G`arblik mutaxassislar «sherenting» hodisasi, ya`ni ota-onalar o`z farzandlarining suratlarini internetda tinimsiz joylash amaliyotini bolalar xavfsizligiga jiddiy tahdid solishi mumkinligini ta`kidlashmoqda.
Farzandlaringizning fotosuratlarini ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirishning yana bir xavfi shundaki, kontekstdan tashqari fotosuratlar bolalarga qarshi ishlatilishi mumkin. Masalan, farzandingiz ulg`ayganda kelajakda siyosiy lavozimlarni egallashi mumkin bo`lganda, uning kulgili suratlari kutilmaganda ijtimoiy tarmoqlarda paydo bo`lishi mumkin.
Nega farzandingizni fotosuratlarini ijtimoiy tarmoqlarda joylamaslik kerak?
G`arb mutaxassisining fikricha:
oilaviy farovonlik va baxtiyorlik aks etgan farzandlaringizning fotosuratlari, jinoyatchilar e`tiborini ham tortishi mumkin;
ota-onalar akkauntida e`lon qilingan suratlar "o`g`irlanib", g`araz niyatli kimsalar (masalan, pedofillar) uchun mo`ljallangan ijtimoiy tarmoqlardagi kanallarga joylanishi mumkin;
farzandingiz haqida qo`shimcha ilova qilinadigan ma`lumotlar esa firibgarlarga yaxshigina "tuzoq" vazifasini o`tashi mumkin.
Qolaversa, agar bola yoshligidanoq boshqalarning e`tiborini jalb qilish uchun doimiy ravishda suratga tushsa, kelajakda u doimo o`z ehtiyojlari va istaklariga e`tibor berishdan ko`ra, tashqi rozilikni izlashga muhtoj bo`lishi mumkin.
Shuni esda tutish kerakki, hatto shaxsiy akkauntlar ham to`liq xavfsizlikni kafolatlamaydi, chunki jinoyatchilar akkauntni buzishi mumkin.