So`nggi yillarda turizm faoliyati bilan shug`ullanayotgan ayrim tadbirkorlar “Umra” safari bo`yicha reklamalarda berilayotgan va`dalarini bajarmayotgani, mehmonxona va samolyot reyslaridagi muammolar yuzaga kelmoqda.
Senatning ellik ikkinchi yalpi majlisida senatorlar tomonidan muhokama qilingan “Ayrim qonun hujjatlariga o`zgartirish va qo`shimchalar kiritish to`g`risida”gi Qonun shu kabi muammolarni bartaraf etishga qaratilgan.
Qonun bilan “Lisenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to`g`risida”gi va “Davlat boji to`g`risida”gi qonunlarga bir qator o`zgartirish va qo`shimchalar kiritilmoqda.
Jumladan, “Umra” tadbirlarini tashkil etish va o`tkazish bo`yicha yangi lisenziyalanadigan faoliyat turi joriy etilmoqda. Bunda ushbu lisenziya Din ishlari bo`yicha qo`mitasi tomonidan berilishi hamda ushbu lisenziyani olish uchun bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravari miqdorida davlat boji belgilanmoqda.
Mazkur Qonun bilan amalga oshirilishi uchun ruxsat va tegishli hujjatlarni talab etadigan faoliyat turlari qatoriga Davlat xaridlari elektron tizimi operatori faoliyatini amalga oshirganlik uchun ham ruxsatnoma olish qo`shimcha sifatida kiritilmoqda.
Shuningdek, “Umra” tadbirlarini lisenziyasiz amalga oshirgan yoki qalbaki hujjatlardan foydalangan shaxslar BHMning 200 baravarida jarima to`laydi.
Qonun senatorlar tomonidan ma`qullandi.