Biz e`tibor qilishni istamayotgan faktlar

31.08.2024 13:27

Keltirmoqchi bo`lgan faktlarimizni aslida Sport vazirligi va Milliy olimpiya qo`mitasi matbuot kotiblarining aytish vazifasi edi. Nachora...

Parij-2024 Olimpiadasida medallar shodasi bilan qaytgan sportchilarimiz munosib kutib olinib, qo`sha-qo`sha sovg`alar berilishi jamoatchilikda etarlicha e`tirozlarni keltirib chiqardi.

Mushtlashganga millionlab pul, uy va mashinalar beriladi-yu, ilm bo`yicha g`oliblarga bitta noutbuk berilishi adolatsizlik, deya jar solganlar ham ko`pchilikni tashkil etmoqda.

Endi shu joyda faktlar bilan mulohaza yuritamiz:

Germaniyada nemis tili bo`yicha birinchi o`rinni olgan qizimizning o`z mehnati ortidan erishgan yutug`i tahsinga sazovor, albatta. Shuni ham tan olish kerakki, mazkur musobaqa faqat Olmoniyaning o`zida o`tkaziladigan nemis tili bo`yicha bellashuv hisoblanadi. Ikkinchidan, qizimizning olgan bilimi kelajakda albatta o`zi uchun hali ko`p bora asqotadi.

Sportchilarimizga keladigan bo`lsak, Olimpiadada ishtirok etadigan yigit-qizlarimiz yoshlikdan faqat sport bilan shug`ullanib, ayni o`ynab-kuladigan bolaligini sportga tortiq qilganlar hisoblanadi.

Bugun millat qizlarining timsoliga aylangan Diyora Keldiyorova ham yoshligini o`ynab o`tkazsa bo`lar edi. Ammo u o`spirinlik davrini ham sportga baxshida etib yubordi. Ayni kunda 26 yoshga kirgan Diyora ham turmush ikir-chikirlari bilan o`ralashib, farzandlar dunyoga keltirib yashasa bo`lmasmidi? Yo`q. U sportning eng yuqori cho`qqisiga borishni maqsad qildi. Va shunga erishdi ham.

Aytmoqchi bo`lganimiz, Olimpiada cho`qqisi va O`zbekiston sha`ni uchun boy berilgan yo`qotishlarning o`rnini ham qoplash joizdir, agar qoplashning imkoni bo`lsa.

Ilm olish va uni sarflash vaqt tanlamaydi. Ammo sport bilan shug`ullanish vaqti chegaralangan. 30-40 yoshdan so`ng sportda natijalarga erishish mushkul hisoblanadi.

Badantarbiya mashg`uloti bilan sog`liqqa ega bo`lish mumkindir. Ammo kuchli bosimlar ostidagi musobaqalarda faqat jarohat orttirilgani qoladi xolos. Bu yo`qotishlarning o`rnini pul bilan ham qoplab bo`lmaydi.

O`tmishdagi xatolarimiz

Mustaqillik boshidagi Olimpiada g`oliblarini yodga olamiz:

Lina Cheryazova. 1994 yil Lillexammerda o`tgan qishki Olimpiadada Lina Cheryazova sabab, O`zbekiston ilk bor olimpiada oltin medaliga ega bo`lgan edi. 

Ammo u davrlarda olimpiada g`oliblarini rag`batlantirish degan tushunchalar bo`lmagan. Shu sabab bo`lsa kerak, Cheryazovaning keyingi taqdiri juda ayanchli yakun topdi. Olimpiada g`olibi bo`lgan yili keyingi musobaqalarga tayyorlanish jarayonida boshidan olgan jarohati tufayli, 1998 yili sportni erta tark etishga majbur bo`ldi. Shundan so`ng, O`zbekistondagi e`tiborsizlik sabab u Rossiyaga ketishga qaror qilgan. Eski jarohati sabab 2019 yil 51 yoshida Rossiyaning Novosibirsk shahrida vafot etdi.

Oksana Chusovitina. 8 karra Olimpiada ishtirokchisi sifatida Ginnes rekordlari kitobidan joy olgan Oksana Chusovitina lekemiya kasaliga uchragan yolg`iz o`g`lini davolatish uchun Germaniya bilan shartnoma tuzishga majbur bo`ladi. U 2006 yildan 2012 yilgacha Olmoniya terma jamoasi nomidan tushib, 2008 yilgi Olimpiadada Germaniya hisobiga kumush medalni yozdirib qo`ygan. Chusovitinaning ham sportda ayni cho`qqilarni egallaydigan davri O`zbekistonda olimpiada g`oliblarini rag`batlantirish urf bo`lmagan davrlarga to`g`ri kelgan edi.

Rufat Risqiev 1976 yilda Kanadaning Monreal shahrida o`tkazilgan olimpiadada sobiq SSSR jamoasi nomidan finalga chiqqan yagona bokschi bo`lgan.

R.Risqievning Xalqaro boks assosiasiyasi prezidenti Umar Kremlyovning shaxsan o`zi nazoratiga olgunga qadar bo`lgan taqdiri juda ayanchli holda edi. Hattoki, unga tayinlangan eng kam pensiya eb-ichishiga ham etmagan edi. U uzoq yillar davomida boshidan o`tkazayotgan qiyinchiliklarining asosiy omili albatta sportda orttirilgan jarohatlaridir.

Rivojlangan G`arbda ham xatolar yo`q emas

Solfrid Koanda. Parij-2024 Olimpiadasida g`olib bo`lgan norvegiyalik 25 yoshli og`ir atletikacha Solfrid Koanda oltin medalini sotishga qaror qilibdi.

Norvegiya mediasining ma`lum qilishicha, Koanda 2028 yili Los-Anjelesda bo`ladigan Olimpiadaga tayyorgarlik ko`rish uchun shu qarorga kelgan.

"Yoki yana elektrchilik kasbimni davom ettiraman yoki Olimpiada-2028 ga tayyorgarlik ko`rish uchun oltin medalimni sotishga majburman”, – degan Parij-2024 oltin medali sohibasi.

* * *

Yuqorida faqat hech birini inkor etib bo`lmaydigan asosiy faktlarni keltirdik, xolos. Sportni tanlab pushaymon bo`lganlarni sanab sanog`iga etib bo`lmaydi, aslida.

Olimpiadachilarimizga berilayotgan sovg`alarga e`tiroz bildirayotgan hamyurtlarimizga shu joyda savol tug`iladi: Vatan sha`ni uchun kurashib, sog`lig`ini yo`qotgan atletlarimizning holidan biror marta xabar oldingizmi? 

Vaholanki, jarayonga xolisona qaraydigan bo`lsak, jamoatchilikda ham ayb yo`qdek tuyuladi. Negaki, yuqorida keltirib o`tilgan faktlardan, sportdagi yo`qotishlardan odamlarimiz bexabar bo`lishi ham mumkinku?

Asl voqiylikni va sportda topishdan ko`ra, yo`qotishlar ko`p bo`lishini hamyurtlarimizga etkazadigan media ishlashi lozim.

Sport vazirligi va Milliy Olimpiya qo`mitasida yaxshigina maosh oladigan matbuot kotiblari ozgina mehnat qilib, asl haqiqatni jamoatchilikka etkazib turishi kerak emasmi? Tushunarli qilib etkazsa, xalq tushunadi albatta. Faqat etkazadigan maxsus odamlar ozgina ko`rinish berishi lozim.

Matbuot kotiblarimiz esa, hattoki, vikipediyada turgan ma`lumotlarga ham o`ta maxfiy tus bergan holda sir saqlashni va sportchilar bilan suratga tushishni qoyillatishadi, xolos.

Matbuot kotiblariga birgina aytarimiz: sportda oshkor bo`lishidan qo`rqadigan sirli narsaning o`zi yo`q, ozgina ishlash kerak.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
4
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар