Bilimni baholash agentligining maqsadi bilimli farzandlarimizni "sindirish"mi?

10.08.2024 12:26

Bilimni baholash agentligi e`tirozlarga Prezident qarorini sababchi qilib ko`rsatdi.

Bilim va malakalarni baholash agentligi 2024/2025 o`quv yili uchun ta`lim tashkilotlariga kirish test sinovlarining dastlabki yakunlari bo`yicha matbuot anjumani o`tkazdi.

Mazkur anjumanda qatnashgan Rost24.uz muxbiri  quyidagicha savol bilan murojaat qildi:

- Bilim va malakalarni baholash agentligi o`zining rasmiy sahifasida huquqshunoslikdan tushgan barcha savollar davlat ta`lim standartlari va o`quv dasturlari asosida shakllantirilgan deya izoh bergan. Lekin shaxsan o`zimiz ham test jarayonida qatnashgan abiturientlar bilan suhbatlashdik. Savollar juda murakkab, savollar tavsiya etilgan 4 ta kitob va Konstitusiyadan tashqari tushgan. Bilim va malakalarni baholash agentligi buni qanchalik rad etmasin, vaziyat aslida hali to`liq ochiqlangani yo`q. Vaziyat shu holicha qoladimi? Yoki o`zi aslida Bilim va malakalarni baholash agentligining niyati haqiqatdan ham talabalarni yiqitish bo`lganmi?

Ushbu savolga Bilim va malakalarni baholash agentligi boshqarma boshlig`i Zafarbek Olimbekov javob berdi:

- Bu savolga javob berishdan oldin aslida biz test savollarining oson yoki qiyinligi va ular nima asosida shakllantiriladi, degan savolga javob berishimiz kerak. Prezidentimizning 2020 yil dekabr oyidagi qarorlari va Vazirlar Mahkamasining 261-sonli qarori test imtihonlarini tartibga soluvchi asosiy me`yoriy hujjat hisoblanadi. Bu hujjatlarda test topshiriqlari aynan umumiy o`rta ta`lim tizimiga qo`yiladigan DTS va ular asosida shakllantiriladigan o`quv dasturlari asosida shakllantirilishi belgilangan. Bugungi kunda ko`pchilik talabgorlar e`lon qilingan 4 ta darslik va Konstitusiya degan iddaoni juda ko`plab berishyapti. Lekin bularni e`lonning yuqori sarlavhasida, o`qishga tavsiya etilgan adabiyotlar deb beryapmiz, test topshiriqlarini shakllantiradigan adabiyotlar ro`yxati demayapmiz. Darslikda yo`q degan norozichilik ham bo`ldi. Ammo huquqshunoslik eng tez o`zgaruvchi ijtimoiy fan ekanligini inobatga olishimiz kerak. Qonunchilikda ortga qaytish xususiyati mavjud emas. O`quv dasturi o`zgarmagan, faqat qonun hujjatlari o`zgarayapti. Huquq fanidan dars beradigan pedagoglarimiz o`quvchilarga qonundagi o`zgarishlarni va darslikdagi ma`lumot eskirgan ekanligini ham aytib o`tishadi. Dasturda qaysi mavzu mavjud bo`ladigan bo`lsa, shu mavzu doirasida shu qonun hujjatining asl manbaiga murojaat qilganmiz. Adabiyotlar nega tavsiya etilyapti?  Bu abiturientlarning chalg`imasligi uchun. Test topshiriqlarini echa olishlari uchun eng kamida mana shu adabiyotlarni o`qishi lozim. O`quvchilar qonun hujjatlarining asl matni bilan tanishishlari uchun maktab o`quv adabiyotlarida QR kod berilgan. O`quvchilar ta`lim jarayonida QR kod orqali qonun hujjatining asl manbai bilan tanishishi ham darslikning o`zida bevosita topshiriq sifatida berilyapti.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
1
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар