Monopoliyaga asoslangan yana bir qonun tayyorlanmoqda

30.06.2024 10:55

Haydovchilarga qo`shimcha majburiyat yuklash uchun bu safar Sog`liqni saqlash vazirligi ishga solingan.

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga Sog`liqni saqlash vazirligining “Yo`l-transport hodisalarida jabrlangan shaxslarga tibbiy yordam ko`rsatilishini tashkil etish to`g`risida”gi (ID-101017) buyrug`i loyihasi qo`yildi.

Jamiyatda qonun sifatida kuchga kiradigan mazkur buyruq loyihasida yana bir monopoliyaning muqarrar sharpasi sezilmoqda.

Buyruq boshidagi bandlar quyidagicha boshlanadi:

1. Yo`l-transport hodisalarida jabrlangan shaxslarga ko`rsatiladigan tibbiy yordam hodisa yuz bergan joyning o`zida tibbiyot xodimlari etib kelguniga qadar birlamchi shoshilinch yordam (birinchi tibbiy yordam) ko`rsatishdan, shuningdek yo`l-transport hodisasi sodir bo`lgan joyda, davolash-profilaktika muassasasiga olib borilayotganda va davolash-profilaktika muassasasida malakali tibbiy yordam ko`rsatishdan iborat.

2. Birlamchi shoshilinch yordamni voqea joyida birinchi tibbiy yordam ko`rsatish bo`yicha maxsus tayyorgarligidan o`tgan shaxslar tomonidan ko`rsatiladi. Bunda birlamchi shoshilinch yordam ko`rsatish uchun transport vositasining salonida turishi shart bo`lgan zarur tibbiy ashyolardan foydalaniladi.

3. Birinchi tibbiy yordam ko`rsatish bo`yicha maxsus tayyorgarlikdan o`tgan shaxslarga quyidagilar kiradi:

- ichki ishlar xodimlari;

- harbiy xizmatchilar;

- milliy gvardiya xodimlari;

- favqulodda vaziyatlar vazirligining qutqaruvchilari;

- avtotransport haydovchilik guvohnomalari mavjud shaxslar.

Ushbu buyruqdan ko`rinib turibdiki, mashina haydovchilari uchun yana bir qo`shimcha majburiyat yuklanmoqda. Buyruqning 3-bandida maxsus tayyorgarlikdan o`tgan shaxslar ro`yxatiga kuchishlatar tizimlar kiritilib, oxiriga “avtotransport haydovchilik guvohnomalari mavjud shaxslar” so`zi ham imi-jimida qo`shib ketilgan.

Bu degani, mashina haydaydigan barcha O`zbekiston fuqarosi birinchi tibbiy yordam ko`rsatish bo`yicha maxsus tayyorgarlikdan o`tishi shart degan ma`noni anglatadi. Ya`ni, buyruq kuchga kirsa, mashina haydovchilari haydovchilik guvohnomasi bilan birga birinchi tibbiy yordam ko`rsatish bo`yicha maxsus tayyorgarlikdan o`tganligini isbotlovchi maxsussertifikat olib yurishga ham majbur bo`lishadi.

Maxsus sertifikat esa shundayligicha haydovchining qo`liga tutqazib qo`yilmaydi. U ham falon million so`mga bir yoki ikki haftaga o`qitilib beriladi. Aslida bunda haqiqatdan o`qigani ham muhim emas. O`qisa-o`qimasa ham “o`qidi” degan bir parcha qog`oz savdosi avj oladi. Yo`llarda GAI xodimi talab qiladigan qonuniylashtirilgan noqonuniy bir parcha qog`ozning narxi esa millionlarni tashkil etishi aniq.

Buyruqning keyingi bandlariga qaraladigan bo`lsa, haydovchi bilishi shart bo`lgan tibbiy yordamlar qatoriga Toshkent tibbiyot akademiyasida o`tiladigan darslarning barcha yo`nalishlari kiritilgan. Qisqasi, Tibbiyot akademiyasida 6 yilda o`tiladigan darslarning barchasini 6 kunda o`zlashtirdi, degan sertifikat “savdosi”ga tayyor turishimiz lozim.

Jamoatchilik tasavvuri ham ushbu monopoliyaga hozirdan tayyorlab borilmoqda. Unda ijtimoiy tarmoqlarda yo`llardagi o`limlar soni baralla yangramoqda. Hattoki, senatorlar tomonidan yo`llardagi bolalar o`limi bo`yicha aytilgan so`zlar ijtimoiy tarmoqlar orqali keng miqyosda yoyinlandi.

Xullas, mashinalardan “soqqa” qiladigan monopolistimizning yana bir monopoliyasiga tayyor turishimiz lozim.

Qaytarib aytamiz, Sog`liqni saqlash vazirining mazkur buyrug`i kuchga kirsa (kuchga kirishi aniq), mashina haydash uchun yana bir o`lpon to`lashga majbur bo`lamiz.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
106
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар