2023 yil mobaynida fuqarolik ishlari bo`yicha sudlar tomonidan bolani oilaga farzandlikka olish bilan bog`liq 5 359 ta ish ko`rilib, tamomlangan. Shundan 5 011 ta da`vo ariza qanoatlantirilgan. Joriy yilning birinchi yarim yilligida aynan shu toifadagi 2 701 ta ish ko`rilib, tamomlangan va 2 543 ta da`vo ariza qanoatlantirilgan. Bu haqda AOKAda o`tkazilgan brifingda Oliy sud axborot xizmati rahbari Aziz Obidov batafsil javob berdi.
Kimlar bola asrab ololmaydi?
Shuningdek, brifingda qanday shaxslar farzandlikka oluvchilar bo`lishi mumkin emasligi ham aytib o`tildi. Jumladan:
– ota-onalik huquqidan mahrum qilingan yoki ota-onalik huquqi cheklanganlar;
– qonun bilan belgilangan tartibda muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topilganlar;
– asab kasalliklari yoki narkologiya muassasalarida ro`yxatda turuvchilar;
– farzandlikka oluvchi va farzandlikka olinuvchilar yoshidagi farq o`n besh yoshdan kam bo`lsa (o`gay ota va o`gay ona tomonidan farzandlikka olish hollari bundan mustasno).
Chet el fuqarosi O`zbekiston Respublikasining fuqarosi bo`lgan bolani farzandlikka olishi mumkinmi?
Shuningdek, chet el fuqarosi yoki fuqaroligi bo`lmagan shaxs tomonidan O`zbekiston Respublikasining fuqarosi bo`lgan bolani farzandlikka olish haqida ariza berilishi mumkin. Bunday ishni ko`rib chiqishda sud nafaqat arizachi fuqarosi hisoblangan davlatning qonunchiligi, balki O`zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarini inobatga olgan holda O`zbekiston Respublikasining qonunchiligi talablaridan ham kelib chiqadi.
Aytaylik, O`zbekiston fuqarosi boshqa davlat fuqarosi hisoblangan bolani farzandlikka olmoqchi bo`lsa, asosiy hujjatlarga qo`shimcha ravishda farzandlikka olinayotgan bolaning O`zbekiston Respublikasi hududida doimiy yashashi uchun O`zbekiston Respublikasi vakolatli organining roziligi hamda farzandlikka olinayotgan bola qonuniy vakilining va bola qaysi davlat fuqarosi bo`lsa, o`sha davlat vakolatli organining roziligi talab qilinadi.
Sudga farzandlikka olishni haqiqiy emas deb topish va farzandlikka olishni bekor qilish to`g`risidagi da`vo bilan farzandlikka olinganning ota-onasi, prokuror, vasiylik va homiylik organlari, bolalar masalalari bo`yicha komissiyalar, shuningdek o`n olti yoshga to`lgan farzandlikka olingan bola murojaat qilishlari mumkin.