Yoxud kambag`allar uchun emas, faqat boylar uchun qurilgan "Amirsoy" haqida (+video)
“Amirsoy”da hordiq olish uchun barcha sharoitlar muhayyo. Ammo kim uchun? Bu erda dam olish qanchaga tushishi haqida gap ketganda, vaziyatni "Amirsoy" hududiga olib borar yo`llarda dam olayotgan insonlarni kuzatib, taxmin qilish mumkin.
Ya`ni farzandlarining hordiq olishini istagan, ammo bunga ha, deganda qurbi etmagani uchun dam olish hududi yo`llarida qo`nim topgan insonlarni ko`rib, o`z-o`zidan ayon bo`ladiki, "Amirsoy" faqat "cho`ntagi baquvvatlar" uchun!
Xo`sh, mazkur hududda dam olish bir kishi uchun qanchaga tushishi mumkin deb o`ylaysiz?
– Bu erda dam olish uchun mening cho`ntagim ko`tarar, ammo oddiy xalq, ishchi qatlam uchun "Amirsoy" qimmatlik qiladi, – deydi tadbirkor Anvarullo Muhammadxo`jaev. – Bu dam olish maskani asosan aholining yuqori qatlami uchun qurilgan ekan. Qo`polroq qilib aytganda "Amirsoy" monopol hudud hisoblanadi. Bu erda ovqatlanish Toshkentdagi restoranlardan ham qimmat. Eskalator ham juda qimmat. Bir kishi uchun kunlik xarajat 400-500 ming so`mga aylanadi. Bu summa chet ellik va yuqori qatlam uchun bilinmasligi mumkin. Ammo oddiy aholi uchun... Ularning oylik maoshidan kelib chiqib o`zingiz xulosa qilavering. Yaqinda Qirg`izistonning tog`-chang`i dam olish hududiga borib keldim. U erda ham bizdagidek hamma sharoitlar a`lo, ammo narxlari biznikidan ancha arzon, O`zbekiston va Qirg`izistonda yashash sharoitlari deyarli bir xil. Shu o`rinda oddiy xalq uchun ham imkoniyatlar yaratilsa yomon bo`lmasdi.
Bundan xulosa qilish mumkinki, "Amirsoy"da dam olish uchun borish, u erda eskalatorlar orqali chiqish xarajatlari, taomlanish mablag`lari oddiy xalq uchun juda ham qimmat ekani ma`lum bo`ladi.
Shunday ekan, bunday dam olish hududlarini "xalqimiz uchun yaratildi", degan jumla bilan "ko`pirtirib" aytishga na hojat?!
“Amirsoy” qishki dam olish maskani haqida qisqacha to`xtaladigan bo`lsak, Italiya, Germaniya, Avstriya, Argentina, Ispaniya va Daniya mutaxassislari ishtirokida Bo`stonliq tumanida qisqa vaqt ichida ushbu tog`-chang`i dam olish maskani qurildi.
"Amirsoy Mountain Resort" qisqa vaqt ichida xorijiy kompaniya va mutaxassislarining ishtirokida 2 yildan kam vaqt ichida 900 gektar maydonda chang`ichilar va snoubordchilar uchun zamonaviy sun`iy qor yig`ish tizimiga ega 15 km. uzunlikdagi yo`l foydalanishga topshirildi. Uzunligi 2193 metr bo`lgan tog` kanat yo`li, ko`p funksiyali markazlar, shinam “chalet”lar, restoranlar va barlar, hammom majmuasi, suzish havzalari va boshqa yoshdagi turistlar va oilaviy dam olish uchun boshqa inshootlar bunyod etildi.
Hozirda Bo`stonliq tumanida xalqaro standartlarga javob beradigan chang`i kurortini yaratish loyihasining ikkinchi bosqichiga tayyorgarlik ko`rilmoqda. G`arbiy Amirsoy loyihasi doirasida 206 xonali 4-yulduzli va 5-yulduzli mehmonxonalar, tog` kanat yo`li, ko`targichlar, shuningdek, 16,8 km. tog` chang`i trassalari, 2400 o`rinli to`rtta restoran, 500 ta avtomobil uchun ko`p qavatli avtoturargoh, ofislar va savdo zonalari, chang`i va boshqa jihozlarni ijaraga berish idoralari, suzish havzalari va faol mavsumiy dam olish uchun maxsus joylar qurilishi davom etmoqda.
Yanichar