Rost24.uz axborot tahliliy portaliga kutubxonalardagi ish o`rni qisqarishiga oid murojaat keldi. Jizzax viloyat Iqtisodiyot va moliya boshqarmasi boshlig`i nomiga yozilgan murojaatga ilova qilingan xatda shunday deyiladi:
"O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Administrasiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligining 2024 yil uchun tasdiqlangan "Ish rejasi"ga asosan, joriy yilning 13-27 may kunlari Jizzax viloyatining Baxmal, Zarbdor, Zomin va Paxtakor tuman axborot-kutubxona markazlarida byudjet va byudjetdan tashqari mablag`larning maqsadli sarflanishi yuzasidan "Ichki audit tadbiri" o`tkazildi. O`rganish jarayonlarida Zomin tuman axborot-kutubxona markazi bo`yicha umumiy kutubxonalar soni va kitob resurslarining berilishi shtat me`yorlariga nisbatan 3 shtat birligi, Zarbdor tuman axborot-kutubxona markazi bo`yicha 2.5 shtat birligi ko`p rejalashtirilganligi aniqlandi.
Yuqoridagilarni inobatga olib, sizdan Zomin tuman axborot-kutubxona markazi bo`yicha 3 shtat birligi, Zarbdor tuman axborot-kutubxona markazi bo`yicha 2.5 shtat birligi hamda Paxtakor tuman axborot-kutubxona markazi bo`yicha 2 shtat birliklarini qisqartirib berishingizni so`rayman".
Yuqorida keltirilgan xat axborot-kutubxona markazi direktori tomonidan yozilgan.
O`rganishlar shuni ko`rsatadiki, statistika agentligi ochiq ma`lumotlar bazasida keltirilgan ma`lumotlarga qaraganda, 2000 yilda O`zbekistonda 6027 ta kutubxona bo`lgan, 2021 yilga kelib, bu ko`rsatkich sezilarli va achinarli darajada 402 tagacha qisqarib ketgan.
Kutubxonalar soni qisqarishi va buning oqibatida ish o`rni yo`qolishi, ba`zi xodimlar ishsiz qolishi - bu kabi holatlar ijodkor sifatida meni ham xavotirga soldi. Mamlakatimizda kutubxonalarning yopilishi, tuman va shahar markazlarida bittagina kutubxona qolishi nechog`lik haqiqatga yaqin. Madaniyat vazirligi o`z sohasidagi kutubxonalardan voz kechayotgan bir zamonda, kunimiz kimlarga qoldi ? Biz qo`lda kitob ko`tarib ulg`aygan avlodlarning farzandimiz. Qani shu avlodlarga munosiblik?
Bugun dunyoda turli shakldagi 2,7 milliondan ortiq kutubxona mavjud. Ularda ro`yxatdan o`tgan mushtariylar soni esa 1 milliard 40,2 million nafar atrofida. Eng tez rivojlanayotgan davlatlarda kitob o`qish va kutubxonalarga tashrif buyuruvchilar soni kutilganidan ko`p. Demak, rivojlanish shartlaridan biri mutolaa ekanligi ma`lum.
2021 yil ma`lumotlariga ko`ra, bugun eng ko`p kitob o`quvchilar Hindiston, Tailand va Xitoyda yashaydi. AQShda aholining 55 foizi kutubxonaga a`zo yoki doimiy foydalanuvchi. 2017 yilda dunyoda kutubxonalarga tashrif yiliga 1 mlrdlik ko`rsatkichdan o`tdi.
Ajablanarli jihatiga e`tibor qarating, O`zbekistonda bugun har 100 ming nafar fuqaroga 1 ta kutubxona to`g`ri kelar ekan. Prezidentimiz kitobga mehr qo`yish va kutubxonalarni ko`paytirish haqida bot-bot takrorlaydi. Birgina "Kitobxonlik targ`iboti" tadbirlari har haftada o`tkazilayotganini rasmlar so`zlaydi. Bu tadbirlar rasmlar va hisobotlar uchun o`tkazilayotgani sir emas.
Kitob rastalarida eng yaxshi sotiladigan asarlar, yolg`on-yashiq pul topishni "o`rgatuvchi" motivator kitoblar, abiturientga axborotnomalardan iborat. Bir maktab kutubxonachisining “Kutubxonalar soni qisqarishi va uning oqibatida, bizga o`xshagan xodimlar ishsiz qolishi yaxshi emas, aksincha, kutubxonachilarni qo`llab-quvvatlash, oyliklarini oshirish va chekka hududlarda kutubxonalar sonini oshirish kerak.
Arzimagan 1 mln 360 ming so`m oylikka ishlayman, bilmadim, uni oylik deb aytsam to`g`ri bo`larmikan?” degan fikrlari so`zimizning yaqqol isbotidir. Yana bir jihat e`tiborimizni tortdi, kutubxonachilarimiz o`zlarini qisqartirishni talab qilishmoqdami? Yoki aksincha, yuqoridan shunday buyruq bo`lganmi?
Minglab kutubxonalar faoliyati to`xtatilayotgan bir zamonda siz bilan biz jim tomoshabin bo`lib turmoqdamiz. U erda ishlayotgan qanchadan-qancha kutubxona xodimlari ishsiz qolishayotganini kimdir o`ylayaptimi? Bugun kitobxonlik targ`iboti degan tadbirlarda baralla so`zlayotgan so`zlovchilar xabardor ekanmi kutubxonalar sonining qisqarib ketayotganidan? Unda kitobxonlik targ`iboti tadbirlari nega kerak ? Umuman kutubxona o`zi nimaga kerak!?