“Ijtimoiy fikr” saylov yuzasidan aholi orasida avgust–oktyabr oylarida o`tkazgan sosiologik tadqiqot natijalari bilan bo`lishdi (https://ijtimoiyfikr.uz/oz/tadqiqotlar/siyosat-va-huquq/256640.htm). Ushbu so`rovlarda 4 ming nafardan ortiq kishi ishtirok etdi. Tadqiqotning so`nggi bosqichini o`tkazish paytida mamlakatning 84,8% fuqarolari 2024 yil “O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi, viloyat, tuman va shahar Kengashlari deputatlari saylovi yili” hisoblanishidan xabardor ekani ma`lum bo`ldi.
Sosiologik so`rovlar ko`rsatishicha, fuqarolarning saylovda ishtirok etish istagi barqaror oshib bormoqda. Birinchi bosqichda ishtirok etish niyatini bildirganlar soni 63,5% bo`lgan bo`lsa, so`nggi bosqichda bu ko`rsatkich 71,6%ga etgan.
Tadqiqot shuni ko`rsatmoqdaki, aksariyat saylovchilar mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarga ta`sir qilish va davlat boshqaruvida qatnashish imkoniyatiga ega ekanini anglab, saylovlarga jiddiy yondashmoqda.
Aholining qiziqishi etarlicha yuqori
So`rov jarayonida mamlakat siyosiy kun tartibiga aholining qiziqishi etarlicha yuqori darajada ekanligi qayd etildi, xususan, elektoral faollikning oshishi kuzatilmoqda, o`zbekistonliklar davlat ishlariga e`tibori va bo`lajak ovoz berish tadbirida faol ishtirok etish niyatini namoyon etmoqdalar. Shuni ta`kidlash joizki, monitoring so`rovlari natijalariga ko`ra, ovoz berish sanasi qanchalik yaqinlashgani sayin, unda ishtirok etish istagini bildirayotganlar foizi shunchalik ko`proq bo`lmoqda – agar birinchi bosqichda (avgust) 77,9% o`zbekistonliklar saylovlarda ishtirok etish niyatini bildirgan bo`lsalar, so`nggi bosqich natijalariga ko`ra (oktyabr) ushbu ko`rsatkich 82,6% darajasigacha o`sib bordi.
Ciyosiy partiyalarning saylovoldi dasturi aynan qanday masalalar echimi asosida qurilishi kerak?
Jamoatchilik fikri so`rovi natijalari shuni ko`rsatdiki, jamoatchilik ongida siyosiy partiyalarning saylovoldi dasturi aynan qanday masalalar echimi asosida qurilishi kerakligi haqida etarlicha aniq tasavvur shakllangan. Partiyalar saylovoldi kampaniyasining asosiy tarkibiy qismlari ta`lim sifati va undan foydalanish imkoniyatlari (56,6%), aholini ijtimoiy himoya qilish va qo`llab-quvvatlash (42,2%), mamlakatni yanada rivojlantirishning iqtisodiy strategiyalari, soliq tizimini takomillashtirish masalalari, kichik va o`rta biznesni rivojlantirish uchun soliq stavkalarini pasaytirish, aholining real daromadlarini oshirish usullari, ishlab chiqarish sohasini, jumladan, zamonaviy texnologiyalar va “yashil iqtisodiyot” tamoyillari asosida rivojlantirish (30,7%) masalalariga daxldor bo`lishi kerak. Qishloq xo`jaligini rivojlantirish (23,4%), fuqarolarning huquq va erkinliklarini ta`minlash (19,3%), energetika muammolarini hal qilish (18,3%), infratuzilmani yaxshilash (18,0%) masalalari ham saylovoldi kampaniyasining ahamiyati kam bo`lmagan jihatlari bo`lishi lozim.
O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari deputatlari saylovi arafasida ijtimoiy-siyosiy vaziyatni sosiologik tadqiq etish natijalari tobora o`sib borayotgan elektoral faollik haqida so`zlash va ovoz berish kunida saylovchilarning yuqori darajadagi ishtirokini prognozlash imkonini beradi.