35 yil faqat bayram qildikmi? (Yoxud til haqida foydasiz mulohazalar)

21.10.2024 11:39

Bugun 21 oktyabr− til bayrami. Ha, biz bu sanani 35 marta nishonladik xolos. Negaki, yurtimizda hanuzgacha echim topmayotgan lotin, kirill muammosi, atamalarni ona tilimizga muqobillashtirish, savodsizlikka yaqqol misol bo`la oladigan noto`g`ri ism-familiyalar, bir qarasangiz ochilib, zum o`tmay yana yopilayotgan til departamenti, qonunchilikka zid reklama bannerlarini ko`raverib, davlat tili maqomiga shubha qilasan kishi.

Negaki, tilimiz ildizi ona zamindan uzila boshladi, o`zi birmuncha zaiflashib, sun`iylashib qoldi. Sho`rlik o`zbek tili ajnabiy tillarning nog`orasiga xo`p o`ynadi. O`ynay berib-o`ynay berib, oxiri boshi aylanadigan, oyog`i chalishadigan bo`lib qoldi. Davlat tili, hujjatlar o`zbek tilida olib borilsin deyildi-yu, idoralardagi qog`ozlar g`alcha iboralar bilan to`lib-toshdi, sud qarorlarini o`qisangiz, bir-bir yarim betlik uzundan-uzun, chuvalgan jumlalardan hech nimani tushunib bo`lmaydi. Ilm-fan tili haqida gapirib ham o`tirmaylik. Hatto badiiy adabiyot tilini ham jin chalib ketdi. Poyintar-soyintar yozishga, televidenie yo radioga chiqqanda esa undan ham beshbattar qilib so`zlashga o`rganib qoldik. Faqat har til bayramida o`zbek tilini eslab, bir ikki she`r, insho yozamiz-u, yana “dalshe” ketaveramiz. Choyxona-yu, sartaroshxona, yangi qurilayotgan binolardan tortib, qishlog`imdagi bobom davridan qolgan do`kongacha, o`quv markazlari, maktab-u, bog`chalar, barcha-barchasi chet elning xo`rozqandini yotib yalash bilan band. “Beauty salon”, “ Perfect school”, “M otkrlis”, manikyur, pedikyur. Hatto qishlog`imdagi sutchi xola ham “qatiq bor” degan yozuvni o`chirib, o`rniga “Malochniy domik” deb yozib qo`ygan. Bu kabi g`alizliklar tishimizga tegmay qo`ygan, quloq o`rgangan.

Ayniqsa, reklama bannerlari haqida gapirmagan odam qolmadi hisob. Talablar qonunchilikda aniq belgilab qo`yilgan, biroq bunga amal qiladigan ham, qonun ijrosini nazorat qiladigan ham biror zot yo`q. 2022 yilning 6 iyun kuni  “Reklama to`g`risida”gi yangi qonun imzolanib, sentyabr oyining boshida kuchga kirgan edi. Biroq mana ikki yildan oshdiki, biror tadbirkor idorasi, do`koni yo savdo markazi peshidagi reklama lavhalarini yangilashga harakat qilganini ko`rmadik.

O`zi qonunda nimalar belgilab qo`yilgan?

“Reklama to`g`risida”gi qonunda reklamada qo`llaniladigan tilga, shuningdek, reklama mazmunini davlat tilidan boshqa tillarga tarjima qilishga nisbatan yangi talablar belgilangan. Jumladan, qonunning 6-moddasiga binoan O`zbekiston Respublikasi hududida reklama O`zbekiston Respublikasining davlat tilida tarqatiladi.

Shuningdek, ushbu moddada quyidagilar belgilab qo`yilgan:
—Reklama mazmunining tarjimasi quyidagi talablarga rioya etgan holda boshqa tillarda takror berilishi mumkin:
—reklama mazmunining boshqa tillardagi tarjimasi matni uning O`zbekiston Respublikasi davlat tilidagi asosiy ma`nosini buzib ko`rsatmasligi kerak;
—tashqi reklama orqali joylashtiriladigan reklamaning boshqa tillardagi tarjimasi matni O`zbekiston Respublikasi davlat tilidagi reklama matnining pastki qismida gorizontal holda joylashtirilishi va umumiy reklama maydonining qirq foizidan oshmasligi kerak;
—reklamaning boshqa tillardagi tarjimasi matni harfining o`lchami O`zbekiston Respublikasi davlat tilidagi reklama matni harfining o`lchamidan kichik bo`lishi kerak;
—tele- va radiokanallarda, shuningdek bosma nashrlarda tarqatiladigan reklamaning boshqa tillardagi tarjimasi har kungi umumiy reklama hajmining yigirma foizidan oshmasligi kerak.

Ushbu modda birinchi va ikkinchi qismlarining amal qilishi:
—faqat chet tillarda e`lon qilinadigan bosma nashrlarda va noshirlik mahsulotining boshqa turlarida joylashtiriladigan reklamaga;
—ko`rsatuvni (eshittirishni) chet tillarda amalga oshiruvchi ommaviy axborot vositalarining tele-, radio-, video-, kinoxronikal dasturlarini namoyish etish (eshittirish) jarayonida joylashtiriladigan reklamaga;

Internet jahon axborot tarmog`idagi materiallarni faqat chet tillarda joylashtiradigan veb-saytlarning axborot resurslariga joylashtiriladigan reklamaga nisbatan tatbiq etilmaydi.
Belgilangan tartibda ro`yxatga olingan tovar belgilari (xizmat ko`rsatish belgilari), bosma usulda terilgan bo`g`inli belgilar (logotiplar) asli qaysi tilda bo`lsa, shu tilda keltirilishi mumkin.

Qonunlar bor, ammo amal qilinmaydi

O`tgan 35 yilni tahlil qiladigan bo`lsak, parlament tomonidan o`zbek tili to`g`risida ko`plab qonunlar va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi.  Ammo… Milliy ijtimoiy muhitda tilga, uning taraqqiyotiga befarqlik bilan qarash avj olib boryapti. Chetdan kirgan o`gay so`zlar hisobiga tilimiz “yovvoyilashib” bormoqda. Til faqat “muomala vositasi” deb qaraldi va “muomala vositasi” qanday bo`lishi e`tibordan soqit qilindi. Til “dalasini” shu tariqa turli yovvoyi o`tlar tobora shiddat bilan zabt etdi.  Davlat tiliga bo`lgan e`tibor va uning ahamiyatlilik darajasini oshirish haqida hech kim o`ylamadi.

Masalan, Germaniyada mas`ul idora nemis tilidan boshqa tilda murojaatlar ko`rib chiqmaydi.  Irlandiyada esa davlat tili sifatida irland va ingliz tili qabul qilingan. Davlat organlarida davlat tillari to`g`risidagi qonun hujjatlariga rioya qilinayotganini tekshirish bo`yicha alohida organ mavjud. Agar davlat organi ushbu tashkilotga hujjatlarni taqdim qilmasa, ular bilan hamkorlik qilmasa, ushbu organ mansabdor shaxsi uchun 2000 evrogacha jarima yoki 6 oy qamoq jazosi belgilangan. Bu tekshiruvlar natijasida til to`g`risidagi qonun hujjatlari buzilgani aniqlansa, davlat organi mansabdor shaxsi javobgarlikka tortilishi mumkin.

Gruziyada esa “Davlat tili to`g`risida“gi qonunga ko`ra, davlat korxona va tashkilotlarida faqat gruzin tilida ish yuritiladi, zarurat tug`ilsa, hujjatlar boshqa tillarga tarjima qilinishi mumkin, ammo bu tarjimalar rasmiy hujjat hisoblanmaydi.

Qatarda esa 2019 yilda qabul qilingan yangi qonunga ko`ra, barcha davlat organlari va rasmiy hujjatlarda arab tilidan majburiy foydalaniladi. Qonun talablariga amal qilmaganlik uchun 50 000 qatar riali (14 000 AQSh dollari atrofida) miqdorida jarima belgilangan.

Bizdachi? Faoliyati ona tilimiz bilan bevosita aloqador tashkilotlarning birortasi davlat tili borasida jon kuydirgani, targ`ibot-tashviqot ishlarini olib borganini ko`rmaganmiz. Qonun bor, ammo unga hech kim amal qilmaydi, ijrosi ta`minlanmaydi, qoidalar qog`ozlarda qolib ketgan.
“Reklama to`g`risida”gi qonun ham yuqoridagi kabi ijrosiz, nazoratsiz qonunlardan bo`lib qolaverdi.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
1
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар