan energiya manbalarini birgalikda rivojlantirsak, bu arzonroq va samaraliroq bo`ladi”, deya ishonch bildirgan mutaxassis.