Bugun, 18 noyabr kuni tashkil etilgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasining saylovdan keyingi birinchi majlisida Prezident Shavkat Mirziyoev o`tgan saylovga doir yangiliklar, parlament a`zolari faoliyatida kuzatilgan kamchilik va yutuqlar ham talab va takliflar to`g`risida nutq so`zladi.
Saylovga oid muhim jihatlar:
Avvalo, ushbu voqea yangilangan Konstitusiyaga muvofiq o`tkazilgan ilk saylov sifatida tarixga kirdi hamda ilk bor elektron ovoz berish sinovdan o`tkazildi;
Saylovlar natijasida Qonunchilik palatasi tarkibi qariyb 60 foizga yangilanib, 87 nafar yangi deputat saylandi;
Quyi palatadagi 12 ta qo`mita o`rnida 10 ta yangilangan qo`mita tashkil qilindi;
Deputatlarning 11 nafari 35 yoshgacha, ilk bor yoshlar parlamentining 2 nafar vakili Qonunchilik palatasi deputati etib saylandi;
Natijalarga ko`ra, deputatlarning 38 foizini ayollar tashkil etgan.
Parlament faoliyatida e`tibordan chetda qolgan masalalar:
Avvalo, to`g`ridan-to`g`ri ishlaydigan va aniq ijro mexanizmlariga ega qonunlar ulushi kamligicha qolmoqda. Parlament nazorati to`laqonli ta`sirchan institutga aylandi, deb hozircha aytib bo`lmaydi, parlament va deputatlik nazorati ijtimoiy soha bilan cheklanib qolmoqda.
Deputatlarning saylov okrugidagi faoliyati asosan uchrashuvlar tashkil etish, shikoyat va savollarga rasmiy javob berishdan iborat bo`lib qolmoqda. Misol uchun, islohotlarning muhim qismi bo`lgan kambag`allikni qisqartirish masalasida deputatlarimiz hali o`z o`rnini topa olgani yo`q.
So`nggi yillarda BMT va mintaqa doirasida bir qator yirik tashabbuslar ilgari surildi. Ana shu tashabbuslarning mohiyati va ahamiyatini xalqimizga etkazishda deputatlarda, afsuski, faollik etishmayapti.
Eng katta kamchilik – vazirliklar quyi bo`g`inda, ayniqsa, tuman va shahar darajasida samarali ish tashkil eta olmayapti. Endi aholi bilan bevosita muloqot qilib, odamlarni qiynayotgan muammolarni joyida hal etish ular uchun bosh vazifa bo`lishi kerak, dedi davlat rahbari.
Bundan buyon har bir rahbar va mutasaddi faoliyatiga aynan shu mezon asosida baho beriladi.
Bu yil hududlarni rivojlantirish, ijtimoiy va infratuzilma ob`ektlarini qurish, mahallalarni obod qilish bo`yicha investisiya dasturlariga 30 trillion so`mdan ziyod mablag` yo`naltirildi.
Biroq, ana shu dasturni qabul qilishda qaysi deputat qatnashdi, uning ijrosi bo`yicha kimdan hisobot talab qildi, degan savollar ochiq qolmoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoev tomonidan talab va takliflar:
Tuman va shaharlarning moliyaviy imkoniyatlarini oshirish maqsadida kelgusi yildan er, mol-mulk va aylanma soliqlarini to`liq, daromad solig`ining esa kamida 50 foizini tuman va shaharning o`zida qoldirish;
Parlamentdagi muxolifatga kafolatlangan huquqlari sonini 3 tadan 6 taga oshirish, 1 nafar qo`mita raisi va 2 nafar qo`mita raisi o`rinbosari lavozimlarini kafolatli egallash, har chorakda “Hukumat soati” va parlament so`rovi doirasida kamida bittadan masala kiritish kabi qo`shimcha huquqlar berish;
Fuqarolarimizning uy-joy qurilishiga jalb etilgan mablag`larini kafolatli himoya qilishga qaratilgan qonunni qabul qilish;
Aholi va keng jamoatchilikning fikrini o`rganib, eskirgan uylar o`rnida zamonaviy ko`p qavatli uy-joylar qurish uchun “Renovasiya to`g`risida”gi qonunni qabul qilish;
Tibbiy xizmatlar sifatini oshirish, ajratilayotgan mablag`lar o`z egasiga etib borishini ta`minlash uchun majburiy tibbiy sug`urta tizimini albatta qonun bilan mustahkamlash;
Moliyaviy texnologiyalar, raqamli “market-pleys”lar, “veb-servis”, “bond omborlari” kabi yangi tijorat maydonlari kundalik hayotimizga jadal kirib kelmoqda. Shu nuqtai nazardan, franchayzing, kapital bozori, “startap”lar sohasidagi munosabatlarning qonuniy asoslarini yaratish;
Kelgusi yilda ilk bor elektr energiyasi onlayn ulgurji bozori ishga tushadi. Shu bois, iqtisodiy barqarorlikni ta`minlashga xizmat qiladigan bu sohada bozor mexanizmlarini joriy qilishning huquqiy asoslarini yaratishni tezlashtirish zarurligi ta`kidlandi.