Joriy yilning 8 oyida er uchastkalarini noqonuniy ravishda egallab olgan 394 nafar shaxs ma`muriy javobgarlikka tortildi. Bu haqda AOKA da o`tkazilgan brifingda aytib o`tildi.
Qanday javobgarlik bor?
Ma`lumki, er — davlat mulki. Shunday ekan, er uchastkalarini ko`rsatib o`tilgan tarzda noqonuniy ravishda egallab olgan shaxslarga nisbatan ma`muriy va jinoiy javobgarlik belgilangan.
Jumladan, Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi Kodeksning 60-moddasiga muvofiq er uchastkalarini o`zboshimchalik bilan egallab olish, shu jumladan, ushbu er uchastkalariga nisbatan qonuniy huquqlari mavjud bo`lmagan holda ulardan foydalanish — fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining yigirma besh baravari, mansabdor shaxslarga — ellik baravari miqdorida jarima solishga sabab bo`ladi. Shuningdek, o`zboshimchalik bilan egallab olingan, ajratilgan er uchastkasiga tutash bo`lgan va tutash bo`lmagan er uchastkalarida qurilish ishlarini amalga oshirish — fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining bir yuz ellik baravari, mansabdor shaxslarga — uch yuz baravari miqdorida jarima solishga sabab bo`ladi.
2023 yilda 335 nafar, joriy yilning 8 oyida esa 394 nafar
Statistik ma`lumotlarga ko`ra 2023 yil mobaynida aynan mazkur modda bilan 335 nafar shaxsga nisbatan ma`muriy jazo tayinlangan.
Joriy yilning o`tgan sakkiz oyi mobaynida esa Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi Kodeksning 60-moddasi bilan 394 nafar shaxs ma`muriy javobgarlikka tortilgan.
Shu bilan birga, er uchastkalarini o`zboshimchalik bilan egallab olish, shu jumladan, ushbu er uchastkalariga nisbatan qonuniy huquqlari mavjud bo`lmagan holda ulardan foydalanish, xuddi shunday harakatlar uchun ma`muriy jazo qo`llanilganidan keyin sodir etilgan bo`lsa, Jinoyat kodeksining 229-1-moddasiga asosan, javobgarlikka sabab bo`ladi.
Sug`oriladigan er maydonlari bilan bog`liq vaziyat
Qonunchilikda sug`oriladigan er maydonlari alohida muhofazaga ega bo`lib, sug`oriladigan erlardan faqat Er kodeksida nazarda tutilgan maqsadlar uchungina foydalanish mumkin. Mazkur toifadagi er uchastkalarini ularda qurilish ishlarini amalga oshirgan holda o`zboshimchalik bilan egallab olganlik uchun Jinoyat kodeksining 229-1-moddasi 2-qismida bazaviy hisoblash miqdorining to`rt yuz baravaridan olti yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoxud ikki yildan uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan.
O`z navbatida mazkur modda bilan jinoiy javobgarlikka tortilgan shaxslar haqidagi ma`lumotlarga e`tibor qarataylik. 2023 yil davomida Jinoyat kodeksining 229-1-moddasi bilan bog`liq jinoyat ishlarini ko`rib chiqish natijasida 587 nafar shaxs sudlanib, ularga nisbatan jarima, axloq tuzatish ishlari, ozodlikni cheklash hamda ozodlikdan mahrum qilish jazolari tayinlangan. Joriy yilning o`tgan sakkiz oyi mobaynida esa ushbu modda bilan 638 nafar shaxs jinoiy javobgarlikka tortilgan. !
Bundan tashqari, Jinoyat kodeksining 229-6-moddasida sug`oriladigan er uchastkasiga yoki uning bir qismiga bo`lgan huquqni sotish yoxud qonunga xilof ravishda boshqacha tarzda o`zga shaxsga berganlik uchun javobgarlik belgilangan bo`lib, buning uchun bazaviy hisoblash miqdorining to`rt yuz baravaridan besh yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki muayyan huquqdan mahrum qilib, ikki yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilangan.
Ma`lumotlarga ko`ra o`tgan yilda Jinoyat kodeksining 229-6-moddasi bilan 44 nafar shaxsga ayblov hukmi chiqarilgan. 2024 yilda esa mazkur modda bilan 47 nafar shaxsga nisbatan jinoiy jazolar tayinlangan.