O`zbekistonda 60 ming eshitish qobiliyati past inson bor, ular duch kelayotgan qiyinchiliklarga qachon echim topiladi?

10.10.2024 16:37



JSTTning ma`lumotlariga ko`ra, 2050 yilga kelib taxminan 2,5 milliard odam u yoki bu darajada eshitish qobiliyatini yo`qotishdan aziyat chekadi, 700 million inson esa eshitish qobiliyati buzilganligi tufayli reabilitasiyaga muhtoj bo`ladi. Qulog`i og`irlik engil, mo``tadil, og`ir va chuqur ko`rinishda bo`lishi mumkin. Eshitish qobiliyati shikastlanish, kasallik yoki tug`ma kasalliklar natijasda yo`qotiladi.

Qanday muammolar qiynamoqda?

O`zbekiston karlar jamiyati ma`lumotiga ko`ra, mamlakatida deyarli 60 ming eshitish qobiliyati past insonlar mavjud. Eshitish qobiliyati buzilgan shaxslar duch kelayotgan muammolar ham talaygina. “Yuksalish” harakati shu toifadagi insonlar o`rtasida so`rovnoma o`tkazdi.

Unda O`zbekistonda yashayotgan 18 yoshdan 65 yoshgacha bo`lgan eshitish qobiliyati buzilgan nogironligi bo`lgan shaxslardan 102 kishi ishtirok etdi. Jumladan, respondentlarning yarmidan ko`prog`i, ya`ni 53,9% ishlayotgan fuqarolar bo`lib, shu qatorida savollarga javob bergan talabalar (19,8%), pensionerlar (11,8%) va ishsizlar (14,7%)ni tashkil etdi.

Respondentlarning umumiy sonidan imo-ishora tilidan foydalanishdagi qiyinchiliklarga har doim duch kelganlar 34,3%, ko`pincha – 21,6%, ba`zan 31,4%, kamdan-kam 6,9% va hech qachon duch kelmaganlar 5,9% ni tashkil etdi.

Bunda respondentlarning 55,9% muloqot uchun texnologiyalardan foydalanishini aytgan. Respondentlarning 26,5% o`quv materiallari ochiqligini, 39,2% esa ularni olish qiyinligi, 34,3% umuman bu materiallarni ololmasligini ta`kidlagan.

Ixtisoslashgan maktablardagi o`quvchilarning 52,9% sharoitlar o`rtacha, 24,5% – yaxshi, 11,8% – a`lo, 10,8% esa yomon, deb baholagan.

Ishga joylashish qanchalik oson?

Ishga joylashish jamiyatga integrasiyalashuvning yana bir muhim bosqichi hisoblanadi. Ishga joylashish shart-sharoitlari bo`yicha 7,8% respondent a`lo, 18,6% – yaxshi, yarmidan ko`pi – 51,5% esa ularda hamma imkoniyatlar ham berilmaganligini ta`kidlagan va 22,5% respondent ishga joylashishning imkoni yo`qligini aytgan.

59,8% respondent tibbiy xizmatlar har doim ham ochiq emas, deb hisoblaydiki, bu sog`liqni saqlash sohasidagi muammolarni o`rganishga alohida yondashishni talab etadi. Ijtimoiy faollik uchun imkoniyatlarni 49% respondent yaxshi, 39,2% – cheklangan deb baholagan va 11,8% imkoniyat yo`qligini aytgan.

So`rovnoma eshitish bo`yicha nogironligi bo`lgan shaxslar turmushning turli sohalarida hanuz qiyinchiliklarga duch kelayotganini ko`rsatadi. Asosiy muammolar aloqa, ta`lim, texnologiyalar, tibbiy xizmatlar ochiqligi va ishga joylashish imkoniyatlari bilan bog`liq.

Respondentlarning javoblari asosida ishlab chiqilgan takliflar

Texnologiyalar ochiqligining ta`minlanishi eshitish qobiliyati buzilgan shaxslarning turmushiga sezilarli ta`sir ko`rsatib, ularning muloqot qilishini osonlashtiradi, ma`lumotlarga yo`l ochilishini yaxshilaydi va ta`lim olish hamda ishlash uchun yangi imkoniyatlar taqdim etadi. Tibbiy xizmatlar sohasida ham, ixtisoslashgan maktablarda ham eshitish qobiliyati buzilgan nogironligi bo`lgan shaxslarga xizmatlar taqdim etishning ochiqligini chuqur o`rganish zarur. 

Eshitish bo`yicha muammosi bo`lgan insonlarga moslashtirilgan darsliklar yaratish va imo-ishora tilida o`qitish sifatini yaxshilashni davom ettirish, shuningdek, nogironligi bo`lgan shaxslar uchun yangi ish o`rinlari yaratish yoki ularni ishga oladigan ish beruvchilar uchun imtiyozlarni kengaytirish zarur. Eshitish qobiliyati buzilgan insonlar duch keladigan muammolar, shuningdek, ularni qo`llab-quvvatlash imkoniyatlari haqida jamiyatni xabardor qilish alohida ahamiyatga ega.

Bu yo`nalishda ko`riladigan chora-tadbirlar nafaqat eshitish bo`yicha nogironligi bo`lgan shaxslarning turmushini yaxshilashga, balki ularning jamiyatga integrasiyalashuviga ko`mak beradi.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
1
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар