Bilimni baholash agentligining maqsadi nima?

22.07.2024 11:40

Bilimni baholash agentligining maqsadi Rossiyaga migrant tayyorlashmi?

O`zbekiston ta`lim tizimini rivojlantirish uchun yaxshigina harakatlar olib borilayotgani xech kimga sir emas. Avvaliga raqobatni kuchaytirish maqsadida xususiy oliy ta`lim muassasalari lisenziyalashtirildi, magistratura uchun til bilish sertifikatlari joriy qilindi, kredit modul tizimida o`qitish boshlandi. 

Lekin biz kutgan ilmiy raqobat - biznes raqobatga, til bilish sertifikati - kadrlar muammosiga, kredit modul tizimi esa - qonuniy poraxo`rlikka aylanib ketdi. 

Endi ta`lim sifatini oshirish maqsadida kirish imtixonlarini yanada murakkablashtirishga urinmoqdamiz. Aslida ushbu test imtihonlari abiturientlarning bilimini tekshirish va saralash uchun o`tkaziladimi yoki ularni imtihondan yiqitish uchun? 

Bu yilgi test imtihonlari esa hali tugamasidanoq juda ko`pchilik tomonidan tanqidlarga uchramoqda. Rost.24 ushbu mavzuni chuqurroq o`rganish maqsadida, ijtimoiy tarmoqlarda Bilim va malakalarni baholash agentligini sudga bermoqchi bo`lgan Feruza Ibrohimova bilan suhbat o`tkazdi. 

"Bilim va malakalarni baholash agentligi tomonidan qilingan birinchi xato, bu abiturientlarning ikki smenada kirgani. Chunki, birinchi smenadagi abiturientlar chiqqanidan keyin savollar tarqalib ketdi. Deyarli 30 ta to`g`ri echganlarning 80 foizi ikkinchi smenada kirganlar. 

Ikkinchi xato - savollar o`quv qo`llanmadan tuzilishi kerak deyilgan, ammo savollar umuman qo`llanmada yo`q va juda murakkab tuzilgan. Ota-onalar qancha mehnat bilan o`qitishgan farzandini, lekin hatto ancha yillik tajribaga ega yuristlar echa olmaydigan savollarni talabalar qanday echsin? 

Bilimni baholash agentligining bayonatida aytilishicha, kitobning orqasida QR kod bor deyilgan lekin qaysi maktabda qaysi ustoz o`quvchilarga QR koddan foydalanib dars bergan? Hech qaysi maktabda bunday dars o`tilmaydi. 

Metropoliten haqida savol tushgan, buni viloyatdan, qishloqdan kelgan abiturient qaerdan bilsin? 

Sanksiyalarni hattoki yuristlarning o`zi ham yodlamagan va u o`zgarib turadi. Hozir bo`lajak yuristlar ertaga O`zbekiston kelajagi bo`lishadi. Hozir ularga adolat qilinmasa, ular qanday shaxs bo`lib etishadi? Ular haqiqatga ishonishadimi? 

Testni, yoki boshqatdan o`tkazishsin yoki o`quv qo`llanmadan tashqari tushgan savollarni to`g`ri qilib hisoblab berishsin" - deydi Feruza Ibrohimova. 

Boshqa davlatlarda abiturientlar oliy ta`limga o`z sohasining mutaxassisi bo`lish uchun hujjat topshirishadi. O`zbekistonda esa, oldin mutaxassis bo`lib keyin o`qishga topshirishadimi? Aynan huquq fanidan tushayotgan savollarni, hattoki ancha yillik tajribaga ega bo`lgan huquqshunoslar ham echishda qiynaladi. Xo`sh, unda bu savollarni abiturientlar qanday echsin? Aynan huquq fanidan imtihonga kirgan abiturentlarning ham fikrini o`rgandik. 

Diyora Akbarxo`jaeva: - To`g`risi, men 2-3 yil oldin boshlaganman tayyorlanishni. Men o`zimga ishonardim, chunki men kitobni yodlab chiqqanman. Testga kirdim, birinchi bo`lib huquq fanini echdim, 3 ta ketma-ketlikda kodeksdan savollar berilgan edi, shu joyning o`zida mening ruhim sindi. Atrofga qaradim, testda o`tirgan barcha men his qilayotgan narsani his qilayotgan edi. Shu paytda bizni ruhan sindirishdi. Yil davomida men judayam qiynalib tayyorlanganman. Respublika bo`yicha hozir minglab abiturientlar norozichilik kayfiyatida. Ular ham qanchalik qiynalib tayyorlanishgan.

Bilim va malakalarni baholash agentligi o`zining rasmiy sahifasida huquqshunoslikdan tushgan savollar bo`yicha barcha savollar DTS va o`quv dasturlari asosida shakllantirilgan, deya izoh bergan. Yuqorida esa, biz test imtihonlariga kirib chiqqan abiturientlarning fikrini eshitdik. Xo`sh, ushbu mavzuga kim haqqoniy javob beradi? Kim haq-u, kim nohaq?

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
1
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар