Matbuot erkinligi bo`yicha xalqaro reytingda pastladikmi?

16.05.2024 09:06

«Chegara bilmas muxbirlar» (Reporters Without Borders, RSF) xalqaro nodavlat tashkiloti tomonidan e`lon qilingan matbuot erkinligi bo`yicha 2024 yilgi yangi reytingda O`zbekiston 180 ta davlat ichida 148-o`rinni egallagani aytilgan edi. 2024 yilgi reytingga ko`ra, mamlakat 2023 yilgi reytingdagi o`rnidan birdaniga 11 pog`ona pastlagani aytilmoqda.

Rost24 mazkur mavzu bo`yicha 14 may kuni o`tkazilgan “Oltin qalam” XVIII Milliy mukofoti g`olib va sovrindorlarini taqdirlash marosimida O`zbekiston mediasida o`z o`rniga ega jurnalistlar fikri bilan qiziqdi.

Bu yil xalqaro nodavlat tashkilotlari tomonidan e`lon qilingan matbuot erkinligi bo`yicha reytingda O`zbekiston 11 pog`ona pastlagani aytilmoqda. Bunga sabab nima deb o`ylaysiz?

Ismat Xushev, "Dunyo o`zbeklari" internet nashrining rahbari:
– O`zbekistonning yutuqlarini ko`rolmay xorijda yurgan ba`zi alamzada kishilar bor. Davlatning matbuotiga baho beruvchi institutlar ko`proq ularga quloq soladi. Mamlakat ichidagi o`zgarishlarni ko`rib baho beruvchi institutlar ham xatoga yo`l qo`yayotganini, O`zbekistondagi yutuqlarni ko`rolmayotgan OAVga quloq solayotganini yorqin namunasi bu. Hozir hokimlar, oddiy odamlar birgina xato ish qilib qo`ysa, butun dunyo bilyapti, qachon bo`lgan bunday hol? Hozirda xolis, iste`dodli jurnalistlar qolyapti, ig`vogarlik qilayotganlar qamalayapti, bundan keyin ham qamaladi. Kechagina gapirishni o`rgangan "molokosos"lar efirga chiqib, xalqqa aql o`rgata boshladi. Biz 30 yil, 40 yil jurnalistikaning nonini eb, endi nom qozonyapmiz.

– O`tgan yilgi va bu yilgi so`z erkinligida qanday farq bor?

– Biz hali o`tgan 27 yilda demokratik jamiyat qurdik, deyolmaymiz. O`zbek xalqi o`tgan 27 yilda eng xarob xalqqa aylandi, fikrini aytgan jurnalistlar qamaldi yoki menga o`xshab xorijga badarg`a qilindi. Biz endi, Mirziyoev davriga kelib, demokratiya nimaligini, so`z erkinligi nimaligini o`rganyapmiz. Bizda o`zbek xalqi o`rganib qolgan, kim chiqib tanqid qilsa, shunga qarsak chaladi, maqtaganlarni sotqin deydi.  Juda ko`pchilik menga davlatga sotilgansan deydi, lekin men Karimov davri bilan bugungi o`zgarishlarni solishtirib efir qilaman. Hech bir o`zbek jurnalisti 2-3 soat jonli efir qilmaydi.

Nuriddin Jabiev, O`zJOKU dekani:
– Har yili har xil ko`rsatkichga ega bo`ladi. O`zbekistonda so`z erkinligi yildan yilga yaxshilanyapti. Qonun doirasida faoliyat yuritmagan jurnalistlar bo`ladimi, blogerlar bo`ladimi, ular albatta mas`uliyatini his qilgan holda javobini ham berishadi. Bu yil pastlagan bo`lsa, keyingi yil ko`tariladi.

Abror Zohidov, "Ishonch" internet sayti bosh muharriri:
– Bu judayam qiyin savol. 5-6 yil oldin biz so`z erkinligi bo`yicha qanot yozib chiqayotgan bo`lsak, oxirgi 2-3 yilda yana pastga sho`ng`ishni boshladik. Agar so`z erkinligi shu  darajada davom etadigan bo`lsa, bizga" Oltin qalam"ning keragi yo`q.

Sherzodxon Qudratxo`ja, O`zJOKU rektori:
– Men o`z mamlakatimning reytingini o`zim bilaman. Bizga kelib reyting o`tkazib ketish, uni e`lon qilish to`liq haqiqat emas. 36 yillik faoliyatim davomida, oxirgi 5-6 yilda so`z erkinligi yaxshi ko`rsatkichda. Shuning uchun biz o`z standartlarimizni ishlab chiqarishimiz kerak va uni o`zimiz o`lchashimiz kerak.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
0
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар