MAKTAB, YoKI REPETITOR...

08.06.2024 08:44

Mulohaza

-  Oyi, oyi telefoningizni berib turing.
-  Nima qilasan telefonni? O`zim ishlatyapman, darsingni qil.
-  Dars jadvaliga qarab uyga vazifani ko`rib olay.
-  Qani kundaligingni olib kel, baholaringni ko`raman.
-  Eee, oyiiiii, kundalik yo`q-ku bizda, shu maktabga sumkasiz borsak yaxshi bo`lar edi, ustozlarimizga o`xshab!

Bu suhbatni eshitib taajjublandim. Kasbim taqozosi sabab maktabga ko`p borib turaman... U erdagi tizim, bilim xullas hammasidan xabarim bor. O`ziga to`qrok oilaning farzandi repetitorga boradi. Yupunroq, o`rtaholroq oilaning farzandi repetitorga bormaydi.
Maktabda bilim qay tarzda olinyapti? O`zi umuman bilim olinyaptimi? Xo`p, agar bilim yaxshi berilayotgan bo`lsa, nimaga kerak yana qanchadir pul sarflab repetitorlarga borish? 

Xo`jako`rsinga dars o`tish holatlari avjiga chiqqan. O`qituvchilar bilan suhbatlashib qolsangiz o`quvchilarning maktabga kelmasligi, darsdan qochishini va davomat masalasidan “dod”deyishadi. Tanganing ikki tarafiga qaralsa, bunga faqat o`quvchi aybdor emas. Qaysidir ma`noda o`qituvchi ham aybdor bo`lmas. Jumboq tayyor,  kim aybdor unda? Ta`lim tizimdami hamma gap? 

Turli davlatlarning ta`lim tizimini o`rganyapmiz,amalda qo`llab ko`ryapmiz. Ammo oxiriga etib bormay, ikkinchi davlatning ta`lim tizimini o`rtaga qo`yamiz. O`rgan, o`rgat, amalda qo`lla qabilida. Finlyandiya ta`lim tizimi deb ko`p bora to`xtaldik. Ushbu ta`lim tizimida o`qituvchi o`quvchining ota-onasi qaerda ishlashini so`ramas ekan. U erda bolalar orasida tenglik tamoyili hukmron!Bizda esa bog`cha yoshidagi bolalardan ham ota-onasi nima ish qilishi haqida so`rashadi. Shunday bir tang holatda ekanmiz repetitorlarga talab oshsa oshadiki, aslo  kamaymaydi... 

Hayratga solgan jihati shunda-ki, ijtimoiy fanlar bo`yicha tayyorlov kurslari shu maktab darsliklarini mustahkamlash uchun xizmat qiladi. Aynan o`sha xizmat uchun birgina tarix faniga bitta bola uchun qishloq sharoitida 250 ming so`m to`lov qilinadi. Yana ikkinchi qaysidir fan uchun shuncha to`lov. Bu degani hamma oilaning ham farzandi bora oladi degani emas. Agarda shu ta`lim maktabda qoyilmaqom qilib o`tilsa, bunday toifalanish, tabaqalanishning oldi olinarmidi?

Uzoqqa bormaymiz ilgari bunday repetitor degan xizmat bo`lmagan, maktabda olingan bilimi bilan oliy ta`limga o`qishga kirgan.  Repetitorga ehtiyoj sezilmagan, o`quvchi o`z intilishi va o`qituvchining bergan bilimlarining samarasini talabalik ko`rsatib bergan.

Bugun ham mablag`ini, ham vaqtini sarflab o`quv markazlariga borayotgan yoshlarga bormang degan chaqiriqni onglariga singdirmoqchi emasman. Maktabdagi ta`lim tizimi bu qadar repetitorlarga suyanib qolganidan havotirdaman. Istalgan insoningizdan so`rab ko`ring repetiror haqida fikrini. “Repetitorga bormasa o`qishga kirolmaydi”,- degan javobni olasiz. Albatta avval pulini to`laysiz, keyin tayyorlov kurslari o`tiladi. Bu degani pulingiz bo`lmasa  o`quv markazlarida o`qiy olmaysiz. Balkim, o`quv markazlari pul berilgani uchun maktab darsliklarini sifatli ta`lim orqali mustahkamlab berayaptimi? 

O`z o`rnida ta`lim tizimi haqida gap ketar ekan, yana bir masalaga to`xtalmoqchiman! Toshkentda kunduzgi ta`lim yo`nalishida xususiy universitet, institutlarda tahsil olayotgan o`quvchilar bilan bir xonada ijarada turib qoldim. Bir xususiy universitetining tibbiyot fakultetida o`qiydigan qizlarning kun tartibini ko`rib hayratdan yoqa tishladim. Nega deysizmi? Biror marta o`tirib dars qilganini ko`rmadim, qo`lidan telefoni tushmaydi va hakozolar... Bu erda gap ko`p, qog`ozga o`ralgan holatda qoldirdim, yozishni afzal ko`rmadim! Yaqin kelajakda qaysidir shifoxonaga ishga joylashadi! 

Ilm olib o`rganadigan vaqtini bo`lmag`ur narsalarga sarflayotgan bunday yoshlarga nima deyish mumkin.? Yana tag`in tibbiyot yo`nalishidagi talabalar.! Xulosa shu-ki, universitetda ham ta`lim tizimi maqtanarli holatda emas! O`sha talabalar uchun ota-onasi tomonidan sarflanayotgan mablag`lar, o`zlari shunchaki yo`qotayotgan vaqtlari uchun achinaman! Tibbiyot sohasini o`ylashga qo`rqib qoldim qaysidir ma`noda...

Maktab irektorlari bilan o`zaro kelishuv “bitimini imzolab” farzandlarini repetitorga berish kundan-kunga ortib bormoqda. Boz ustiga oliy ta`lim tizimi bir ahvol! Nima bo`lgan taqdirda ham hamma o`z ishini o`z vaqtida qilish tarafdoriman! 

O`quvchimi, demak maktab darslarini qoyilmaqom qilib bajarsin, keyin bo`sh vaqtida qiziqqan sohasiga tayyorlansin, o`qituvchimi, u ham darsini mas`uliyat bilan o`quvchini qiziqtirib o`tib qo`ysin! “O`qishga kirsang bo`ldi” qabilida ish tutish bu yaxshilik alomati emas!

Muqaddas Saddinova

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
11
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар