Ipoteka krediti bo`yicha davlat subsidiyalarini berishdagi normativ-huquqiy bazani tahlil qilish jarayonida bir qator korrupsiyaviy xavf omillari aniqlandi. Bu haqda Ipoteka krediti bo`yicha davlat subsidiyalarini berishdagi nohalollik xavflarini baholash bo`yicha tadqiqotda aytilgan.
Korrupsiyaga nima yo`l ochyapti?
Normativ-huquqiy bazani tahlil qilish jarayonida ipoteka kreditlari uchun subsidiyalar olishga ariza berish jarayoni boshlanishi bilan bog`liq ma`lumotlar etarli emasligi, mas`ul rasmiy davlat tashkilotlari tomonidan berilayotgan axborotlarda ochiqlik va shaffoflik kamligi aniqlandi.
Shuningdek, fuqarolarning ijtimoiy muhtojlik, ishga yaroqsizlik mezonlarini baholovchi aniq mexanizm yo`qligi, bu ayniqsa, og`ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan ayol talabgorlarni tanlash jarayonida ijtimoiy xodimning aralashuvi darajasiga taalluqli.
Qolaversa, talabgor va uning oila a`zolarida surunkali kasalliklarning og`ir turlaridan aziyat chekayotgan, alohida uyda yashashga zarurat yuqori,II guruh nogironligi bor, nogironligi bo`lgan bolani parvarishlaydigan yolg`iz ayol kabi ijtimoiy mezonlar o`rganilar ekan, bunda tegishli organlar tomonidan tasdiqlangan hamda barchaga ochiq bo`lgan kasalliklar ro`yxati mavjud emas.
Hujjatlarni qabul qilish tizimidagi kamchilik: har ikkala oila a`zosi — er va xotin bir vaqtning o`zida subsidiya olish uchun ariz topshirganda, tizim ikkala arizani ham tasdiqlaydi.
Anonim so`rovnoma o`tkazildi
Tadqiqot doirasida subsidiya olishga ariza berish jarayonida qatnashgan 205 nafar respondent ishtirokida anonim so`rov o`tkazildi: ularning 57 foizi erkaklar va 43 foizi ayollar. Erkak-respondenlarning 42 foizi ipoteka subsidiyalarini olish uchun tanlovdan o`tmagan, 36 foizi ijtimoiy mezonlarga muvofiq deb topilgan va 23 foizi subsidiya to`g`risida xabarnoma olgan olmaganligini bilmagan. Ayrimlar subsidiya olish uchun ariza bermaganliklarini bildirgan.
Ayol-respondentlarning 46 foiziga ijtimoiy mezonlarga javob bermagani uchun subsidiya to`lanishi rad etilgan, 37 foiziga esa subsidiya to`lanishi haqida xabarnoma yuborilgan. Xotin-qizlarning 25 foizi (87 nafardan 22 nafari) og`ir ijtimoiy ahvoldagi ayollar sifatida subsidiya olish uchun ariza topshirgan, ularning 36 foiziga (22 nafardan 8 nafari) rad javobi berilgan.
Mas`ullar norasmiy mukofotga sha`ma qilmoqda
Anonim so`rovda, shuningdek, respondentlarning javoblari asosida ipoteka subsidiyalarini berish jarayonida korrupsiya xavflari bor, degan fikr mavjudligi aniqlandi. Xususan komissiyalar faoliyati bo`yicha salbiy fikrlarni asosan, Toshkent shahridagi respondentlar bildirdi (kelib tushgan umumiy salbiy fikrning 16 foizi).
Bundan tashqari, har ettinchi respondent davlat muassasalarining mas`ul xodimlari subsidiya olish imkoniyatini oshiruvchi norasmiy mukofotlarga sha`ma qilganliklarini bildirgan. Bunday holatlar Navoiy, Samarqand, Surxondaryo va Andijon viloyatlarida ko`proq kuzatilgan.
Bepul maslahatlar tashkil etish zarur
Subsidiya olish huquqini, zarur hujjatlar ro`yxatini yoki subsidiya miqdorini bilmasligini tan olgan respondentlarning 16 foizi subsidiya to`lanishi haqida xabarnoma olgan. Respondentlarning 40 foizi ipoteka subsidiyalarini, shu jumladan, boshlang`ich badal va foizlarni to`lash miqdorlari va tartiblaridan bexabar edi. Ipoteka kreditlari bo`yicha yagona maslahat markazi mavjud emasligi sababli so`rov ishtirokchilarining 88 foizi ipoteka subsidiyalarini oluvchilar va/yoki talabgorlar uchun bepul maslahatlar tashkil etish zarur, deb hisoblaydi.
Natijalar qanday?
So`rovning tahliliy natijalari ham korrupsiya xavfi omillariga ishora qilmoqda, xususan:
ariza topshirish jarayoni va uning aniq mezonlarida shaffoflik yo`qligi;
tanlov komissiyasi faoliyatida shaffoflik va ochiqlik yo`qligi;
subsidiya olish imkoniyatini oshirish uchun norasmiy mukofotlar so`ralishi/berilishi haqida gap-so`zlar tarqalish holatlari;
yagona maslahat markazi yo`qligi va subsidiya olish jarayoni, shartlari to`g`risida ma`lumotlar kamligi;
ipoteka subsidiyalarini olishning tartib-qoidalari to`g`risida fuqarolar xabardorligi to`laqonli emasligi yoki noto`g`ri ma`lumotga egaligi.