Zilzila – tabiatda sodir bo`ladigan eng xavfli hodisaladan biridir. Zilzila yuzaga keladigan iqtisodiy zarar va insonlar halokati bo`yicha tabiiy ofatlar ichida birinchi o`rinni egallaydi. Rost24.uz sayti O`zbekiston hududida ro`y beradigan zilzilalar, binolarning zilzilaga qanchalik chidamliligi haqida Seysmologiya institutining Seysmotektonika-Geodinamika laboratoriyasi mudiri Ulfat Nurmatov bilan suxbatlashdi.
- Zilzilaning o`ziga yarasha darakchilari bormi?
- Albatta, o`ziga yarasha darakchilari bor. Faqat ular har doim ham bir xil bo`lmaydi. Ular har xil geofizik maydonlarda, er osti suvlarining geoz tarkibini o`rganishlarda namoyon bo`ladi, lekin jarayon juda murakkab bo`lgani uchun, har doim har xil ko`rinishda bo`ladi. Umumiy tomonlari ham bor, ammo ular shu paytda zilzila bo`ladi, degan xulosani qilishga imkon bermaydi.
- Bir yilda nechtagacha zilzila sodir bo`lishi mumkin?
- Bu zilzilaning kuchiga qarab bo`ladi. Agar kuchi 2-2.5 yoki 3 ballik zilzilani oladigan bo`lsak, bular O`zbekistonda haftasiga 30 ta, 40 ta, ba`zi paytda esa, 50-60 taga chiqib ketadi. Kuchi oshgan sari soni kamayib boradi. 4 balldan katta bo`lgan zilzilalar bir haftada Markaziy Osiyo hududida taxminan 5-6 tadan 10-12 tagacha sodir bo`lishi mumkin. 5 balldan kattalari esa ancha kam, yiliga 2-3 ta bo`lishi mumkin.
- Toshkentda magnitudasi 6,5 gacha etadigan kuchli zilzilalar sodir bo`lish xavfi bor, degan xabarlar chiqdi. Aslida bu qanchalik rost va sodir bo`lsa, qachon sodir bo`ladi?
- Buni har kim har xil tushunadi. Bu xavf ertagami? Indingami? Odamlar buni yaqin-orada sodir bo`ladi, deb qabul qildi va hammada vahima uyg`otdi. Bu zilzila aslida qachon sodir bo`ladi, bir haftadan keyinmi, bir oy yoki bir yildan keyinmi, balki 50 yoki 60 yildan keyinmi, bunga javob berish qiyin. Toshkent ham seysmik faol hududga kiradi, bu erda ham seysmik faol zona bor va tarixdan bu erlarda zilzilalar sodir bo`lib kelgan. Bundan keyin ham bo`lish ehtimolligi bor. Qachondir bo`lishi mumkin. Shuning uchun, bino-inshootlarni eng maksimal kuchga egan bo`lgan zilzilaga moslab qurishimiz kerak. Bizdan talab qilinadigani shu.
- Toshkentda 1966 yildagi zilzila takrorlansa, binolar bardosh bera oladimi?
- Oxirgi paytlarda yirik-yirik shaharlarning hududlari seysmik mikroreallashtirish xaritalari asosida loyihalashtirilmoqda. Agarda shu xaritada ko`rsatilgan maksimal ballga mos qilib qurilsa, chidab berishi kerak. Qurilganiga 50 yoki 60 yil bo`lgan binolar bor. Ular bo`yicha o`rganishlar olib borish kerak. Seysmologik ma`lumotlarga asoslanib ish ko`rilsa, maksimal zilzilaga chidab berishi kerak.